Checha 83 yoshda: asl millati arab bo‘lgan, bolalar uyida ulg‘aygan, taniqli xonandani kuyov qilgan aktrisa haqida

**Checha 83 yoshda: asl millati arab bo‘lgan, bolalar uyida ulg‘aygan, taniqli xonandani kuyov qilgan aktrisa haqida**
O‘zbekiston xalq artisti, aktrisa Aziza Begmatova 7-sentyabr kuni 83 yoshga to‘ldi. U Denovdagi bolalar uyida ulg‘aygan va yoshlik yillarida uch so‘m pul bilan o‘qish uchun poytaxtga kelgan. San’atkor faoliyati davomida tomoshabinlarga, ayniqsa, “checha” obrazi orqali tanilgan. Tavallud kuni munosabati bilan hayoti davomida ko‘plab qiyinchiliklarni boshdan kechirgan va oradan 40 yil o‘tib onasi bilan ko‘rishgan aktrisaning hayot yo‘li haqida so‘z yuritamiz.
Aziza Begmatova 1943-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. Bolaligi urush yillariga to‘g‘ri kelgan kichik Aziza 14 yoshigacha mehribonlik uyida tarbiyalangan.
### “Mehribonlik uyida ota-onasi bor bolalardan ko‘ra yaxshi yashardik”
— Urushdan keyingi yillar edi. Juda kichik paytimdan Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi bolalar uyida ulg‘ayganman. U yerdagi tarbiyachilarimizning hammasi mehribon edi. Kezi kelsa, quloqsizliklarimiz uchun urishgandir. Kichkina qizchalar edik. Hamma yog‘imizni kir qilib o‘ynab kelsak, har kuni kechki payt bizlarni yuvintirib, yangi kiyimlar kiydirib, uxlatishardi.
Ba’zida ota-onasi bilan katta bo‘lgan bolalarda ham bunday sharoit bo‘lavermaydi. U yerda tez-tez yangi kiyimlar kiyib, har hafta konsertlar ko‘rib o‘sganman. Aslida, san’atga bo‘lgan muhabbatni tarbiyachilarim uyg‘otgan. Mehribonlik uyida pianino, garmoshka, hatto akkordeon ham chalardim. Tez-tez spektakllar ham sahnalashtirilardi. Spektaklda yig‘laydigan rollarni o‘ynash menga berilardi, deydi aktrisa.
### “14 yoshga to‘lganimdan so‘ng bolalar uyidan ketkazib, texnikumga yuborishdi”
— Mehribonlik uyida yetti yil davomida yashadim. Yettinchi sinfni bitirganimdan so‘ng, 14 yoshdaligimda “bo‘ldi, sen endi 14 ga to‘lding”, deyishgan. Chunki u yerda bolalar shu yoshgacha tarbiyalanar edi. Bir g‘ilofning ichiga choyshabni solib, qo‘limga uch so‘m pul berib, texnikumga yuborishdi. Keyingi to‘rt yil davomida o‘qituvchi bo‘lish uchun texnikumda o‘qidim. U yerni ham bitirgunimcha davlat boqdi, deydi u.
### “Begona shaharda bir o‘zim qolib ketdim”
— Texnikumni tugatganimdan so‘ng uch so‘m pul bilan bilet olib, birinchi marta poyezdga chiqib Toshkentga keldim. Toshkent davlat universitetining “Jurnalistika” fakultetiga o‘qishga kirdim. Chunki adabiyot fanidan yaxshi edim. Bir payt qarasam, hamma uyiga ketibdi. Begona shaharda yosh qizcha, bir o‘zim qoldim. Qayerga borishni bilmayman. Xayolimga shaharni aylanib chiqish fikri keldi. Qorong‘i tushayotgan edi, shahar bo‘ylab sayrga yo‘l oldim. Qayerlarda yurganimni bilmayman, yomon odamlarga ham yo‘liqmadim. O‘zim bilan o‘zim aylanib yursam, yonimdan maktabda birga o‘qigan dugonam chiqib qoldi.
U ham meni ko‘rib “nima qilib yuribsan?” dedi. Unga ustozim Boltajon aka Toshkentga o‘qishga yuborganini, “Jurnalistika” fakultetiga qabul qilinganimni xursand bo‘lib gapirib berdim. Gaplarimni eshitgach “voy, Aziza, qo‘y uni. Shunday oliygoh borki, u yerda ashula aytib, pianino chalishing mumkin. Institutning o‘zi seni hamma narsaga o‘rgatadi”, dedi. “jurnalistika yo‘nalishiga topshirgan hujjatlarim nima bo‘ladi?” desam, “san’at oliygohidagilarning o‘zlari hujjatingni qaytarib oladi”, dedi.
### “San’at oliygohi tomon otlandik”
— Shundan so‘ng ikkimiz ham “teatralniy” institutga ketdik. Borib, binoning birinchi qavatini panjara ortidan kuzatdik. Dugonam “imtihon boshlanibdi”, dedi. Qarasak, qatorasiga o‘qituvchilar o‘tiribdi. Bir mahal bir o‘qituvchi yonimizga kelib, “bu yerga o‘qish uchun keldingizmi?” dedi. Men Toshkent davlat universitetiga kirganimni aytdim. Lekin o‘qituvchi bunga parvo qilmay, dugonam ikkimizning qo‘limizdan ushlab, imtihonga olib kirdi va ikkimizni ham o‘qishga olishdi.
