“Yulduz to‘yida meni ko‘rib yig‘lab yuborganining sababi bor”. Adiz Rajabov muhokamalarga sabab bo‘lgan voqea hamda oilasini ommaga nega ko‘rsatmasligi haqida

“Yulduz to‘yida meni ko‘rib yig‘lab yuborganining sababi bor”. Adiz Rajabov muhokamalarga sabab bo‘lgan voqea hamda oilasini ommaga nega ko‘rsatmasligi haqida
O‘zbek kinosining eng talabgir aktyorlaridan biri bo‘lgan, “Super kelinchak”, “O‘zimdan o‘zimgacha”, “Poyma-poy”, “Farzandim” kabi filmlar orqali mashhurlikka erishgan Adiz Rajabov “Shaxsiy chegara” loyihasiga intervyu berdi. Suhbatda u Instagram’dagi faoliyati, oilasini ommaga ko‘rsatmaslik sababi, aktrisa Yulduz Rajabova bilan munosabatlari hamda hamkasblari qatorida turib, prezidentdan mukofot olmagani haqida so‘z yuritdi.
“To‘y xizmatlariga zarurat tufayli chiqiladi”
Xalq orasida aktyorni faqat kinoteatrda yoki teatr sahnasida ko‘rish mumkin degan qarash bor. Adiz Rajabovni qayerlarda uchratish mumkin?
Aktyorni to‘y xizmatida, boshlovchilikda ko‘ryapsizmi — demak, u shunchaki o‘ynab-kulish uchun emas, zarurat sabab boradi. Bunga ish sifatida qaraladi va shu orqali xalq xizmatida bo‘ladi. Siz o‘zingizni qanday ko‘rsatsangiz, chegaralaringizni qayergacha qo‘ysangiz, odamlar ham buni shunday qabul qiladi.
2018-2019-yillargacha to‘y xizmatlariga chiqqanman, shunda ham ko‘p emas. Ko‘proq kino, reklamalarda suratga tushganman. Reklama tushunchasi ham o‘sha paytlarda butunlay boshqacha edi. Kinoda biroz tanaffus bo‘lgan davrlarda — 2016-yillarda “Diydor” teatr studiyasiga ishga kirganman. Men bilan Alisher Uzoqov, Akbarxo‘ja Rasulov, Yulduz Rajabovalar ham bor edi. Bahodir Yo‘ldoshev qo‘lida yaxshi ta’lim oldik, deydi Adiz Rajabov.
“Instagram orqali yaxshi daromad topyapman”
O‘zini va kasbini hurmat qilgan holda faoliyat yuritish mumkin. O‘zim ham bir-bir yarim yildan beri Instagram sahifamni faol yurityapman. Kinodan chiqqanim uchun kinokontent, kinoreel, turli mavzulardagi rubrikalarda video olib kelyapman. Ibratliroq mavzularni ko‘proq tanlasam-da, biroz yumorga yo‘g‘rilganlari ham bor — o‘zimning yuzimni, obro‘yimni saqlagan holda va eng muhimi, tomoshabinimning g‘ashiga tegmagan tarzda. Hamma o‘z tanlovini qiladi. Men ham nimani eksam, shuni o‘ryapman.
Hozir Instagram orqali harakatimga yarasha yaxshi daromad topaman, shukr. Shaxsiy mavzular umuman yo‘q, sababi mening pozitsiyam shunday, deydi aktyor.
“Yulduz Rajabova to‘yida meni ko‘rib yig‘lab yubordi”
Aktrisa Yulduz Rajabovaning nikoh to‘yida hamkasbi Adiz Rajabov uni tabriklash uchun kelganida, kelinning yig‘lab yuborgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. Bu holat kuzatuvchilarda “Adiz kelganida Yulduz nega uyalib ketdi? Ular avval sevishganmi?” kabi savollarni tug‘dirgandi. Adiz Rajabov esa bu holatga ham izoh berdi.
