Layfstayl

Afzal Rafiqov 78 yoshda: mehnat darsida barmog‘idan ayrilgan, o‘g‘lining to‘yiga borolmagan hamda xastalik sabab mashhur ovozini yo‘qotgan aktyor haqida

O‘zbek dublyaj san’atining qiroli, O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov 21-avgust kuni 78 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan aktyorning o‘zbek va rus teatr sahnasi hamda o‘zbek dublyaj san’atidagi hayot va ijod yo‘liga nazar tashlaymiz.

Afzal Rafiqov 1948-yilda Toshkent shahrida Hamroniso ona va Azimxon ota oilasida tug‘ilgan.

**Bolalik yillari haqida**

Taniqli aktyor urushdan keyingi yillarda Toshkentda kechgan og‘ir bolaligi va ro‘zg‘ordagi yetishmovchiliklar haqida shunday eslaydi:

— Butun yoshligim Toshkent markazida o‘tgan. Lekin 50-yillarda Toshkentning manzarasi bugungidan boshqacha — ko‘rimsiz va qarovsiz edi.

Esimda, ro‘zg‘orimizda yetishmovchiliklar bo‘lib turardi. O‘sha paytlarda hatto tuxum ham tanqis edi. Onam ukalarimdan yashirib, menga tuxum pishirib berganlarini yaxshi eslayman. Chunki kam ovqat yeydigan, juda oriq bolakay bo‘lganman. Ukam to‘lacha bo‘lgani uchun onam meni kam ovqat yeyapti, deb o‘ylab shunday qilgan ekan. Onam “Dadang 200 so‘m moyana olganida yaxshi yashardik-da”, derdilar. Keyinchalik dadam 200 so‘mlik moyana ola boshladi, lekin baribir yetishmovchilik ketmadi. Chunki vaqt o‘tgani sayin narx-navo oshib boraverardi. Boshqa qo‘shimcha daromadimiz ham bo‘lmagan. Ota-onam mana shunday qiyinchilikda to‘rtta farzandni voyaga yetkazishdi.

Afsuski, og‘ir mehnat va yetishmovchiliklar tufayli onam kasal bo‘lib qoldi. Yurak kasalligi sabab 1989-yilda 63 yoshida vafot etdi, deydi aktyor.

**Maktab yillari va taqiqlangan “O‘tkan kunlar” mutolaasi haqida**

Yosh Afzal rus maktabida ta’lim olgani sababli rus adabiyoti namoyandalarini o‘qib ulg‘ayganini, shu bilan birga o‘sha paytlarda taqiqlangan “O‘tkan kunlar” romanini yashirib o‘qiganini aytadi.

— Rus maktabida o‘qiganim sababli o‘zbek tilini yaxshi bilmasdim. Pushkin, Lermontov, Tolstoy, Dostoyevskiylarda suyagim qotgan. Rus tilidan to‘rt baho olsam ham, rus adabiyotidan a’lo bahoga o‘qiganman. O‘qituvchilar “Sen kumush medal olasan”, deyishardi. “Nima uchun oltin emas?” desam, rus tilidan olgan to‘rtimni ko‘rsatishardi.

Qatag‘on yillarida “O‘tkan kunlar”ni berkitib o‘qiganman. Dadam “O‘qib bo‘lganingdan keyin kitob tanchaning ustida qolib ketmasin, olib qo‘y”, deb aytardi. Olib, javonning ko‘rinmas burchaklariga berkitib qo‘yardim. Mana shunday murakkab davrlarda katta bo‘lganman.

**“Yoshligimda ko‘pchilik meni tatar deb o‘ylardi”**

San’atkor tashqi ko‘rinishi tufayli maktab va talabalik yillarida uni ko‘pchilik boshqa millat vakili deb o‘ylaganini yodga oladi.

— Yoshligimda tashqi ko‘rinishim tatarlarga o‘xshab ketardi. Maktabdagi do‘stlarim meni Rafik deb chaqirishardi. Mana shu o‘xshashlikdan keyinchalik institutda o‘qiyotganimda juda ko‘p foydalanganman. Bir fandan tatar domlamiz bo‘lardi. Hamma ikki baho olganda ham, menga to‘rt qo‘yardi.

