“Amerikaga borib, sartaroshlik qilmoqchi bo‘lganman”. Aziz Rajabiy hayotini o‘zgartirib yuborgan voqea va qizini uzatgani haqida

“Amerikaga borib, sartaroshlik qilmoqchi bo‘lganman”. Aziz Rajabiy hayotini o‘zgartirib yuborgan voqea va qizini uzatgani haqida
O‘zbek milliy musiqasi, maqom va teatr san’atiga katta hissa qo‘shgan Rajabiylar sulolasi vakili, xonanda Aziz Rajabiy “Navo” telekanaliga intervyu berdi. Suhbatda u bolaligi, hayotini o‘zgartirib yuborgan voqea hamda ajdodlari haqida so‘zlab berdi.
**“Amerikada sartaroshlik qilmoqchi edim”**
Bu 2001-yilga to‘g‘ri keladi. O‘sha paytda o‘zimni izlab yurgan, qariyb 10 yil musiqachilik qilib, keyin biznes bilan shug‘ullana boshlagan davrim edi. Bir tanishim Amerikaga o‘qish bahonasida borishni taklif qildi. Hujjatlarimni tayyorlab, suhbatga kirdim. Suhbat yaxshi o‘tdi, lekin oxirida “Sizga rad javobini beramiz”, deyishdi. Tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib, muzday bo‘lib chiqib ketdim.
O‘sha paytda uylangandim, bir o‘g‘lim bor edi. Amerikaga borib, hayotim o‘zgaradi, deb o‘ylagandim. Sartaroshlikni ham bilardim, borib yaxshi pul topaman, deb o‘zimcha hisob-kitoblar qilgandim. Lekin o‘sha rad javobi hayotimni boshqa tomonga burib yubordi. Avvaliga xafa bo‘ldim, keyin esa “Demak, men ashula aytishim kerak ekan”, degan fikrga keldim. Dadam ham doim “Sen qo‘shiqchi bo‘lishing kerak. Bobong ham, men ham qo‘shiqchimiz”, derdilar.
Shundan keyin 2001-yilda “Kuygay” qo‘shig‘ini ijro qildim. Do‘stlarimga yoqib, yana qo‘shiq aytishimni so‘rashdi. Keyin yana buyurtmalar tushdi. Shunday qilib, o‘zim ham bilmay, xonanda bo‘lib qolibman. Bugun meni Rajabiylar sulolasining davomchisi sifatida e’tirof etishadi. O‘ylab qarasam, o‘sha paytdagi rad javobi ham bekorga bo‘lmagan ekan. Hozir esa Amerikaga deyarli har yili boramiz, faqat endi ishlagani emas, sayohat qilgani, deydi u.
Aziz Rajabiy yoshligingizdagi o‘zi bilan suhbatlashish imkoniyati bo‘lsa, unga nima degan bo‘lardi?
— Bolaligimda og‘ir-bosiq bola bo‘lganman. Avval vaziyatni o‘rganib, hammasini tushunib olardim, keyin kerak bo‘lsa to‘polon ham qilardik, sho‘xlik ham qilardik. Bolalarcha yugurib, futbol o‘ynab, ko‘chada changitib yuradigan paytlar bo‘lgan. Umuman, energiyam ko‘p bo‘lgan.
Farzandli bo‘lib, uning tarbiyasi bilan shug‘ullana boshlagach, odam o‘zida bo‘lmagan narsalarni farzandiga berishni, o‘zi erishmagan narsalarga farzandi erishishini xohlar ekan. Men ham bolamda o‘zimdagi kamchiliklar bo‘lmasligini istayman.
Men juda erkin katta bo‘lganman. Ota-onam menga ko‘p narsada erkinlik berishgan. Darsingni qil, deb aytishardi, lekin qilmasam, qattiq nazorat qilishmasdi. Keyinchalik ustozlarim ham “Darslaringni vaqtida qilmayapsan, hozirdanoq o‘z ustingda ishlashni, fe’l-atvoringni shakllantirishni o‘rgan. Bu kelajakda senga kerak bo‘ladi”, deb ko‘p aytishgan. O‘sha paytda “Kelajakda nima bo‘lardi?” deb o‘ylardim. Hozir tushunyapmanki, inson yoshligidan o‘ziga berilgan vazifani vaqtida bajarishga o‘rgansa, bu odat katta bo‘lganida ham davom etar ekan, deydi xonanda.
