“Ular oromgohda 15 yoshida tanishgan”. Rayhon Ulasenova o‘g‘lining to‘yi va ijtimoiy tarmoqlardagi negativ izohlar haqida

“Ular oromgohda 15 yoshida tanishgan”. Rayhon Ulasenova o‘g‘lining to‘yi va ijtimoiy tarmoqlardagi negativ izohlar haqida
Taniqli aktrisa va boshlovchi Rayhon Ulasenova shu yilning 7-avgust kuni o‘g‘li Azizbekni uylantirdi. Qaynonalik maqomiga erishgan aktrisa ilk bor intervyu berib, yoshlarning sevgi tarixi, tog‘da o‘tkazilgan Marry me marosimi hamda dabdabali nikoh oqshomi haqida so‘zlab berdi.
“Uyimizga quyosh kirib kelgandek bo‘ldi”
— Men deyarli har kuni to‘y xizmatlariga chiqaman. Shunda kelin-kuyovlarni ko‘rib, qo‘limni duoga ochib, mening farzandlarimga ham shunday chiroyli kunlar nasib qilishini so‘rardim. Mana shu havasimga erishdim. Har bir narsa havas va niyatdan boshlanarkan, har kimning to‘yi rizqiga yarasha bo‘larkan. Farzandlarimning rizqi shunaqa ekan va mening havasim shu qadar yuksak bo‘lganki, u juda go‘zal tarzda, o‘zimiz xohlagandan ham chiroyli o‘tdi. Hozir uyimizga quyosh kirib kelgandek bo‘lgan, deydi aktrisa intervyu boshida.
“Ular yozgi oromgohda tanishishgan”
Aktrisa o‘g‘li Azizbek va kelini Azizaxonning bolalar oromgohida boshlangan sevgi qissasi haqida gapirib berdi.
— Ta’tilga chiqqandan keyin farzandlarimiz yozgi oromgohga borishardi. Oromgoh odatda 14 yoshgacha bo‘ladi. O‘g‘lim 15 yoshga to‘lgan yili men ham boraman, singlim boryapti-ku deb janjal qilgan. Keyin turmush o‘rtog‘im ishxonasidan oromgohga yo‘llanmani maxsus sotib olib bergan.
O‘sha yili Azizaxon ham 15 yoshga to‘lgan bo‘lgan, unga ham borish taqiqlangan. Lekin uning ota-onasi ham yo‘llanma sotib olib bergan. O‘g‘lim va Azizaxon birinchi marta o‘sha oromgohda ko‘rishib, tanishishgan. Azizaxonning akasi bor, o‘g‘lim u bilan ham do‘st bo‘lishgan. Keyingi yil yana gaplashib olishgan, mana shu smenasiga boramiz, deb. Har yili borib, do‘st bo‘lib, bu do‘stlik asta-sekin sevgi va muhabbatga aylangan, deya so‘zlab berdi Rayhon Ulasenova o‘g‘li va kelinining sevgi tarixini.
“Sovchilikka boraman deb, samolyot reysimni kechiktirganman”
— Sovchilikka borishimiz ham qiziq bo‘lgan. Onamga siz qo‘ng‘iroq qilib gaplashib, Ulasenovlar oilasi ekanimizni bilishmasin, shunchaki qizini yoqtirib qo‘ng‘iroq qilayotgan odamlar deb o‘ylashsin dedim. Kuyov o‘qiganmi, ishlaydimi, deb so‘rashdi. Ularga ma’qul kelganidan keyin bir kunni belgilab, borishga kelishdik. Ularning ishi tufayli boshqa sanaga o‘tib ketdi. Turkiyaga dam olishga uchib ketishim kerak edi, “Oyi, qo‘ng‘iroq qiling, ertaga ketishim kerak, ungacha borib kelay”, dedim. Oyim gaplashsalar, ertaga kelinglar, deyishibdi. Samolyot reysim esa 7:40 da edi. Qizimni dugonam bilan uchirib yubordim-da, “Meni Istanbulda kutib turinglar, men hozir kelaman” dedim (kulib). O‘zim sovchilikka kirib chiqib, tushdan so‘ng soat beshda uchadigan bo‘ldim. O‘n besh daqiqa gaplashib, ketaman degan joyimda bir yarim soat qolib ketdik. Bir haftadan so‘ng o‘g‘lim ham keldi, qizning otasi bilan gaplashdi. Shundan keyin rasman yana bir marta borib, oq o‘rar marosimini o‘tkazib keldik, deya so‘zlab berdi Rayhon Ulasenova.
