Layfstayl

«Harbiy bölişni orzu qilardim» - saraton bilan kuraşgan 17 yoşli Azizbek hikoyasi

Ohangaronlik Azizbek Rahimov bolaligida harbiy bölişni, boks böyiça jahon çempionligini qölga kiritişni orzu qilgan. Ammo 12 yoşida aniqlangan suyak saratoni uning hayotini özgartirib yubordi. Kimyoterapiya muolajalari, oyoğidan ayrilib qoliş xavfi va uzoq davolaniş jarayonini boşdan keçirgan ösmir bugun texnikumda öqiyapti, rasm çizyapti va ukasiga IT kursda örgangan bilimlarini örgatyapti.

«Harbiy bo‘lishni orzu qilardim» — saraton bilan kurashgan 17 yoshli Azizbek hikoyasi

Suhbat chog‘ida Azizbek bolalikdagi orzulari, kasallik bilan kurashi va og‘ir kunlarda unga dalda bo‘lgan insonlar haqida so‘zlab berdi.

«Oyoğimdan ayrilib qolishim mumkinligini aytishdi»

Azizbek bolaligidan sportga qiziqqan. Boks bilan shug‘ullanib, xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishni, kelajakda esa Milliy gvardiya safida xizmat qilishni istagan.

«Bolalikdagi orzum vatan himoyachisi bo‘lish edi. Harbiy bo‘lishni, Milliy gvardiyada ishlashni xohlardim. Boks bo‘yicha jahon chempioni bo‘lib, yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishni orzu qilardim», — deydi u.

Biroq Azizbek 12 yoshligida oyog‘ining tizza ostida shish paydo bo‘ladi. Dastlabki tekshiruvlarda bu suyak o‘sishi bilan izohlangan va o‘sha joy operatsiya qilingan. Oradan uch oy o‘tgach esa shu qism ko‘kara boshlagan.

Keyingi tekshiruvlarda Azizbekka osteosarkoma — suyak saratoni tashxisi qo‘yiladi. Shundan so‘ng shifoxonadagi muolajalar, kimyoterapiya va uzoq davolanish jarayoni boshlanadi.

«Respublika onkologiya markazida besh marta kimyoterapiya oldim. Shifokorlar zudlik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazish kerakligini aytishdi. Oyog‘imdan ayrilib qolishim ham mumkin edi. Bu gaplarni eshitib, tushkunlikka tushib qoldik», — deya eslaydi Azizbek.

Ovunchog‘i — rasm chizish

Davolanish davrida Azizbekka ota-onasi bilan birga «Sen kuchlisan» jamoasi ham ruhiy ko‘mak bergan. Ular o‘smirni rasm chizishga jalb qilishgan, suratlarini auksionga qo‘yishgan.

Rassomchilik Azizbekning bugungi hayotida ham alohida o‘rin tutadi. Onasining aytishicha, o‘g‘li ichidagi kechinmalarini, aytmoqchi bo‘lgan gaplarini qog‘ozga tushiradi.

Kasallik bilan kechgan kurashda Azizbek uchun eng katta suyanchlardan biri oilasi bo‘lgan. Hayot uning uchun nimani anglatishi haqidagi savolga ham u, avvalo, yaqinlarini tilga oladi.

«Hayot men uchun — ota-onamning baxti, oilamning xursandchiligi. Bular birinchi o‘rinda turadi. Kasal bo‘lib qolganimda ota-onam yonimda bo‘lishdi», — deydi Azizbek.

«Hozir o‘qishga borib-kelib yuribdi»

Azizbekning onasi o‘g‘lining ahvoli yaxshilanganidan xursand. Uning aytishicha, davolanish paytidagi shishlar qaytgan. Oila muntazam tibbiy tekshiruvlarni davom ettiryapti.

«Bemor paytida o‘g‘limning yuzlari to‘lishib, shishib ketgandi. Hozirgi holati ancha yaxshi, shishgan joylari qaytdi. Har ikki-uch yoki olti oyda tekshiruvlardan o‘tib, rentgenga tushib turamiz. Hozir texnikumning ikkinchi kursida o‘qiyapti. O‘qishga borib-kelib yuribdi», — deydi onasi.

Azizbek o‘rganayotganlarini ukasiga ham o‘rgatadi. Akasining qiziqishlari kichik farzandni ham kompyuter va axborot texnologiyalari sohasiga qiziqtirgan.

«Ikkinchi farzandim ham akasiga mehribon. U ham akasi kabi kompyuterni, IT sohasini o‘rganmoqchi. Akasi hozircha o‘zi bilganlarini o‘rgatib turibdi», — deydi ona.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.