— Yaqinda Yulduz Rajabova singlimning nikoh to‘yi bo‘ldi. Yoniga borib, tabriklaganimda yig‘lab yubordi. Shundan so‘ng ko‘pchilikda ular bir-birini yaxshi ko‘rarmidi kabi savollar tug‘ildi. Yo‘q, Yulduz mening singlimdek. U ham meni o‘z akasidek ko‘radi. Biz kinoning ham, teatrning ham past-u balandini birga ko‘rdik. Vaqt o‘tgan sari inson bir-biriga qadrdon bo‘lib qoladi. Buni yomon narsa deb yo‘yish kerak emas. O‘sha paytda o‘zim ham singlisini uzatayotgan akadek g‘alati ahvolga tushib qoldim, deydi aktyor.
“Oilamning ortidan shov-shuv qilmayman”
Adiz Rajabov oilasi haqida gapirishni istamaydigan san’atkorlardan biri. Bu nimaga bog‘liq?
Oilaliman, farzandlarim bor. Menimcha, shuning o‘zi yetarli. Men oilam bilan shov-shuv qilishni xohlamayman. Bunday narsalarga g‘ashim keladi, rosti. Tushunaman, tomoshabinga aktyorning shaxsiy hayoti qiziq, lekin mening muxlislarim mening qarorimni hurmat qilishadi, deydi aktyor.
“Farzandlarim san’atkor bo‘laman desa…”
Amaliy emas-u, maslahat jihatidan yordam bera olaman. Sababi iqtidori bor inson baribir ko‘zga tashlanadi. Balki, besh-o‘n yildan so‘ng qarorim o‘zgarar. Lekin hozirgi holatimda farzandimning tanlovini hurmat qilaman. Sababi bir paytlar mening ota-onam ham qiziqishlarimni qo‘llab-quvvatlagan, deydi Adiz Rajabov.
“O‘zbek kinosi rivojlanmayotgani meni juda qiynaydi”
Qaniydi, hozirgi o‘zbek kinosining bunday ahvolga tushib qolganining aniq sababini bilsam. Bu menimcha butun dunyodagi tendensiya. Rossiya, Yevropa, Bollivud, Gollivuddagi filmlarni umumiy olib qarasak, 2000-yillardagi xit darajasi juda baland edi. 100 tadan taxminan 80 tasi zo‘r filmlar bo‘lardi. Hozir bizda ham shunday desak bo‘ladi. Qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston hozirgi shart-sharoitlaridan kelib chiqib yaxshi filmlar suratga olayotgan bo‘lsa — demak, ular jarayonga chiqdi. Lekin bular nega bizda yo‘qligi meni juda qiynaydi. Men o‘zim hududimda, ya’ni Instagramda bu narsalarni oz bo‘lsa-da qaytarishga harakat qilyapman, deydi Adiz Rajabov.
“Mukofot berilmadimi, demak, mening vaqtim emas”
Yaqin kunlarda bir qancha san’at va madaniyat xodimlari prezident tomonidan turli mukofotlar bilan taqdirlandi. Hamkasblari qatorida bo‘lmaganidan Adiz Rajabov ranjimadimi?
Chunki yigitlar ancha mehnat, xizmat qilishgan. O‘sha tadbirga men ham taklif etilgan edim, ularni shaxsan o‘sha yerda tabriklashga imkoniyat bo‘ldi. Men nega ularning orasida yo‘qligimga kelsak, demak, vaqti emas va bu juda ham normal holat. Inson fokusni qilayotgan ishiga qaratishi va shu ishi ortidan kimnidir yaxshi holatga kelishga undasa, shuning o‘zi qanchalik ulkan savob. Demak, hozircha mening navbatim emas. Albatta, har bir inson vaqti-soati bilan o‘z ishidan taqdirlansa, juda yoqimli bo‘ladi, deydi Adiz Rajabov.
“Mashhurlikka bir kechada erishmaganman”
Elga kichik-kichik qadamlar, mehnatim, rollarim bilan tanilganman. Epizoddagi rollar, massovka, ikkinchi darajali rol, birinchi darajali rol, undan keyin bosh rolga erishganman. Xudo kimgadir shu tarzda, kimgadir birdaniga beradi. Kimdir 45 yoshdan keyin taniladi. Menga mashhurlik olib kelgan rol Rustam Sa’diyevning “Nahotki sen” filmi. Undan keyin esa, albatta, “Super kelinchak”. Keyingi filmlarim ham bunga ulanib ketgan, deydi aktyor.