**“Qizimni uzatayotganimda yig‘lamadim, keyin esa...”**
— Do‘stlarimning qizlarini uzatish marosimlarida orqada turib, ko‘zimga yosh kelib yig‘lab qolardim. O‘shanda hali o‘zim qiz uzatmagan edim. “O‘zimning qizimning to‘yi bo‘lsa, juda qiyin bo‘lsa kerak”, deb o‘ylardim. Keyin o‘zim qizimni uzatdim. To‘yda “Qizim” qo‘shig‘imni o‘zim ijro etdim. Qizim kuyov bilan yonimdan o‘tib ketdi, xayrlashdik, hatto mashinaga o‘tirib ketayotganida ham ko‘zimga yosh kelmadi. Chunki men xursand edim. “Xudoga shukur, qizimning joyi chiqdi, o‘zimizga mos insonlar bilan quda bo‘lyapmiz. Yaxshi oilaga tushib, baxtli bo‘lsin”, degan xursandchilik hissi bor edi.
Oradan bir-ikki hafta o‘tib, tadbirlar bilan Namangan viloyatiga bordik. O‘sha yerda “Qizim” qo‘shig‘ini aytadigan bo‘ldim. Qo‘shiq yangray boshlagach, birdan yig‘lab yubordim. O‘zimni bosolmay, qo‘shiqning oxirigacha yig‘ladim.
Tadbirda o‘tirgan muxlislar ham hayron bo‘lishdi. Yig‘idan gapirishga qiynalib, ularga “Hayron bo‘lmanglar, men qizimni uzatgan edim. Oradan ikki hafta o‘tdi, qizimni shunchalik sog‘inibman”, dedim. Qo‘shiqni aytayotganimda qizimning bolaligidan tortib, uni voyaga yetkazgunimcha bo‘lgan barcha kunlar ko‘z oldimdan o‘tdi. Shuni eslab yig‘ladim. Mening holatimni ko‘rgan davradagi ayollarning ko‘pchiligi ham men bilan birga yig‘lashdi. Hatto “Qizingiz baxtlimi?” deb so‘rashdi. “Alhamdulilloh, qizim baxtli. Shunchaki, uni juda sog‘inibman”, dedim. Shundan keyin qo‘shiqchi aytayotganimda taxminan olti oylar yig‘lab kuyladim, deydi xonanda.
**Mashhurlik ijod qilishga yanada yordam beradimi yoki xalaqit qiladimi?**
— Menimcha mashhurlik ijodga xalaqit qilmaydi. Bu ham ne’mat, ham nasiba. Juda katta mablag‘ sarflab, nomi chiqmagan insonlarni ham ko‘rganman. Aksincha, bitta qo‘shiq bilan tanilib, mashhur bo‘lib ketgan san’atkorlar ham bor.
Inson mashhurlik kelganda o‘zini yo‘qotib qo‘ymasligi kerak. Ba’zan odam aslini, kimligini unutib qo‘yadi. Ana shu paytda mashhurlik xavfga aylanishi mumkin. Yunus Rajabiy ham o‘z davrining eng mashhur insonlaridan biri bo‘lgan. Lekin farzandlariga doim “Kamtar bo‘linglar. Qancha yuqoriga chiqsangiz, shuncha egilinglar, yerga yaqin bo‘linglar”, deb uqtirgan ekanlar.
Men buni otamda ham, amakilarimda ham ko‘rganman. Obid Yunusov, otam va boshqa yaqinlarimiz juda mashhur bo‘lishgan, lekin ularda kibr bo‘lmagan. Ular mashhurlikdan to‘g‘ri foydalanishgan. Menimcha, eng muhimi ham shu — inson mashhur bo‘lsa ham, o‘zligini va kamtarligini yo‘qotmasligi kerak.