**“Ma’naviy jihatdan boy edik”**

— Ma’naviy hayotimiz nihoyatda boy edi. Chunki uyda kitoblarimiz bo‘lardi, ularni o‘qirdik. Dadamning g‘ijjagi bor edi, ba’zan chalib turardilar. Shu kasb-korning egasi bo‘lishimga sulolamizdagi san’atga bo‘lgan munosabat sabab bo‘lsa kerak. Chunki katta xolam dutor chalib, xirgoyi ham qilgan. Onam ham dutor chalishni bilardi. Ikkala tog‘am ham katta ashulalarni yaxshi aytishardi. Ayniqsa, Mahkam tog‘amning ovozlari juda shirali, Hasan tog‘amning ovozi esa baquvvat edi. Dadam ma’lum vaqt davomida Hasan tog‘amning iste’dodini ko‘rib, xonandalik bilan shug‘ullantirishga harakat qilgan, lekin amalga oshmagan. Shunday bo‘lsa-da, oilamizda, avlodimizda san’at hamisha e’zozlangan va hayotimizning ajralmas qismi bo‘lib kelgan.

Taxminan 9-10 yoshdaligimda, ertalab nonushta qilayotganimizda radiodan rubob taronasi jaranglab qoldi. U paytlarda televizor hammada ham bo‘lavermaydigan tanqis matoh edi. Rubobning kuyini tinglash o‘shanda menga juda ham yoqqan, ich-ichimga singib ketgan. Rubobning ovozidan ruhiyatimda ko‘tarinkilik paydo bo‘lib, ajib holatga tushganman. So‘ng o‘zimcha uydagi rubobni olib chalaman, deb oldimda turgan piyolani turtib yuborganman. Piyoladagi qaynoq choy ustimga to‘kilib ketgan. Shu sabab bo‘lganmi, bilmayman, shundan keyin “Rubob chalishni o‘rganishga boraman” deb turib olganman. Shundan keyin dadamning o‘zi musiqa maktabining rubob cholg‘usi sinfiga joylab qo‘ygan.

**“Mehnat darsida ko‘rsatkich barmog‘imdan ayrilganman”**

O‘zbek dublyaj qiroli matematikaga qobiliyati yuqori bo‘lgani va maktab ustaxonasida barmog‘idan ayrilishiga sabab bo‘lgan fojia haqida gapiradi.

— Ko‘p jihatdan matematikani yaxshi ko‘rib qolishim va bu fanda salohiyatimni namoyon qilganimning sababi o‘qituvchim bo‘lgan. Matematika o‘qituvchimni nihoyatda hurmat qilardim. Unga taqlid qilib fanni yaxshi o‘rganganman, olimpiadalarda qatnashganman. Demak, o‘qituvchining shaxsiyati o‘quvchining bilim olishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Chunki bolaligimizda domlaga qarab ular dars beradigan fanga munosabat bildirar edik-da.

1960-yillarda, 12 yosh vaqtimda maktabda bir voqea yuz berdi. Mehnat darsida bolalar bog‘chasiga stulchalar yasar edik. O‘shanda taxtani elektr arra bilan kesayotganimda o‘ng qo‘lim ham taxta bilan arraga ketib qolgan. Arra ko‘rsatkich barmog‘imni, jimjilog‘imning ham yarmini olib ketgan. Og‘ir jarohat olib, kaftim ham yorilib ketgandi. Shifokorlar qo‘lim xunuk bo‘lib qolmasligi uchun bir amallab jimjilog‘imni tikib qo‘yishgan, ammo ko‘rsatkich barmog‘imdan ayrilganman. Kasalxonadan chiqqanimdan keyin rubob chalishdan bitiruv imtihonini topshirishim kerak edi. O‘shanda qo‘limning yarasi bitmay turib, bog‘loqliq holida imtihon topshirganman. Aytilgan kuylarni chalib, imtihondan a’lo baholarni olib chiqqanman.