### “Mehrni ilk bor shu insonda ko‘rganman”
60 yil davomida faqat bir maskan — Abror Hidoyatov (hozirgi O‘zbek davlat drama teatri) nomidagi teatrda aktrisa sifatida faoliyat ko‘rsatgan Aziza Begmatova umr yo‘ldoshi bilan ilk bor shu yerda uchrashganini aytadi.
— Teatrda turmush o‘rtog‘imni uchratganman. To‘lqin aka rahmatli teatrda sahna dekoratori bo‘lib ishlardi. Vaqti-vaqti bilan haydovchi, administrator bo‘lib ham ishlagan. Bolalikda ota-ona mehrini ko‘rmay ulg‘ayganim sababli, bu tuyg‘uni ilk bor turmush o‘rtog‘imdan his qilganman. U kishi menga hech qachon yolg‘on gapirmagan. Yarim asr birga hayot kechirdik. Birovga yomonligi tegmaydigan, yaxshi inson edi.
### “Qirq yil o‘tib onam bilan topishdim”
— Bolalar uyiga topshirishganida ikki yarim-uch yosh bo‘lganman. U paytda hatto ismimni ham bilmasdim. Oradan qirq yil o‘tib, 1985-yilda onam meni izlab topdi.
“Surxondaryo haqiqati” gazetasida “Seni qidiraman, Orzixol” sarlavhali maqola chiqibdi. O‘qituvchim Boltajon akaning qo‘liga shu gazeta tushib, meni topilishimga yordamlashdi. Texnikumga kelgan vaqtgacha hamma meni “Arza” deb chaqirardi. Shu ustozim “isming Arza emas, Aziza”, degandi. Shu suhbatimiz esimga tushib, Aziza, Arza, Orzixol ismlarini bir-biriga bog‘lab ko‘ribdi-da, e’londa qidirilayotgan farzand men bo‘lishim mumkinligini taxmin qilibdi va rasmimni yuborib, “shu qiz mening qo‘limda o‘qigan. Rasmini ko‘ringlar, shu emasmi?” deb xat yozibdi.
### “Qarz olib, poytaxtdan Surxondaryoga onamni ko‘rgani bordik”
— Meni qidirib topish uchun onam jiyanlarim bilan birga Toshkentga kelgan. O‘sha paytda Qora dengiz bo‘ylab gastrol safarda edim. Teatrga qaytganimizdan keyin, kotiba “Aziza opa, onangiz bor ekan”, dedi. Avvaliga uning gapiga parvo qilmay: “nimalar deyapsan? Hech kimim yo‘q-ku”, dedim. Kotiba “ishonmasangiz, mana, xat ham qoldirishdi”, dedi.
Teatr direktoridan ruxsat olib, Surxondaryoga borib kelmoqchi bo‘ldik. Lekin bir tiyin ham pulimiz yo‘q — oylikka qarab qolgan edik. Xo‘jayinim rahmatli qarzga pul topganidan so‘ng tezda jo‘nab ketdik.
### “Nega meni mehribonlik uyiga berib yuborgansizlar?”
— Katta hovlili uyga yetib bordik. Ichkaridagilar bir-biriga “onasini chaqiringlar!” deb aytishdi. Bir mahal xuddi obrazimdagidek (aslida kiyim ularniki, men “checha” obrazini onamdan olganman) kiyinib olgan onam yugurib kelib, meni quchoqlab oldi. Oila nimaligini bilmagan inson hayotda ancha qiynalar ekan. Umr bo‘yi “ota-ona” demagan bo‘lsam, oila nimaligini bilmagan bo‘lsam — qaysidir ma’noda ulardan xafa ham bo‘ldim.
O‘sha paytda o‘zimda hech qanday hissiyotni sezmadim. Kelib o‘tirganimizdan so‘ng hech gap yo‘q, birdan “nimaga meni mehribonlik uyiga bergansizlar?” deb so‘rabman. Undan keyin “millatim nima?” deb ham so‘radim. Onam birinchi savolimga hech narsa demagan bo‘lsa ham, keyingisiga “arablardansan”, deb javob qaytardi.
Onam bilan topishganimizdan keyin, onam haqiqiy ismim Orzixol bo‘lganini aytib bergan. Qurbonoy onam ismimni qisqartirib “Arzi” deb chaqirishi elas-elas qulog‘imda qolgan ekan, eslay boshladim. So‘ng amakim ularning yuziga oyoq qo‘ymay, chiroyli oila qurib yashayotganim uchun mendan minnatdorliklarini aytdi. Ammo baribir nima sababdan meni topshirib yuborganini aytishmadi. Men shundan xafa bo‘ldim, deydi Aziza Begmatova.
### “Onam bilan birga yashash nasib etmadi”
— Onamga “ketmang, men bilan yashang. Singillarimni ham olib keling, kuyovingiz, nabiralaringiz bilan birga turamiz”, dedim. Ammo onamni topganimdan keyin ham u bilan birga yashash nasib qilmadi.
### Aktrisaning shaxsiy oilasi haqida
Aktrisaning qizi taniqli xonanda Tojivoy Shukurovga turmushga chiqqan. Bugungi kunda qo‘shiqlari bilan tanilgan yosh va iste’dodli xonanda Izzat Shukurov esa Aziza Begmatovaning nabirasi. Aktrisa oilasi va yaqinlari haqida gapirar ekan, quyidagilarni ta’kidlaydi:
— Shukrki, Alloh hech narsadan qismadi. Farzandlarim, kelinlarim, kuyovim va 10 nafar nabiram hamda 11 evaralarim bor. Ikki kelinim ham o‘qituvchi. Faqat turmush o‘rtog‘im vafot etganda juda qattiq tushkunlikka tushib qoldim, deydi u.