“Azizaxonning suratini ko‘rib o‘z qizim Mohinur deb o‘ylaganman”
Ijtimoiy tarmoqlarda kelinni Rayhon Ulasenovaning o‘z qiziga o‘xshatib izoh yozganlar ko‘p bo‘ldi. Aktrisaning o‘zi ham kelinini ilk bor ko‘rganida hayratlanganini aytib berdi.
— Sovchilikka birinchi borganimda Azizaxonning suratini ham hali ko‘rmagan edim. Borib kelganimizdan keyin o‘g‘limga kelinning rasmini tashla, kimni bunchalik sevib qolding, ko‘ray, dedim. Shundoq tashladi, qizimning rasmi keldi-da. Yo‘q, Mohinur emas, Azizaxonning rasmini tashla, dedim. Oyi, shu Aziza, dedi. Shokda qoldim. Shahobiddinovlar degan oilaviy guruhimiz bor, shunga tashlasam, Mohinurning qoshi o‘zgarib qolibdimi deyishdi. Bu Azizaxon desam, ular ham hayratda qoldi. Agar yaxshilab qarasangiz, o‘xshamaydi aslida. Lekin bir qarashda juda o‘xshash. Kelinim bizning oilamiz a’zolariga o‘xshar ekan. Shu darajada Allohning chevarligini qarang, qudam bizning oilaga mos qilib shunaqa chiroyli farzand tug‘gan ekan, shu qiz bizga nasib qildi, deydi Rayhon Ulasenova kelini haqida.
“Marry me uchun to‘qima voqealar o‘ylab topdik”
— Yoshlarning Marry me marosimini aynan ular tanishgan oromgohda uyushtirib, tasvirga oldik. Menga “Rayhon opa, shuni Toshkentda qilsak bo‘lmaydimi, sovuq, qor, u yoqqa borganimizcha vaqt ketadi”, deyishdi. Yo‘q, dedim. O‘sha oromgohda tanishishgan, o‘sha yerda bo‘lsin, dedim.
Unga yana o‘zimizcha “istoriya” o‘ylab topdik.
Turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashib, sovchilikka bordik. Menimcha, u shu yillar davomida nafaqat o‘qidi, balki katta hayot va oilaviy mas’uliyatga ham tayyorlandi, deydi aktrisa.
“O‘g‘limning qo‘shiq aytganini noto‘g‘ri deb hisoblashyapti, ammo…”
— Ijtimoiy tarmoqlarda nikoh oqshomida kuyov Ozodbek Nazarbekovning “Sarson” qo‘shig‘ini berilib kuylagani videolari tarqaldi va turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.
— O‘g‘lim Azizbek aslida media odami emas. O‘zi jiddiyroq yigit bo‘lgani uchun ijtimoiy tarmoqlarga suratini joylasam ham, yoqtirmasdi. To‘yi kuni videolar olinganida, shundagina tarmoqlarda ko‘rinish berdi. O‘zi yaxshi ko‘rib uylangani uchun, menimcha, emotsiyalarini samimiy ko‘rsata oldi. Ko‘pchilik “Nega bu yigit shunchalik emotsional, o‘zini bunchalik ochiq ko‘rsatadi?” deb savol berdi. Izohlarda ham odamlar ikki xil fikr bildirdi. Kimdir havas bilan qarab, mana, haqiqiy muhabbatini ochiq ifoda eta oladigan yigit, dedi. Boshqalar esa buni noto‘g‘ri deb hisoblashdi.
Farzand tarbiyasida bir narsani tushunganman — bolalar siz aytganingizni emas, qilganingizni ko‘proq o‘rganadi. Qush uyasida ko‘rganini qiladi, degan gap bor. Farzand ota-onasining munosabatini ko‘rib ulg‘ayadi va keyinchalik o‘z oilasida ham shuni takrorlaydi. Bizning oilamizda bir-birimizga mehrimizni ochiq ko‘rsatish, yaxshi ko‘rsak, yaxshi ko‘raman deyish, yoqmasa yoqmadi deb ochiq gapirish hech qachon man qilinmagan. Turmush o‘rtog‘im ham, men ham, farzandlarimiz ham o‘z his-tuyg‘ularimizni yashirmaganmiz. Shuning uchun ular ham muhabbatini omma oldida ko‘rsatishdan uyalmaydi.
“Oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich” degan gap bor. U o‘zining halol turmush o‘rtog‘i, xohlasa raqsga tushadi, xohlasa unga atab qo‘shiq aytadi. Bizda muhabbat shunday ifodalanadi. Farzandlarimizda ham oilamizdagi shu muhabbat formulasini ko‘rdik, deydi Rayhon Ulasenova.
“O‘g‘limga boshqalarning mehnati ko‘proq singgan”
— Kelin salomda xonanda Malika Ravshanovadan “Bu mening onam” qo‘shig‘ini aytishini iltimos qildim. Faqat uni menga yoki qudamga emas, onamga, qaynonamga, qaynopamga, singillarimga bag‘ishlab aytishini so‘radim. Chunki farzandlarimni, ayniqsa Azizbekni ulg‘aytirishda bu insonlarning hissasi juda katta.
Men bolamni bir yarim yoshgacha ona suti bilan boqib, keyin gastrol safarlari, festival va turli tadbirlar sabab chet elma-chet el yurib ishladim. Shu paytlarda farzandimga oilam mehr berib, qarab turdi. Qaynonam bog‘chadan olib kelardi, ovqatini tayyorlardi, sayr qildirardi. Hatto teatrda spektakl paytida antraktga chiqqanimda, qaynopam bolani emizishim uchun olib kelib, keyin yana olib ketardi.
Men ishlashim uchun qaynonam juda katta yordam bergan. Ba’zan ovqat qilishga ulgurmay qolganimda, yo‘lda “kastrulka” bilan kutib turardi, kechki ovqatga shuni eriga bersin deb. Singlim Zulayho ham hali yosh bo‘lishiga qaramay, bolaga qarashib, o‘z bolaligidan kechgan paytlari bo‘lgan. Oyxon esa meni bolam bilan konservatoriyaga qatnab yurgani uchun turmushga chiqmay bolali bo‘lib olibdi, degan gap-so‘zlarga qolib ketgan.
Shuning uchun kelin salom kuni hammaga alohida minnatdorlik bildirdim. Qo‘shiq orqali ham, sovg‘alarim orqali ham ularga rahmat aytdim. Chunki bir bolaning shunday mehr va muhabbat ichida ulg‘ayishida faqat ota-onaning emas, butun oilaning hissasi bor. Men buni hech qachon unutmayman, deydi Rayhon Ulasenova.
Rayhon Ulasenova qanday qaynona bo‘lyapti?
— Qaynonam hech qachon menga zulm o‘tkazmagan. Aksincha, doim asrab-avaylab, hamma joyda erka kelin bo‘lib kelganman. O‘zim ham duolarimda “Ey Xudoyim, yaxshi, adolatli qaynona bo‘lay”, deb so‘rayman. Chunki ota-ona qizini oq yuvib, oq tarab, o‘qitib, voyaga yetkazib, sizning oilangizga omonat qilib kuzatganidan keyin bu omonatga qanday qilib xiyonat qilasiz?
O‘g‘limga ham buni ko‘p takrorladim. “Bolam, unutma, sening ikkita singling bor. Kelinga qilganing, bir kun kelib singillaringga ham qaytadi”, deb aytdim. Turmush o‘rtog‘im esa yoshlar alohida yashashiga qarshi bo‘ldi. Men alohida yashashsin, desam, bitta o‘g‘limiz bor, biz bilan yashasin, uyimiz katta-ku”, dedi.
Hozir esa yoshlarni asal oyiga kuzatib yubordik. Keyin Antaliyadan Moskvaga uchib ketishadi. O‘g‘lim yana bir institutga o‘qishga kirdi, kelinim ham Moskvada magistraturaga kirdi. Ikkalasi ham o‘qishini davom ettirib, Moskvada yashashadi, deydi aktrisa.
“Qizimni so‘raganlar ham ko‘p bo‘lyapti”
— O‘zimning qizimni so‘rayotganlar ham ko‘p bo‘lyapti. Dadasi esa hali yosh-ku, deydi. Endi 19 ga kiryapti. Sovchilarga onamning raqamini berib yuboryapman, kattalar hal qiladi, deb. Baribir oilalar oilalarga mos kelishi kerak, qarashlari bir-biriga to‘g‘ri kelishi kerak. Shu taraflari o‘zimizga mos bo‘lgan, qarashlarimiz bir xil bo‘lgan oilalarga onam manzilimizni beryaptilar, kelishyapti, deydi Rayhon Ulasenova.

