Ukraina va Rossiya o‘rtasida 103 nafardan asir almashildi (video)

Ukraina va Rossiya o‘rtasida 103 nafardan asir almashildi.
Rossiya va Ukraina o‘zaro 103 nafar harbiy asirni almashdi. Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Moskva 103 nafar asirdagi harbiyni qaytargan bo‘lsa, Ukraina ham xuddi shuncha rossiyalik harbiy xizmatchini ozod qilgan. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil Yana Lantratovaning matbuot xizmati “RBK” nashriga almashinuv tafsilotlarini oshkor qildi. Almashinuv Belarusning Gomel viloyatidagi “Novaya Guta” nazorat-o‘tkazish punktida amalga oshirilgan. Ukraina asirligidan qaytgan rossiyalik harbiylar hozirda shu yerga joylashtirilgan bo‘lib, ombudsman ular bilan ish olib bormoqda.
Lantratovaning so‘zlariga ko‘ra, ozod etilganlar orasida 31 nafar yarador, shuningdek, ko‘p farzandli otalar va juda yosh yigitlar ham bor. Mudofaa vazirligi barcha harbiylarga zarur psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi. Shundan so‘ng ular vazirlik muassasalarida davolanish va reabilitatsiya o‘tash uchun Rossiyaga olib ketiladi.
Almashinuv chog‘ida Lantratova Ukraina Oliy Radasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets bilan uchrashdi. Tomonlar bedarak yo‘qolganlar ro‘yxati va asirlarning yaqinlaridan kelgan xatlarni bir-birlariga topshirdi. Shuningdek, ular keyinchalik asirlarga posilkalarni yetkazib berishga kelishib oldilar.
Bungacha bo‘lgan asirlar almashinuvi 26-iyun kuni “160 ga 160” formulasi bo‘yicha o‘tkazilgan edi. 13-avgust kuni esa Kiyev 24 nafar, Moskva esa 261 nafar askarlar jasadini qaytargandi.