**“Aktyorlikka ham o‘qilar ekan-da”**

— Texnikumda uchinchi kursni tugatganimdan keyin ta’til vaqtida gazetalarni ko‘rib o‘tirganimda uning oxirgi betida institutlarning e’loniga ko‘zim tushdi. Unda qaysi oliygoh qaysi mutaxassislik bo‘yicha talabalarni qabul qilishi yozilgan edi. Shularni o‘qib turib, teatr oliygohining e’lonini ko‘rib qoldim. Drama va kino aktyorligi bo‘yicha mutaxassislik yo‘nalishini ko‘rib, “aktyorlikka ham o‘qisa bolar ekan-da”, deganman. Chunki ilgarigi tushuncham bo‘yicha aktyorlikka o‘qib bo‘lmasdi, aksincha, aktyor bo‘lib tug‘ilish kerak edi. So‘ng mana shu narsa ko‘nglimga mahkam o‘rnashib oldi va men ham aktyor bo‘lishga ahd qildim. Shundan keyin hamma mojarolar boshlanib ketdi, deydi Afzal Rafiqov.

**“Uch yil o‘qishga kirolmadim”**

— Aktyor bo‘lishga qaror qilganimdan so‘ng uch yil deganda o‘qishga kirganman. Birinchi yili o‘qishga kirolmaganimdan so‘ng qiziqishlar baribir san’atga tortaverganidan so‘ng dadam tanish-bilish qilib, kinostudiyaga ishga olib kirib qo‘ygan.

U yerda dastlab telemexanik bo‘lib ishlab yurdim. Keyin imtihon topshirib, kinomexanik bo‘ldim. Taqdirni qarangki, dublyaj bo‘ladigan joyda kinomexanik, ya’ni filmlarni qo‘yib beruvchi bo‘lganman. Kelgan dublyajchilarga filmni qo‘yib berib, ishlashiga qarab turardim. “Men ham shu ishni qilsam edi”, deb ular tomon talpinaverardim. Ammo institutga kirolmaganim uchun u paytlar noiloj edim, deydi dublyaj ustasi.

**“Dublyajdagi birinchi rolim birgina ‘xo‘p bo‘ladi’ deyishdan iborat bo‘lgan”**

— O‘sha paytlarda kinostudiyalarda kechki soat o‘n ikkidan ertalab oltigacha tungi smena bo‘lardi. Buning sababi Hamza Umarov, Obid Yunusov va Yoqub Ahmedov kabi aktyorlar kinosyomka, gastrollar bilan kunduz kuni dublyajga kelishga ko‘pincha vaqti bo‘lmasdi. Studiyada kinomexanik bo‘lib ishlab yurganimda tungi navbatchilikka tushib qoldim. Rus filmini o‘zbek tiliga o‘girayotgan edik. Studiyada faqat Hamza aka Umarov bor edi. Filmda xarakteri kuchli polkovnikka ovoz berayotgandilar.

Bir payt bir kadrda Hamza akaning qahramonidan tashqari yana bir leytenant obrazi chiqib qoldi. Polkovnik chaqirib nimadirlar der ekan, so‘ng leytenant “Xo‘p bo‘ladi, janob” deb chiqib ketishi kerak edi. U paytda hamma rolga bir kishi ovoz bermas, kichkina rol bo‘lsa ham boshqa aktyor gapirishi shart edi. Lekin studiyada Hamza akadan bo‘lak hech kim yo‘q edi. Ana o‘shanda film rejissyori mendan o‘zbekcha gapira olishimni so‘rab, studiya ichkarisiga chaqirdi va leytenantning bir og‘iz gapiga ovoz berishimni so‘radi. Bir marta repetitsiya qildim va bittada ovoz yozildi. Shunday qilib, 26 yoshimda ilk marta dublyajga kirib kelganman.

**“Sahna ishchisi bo‘lib, buyuk darg‘alarning ijrosini kuzatib o‘tirardim”**

Afzal Rafiqov uch yillik urinishlardan so‘ng Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutiga sirtdan o‘qishga kirdi va uni 1974-yilda tamomlagan. Aktyor 1973-yildan to 1987-yilga qadar Hamza (hozirgi O‘zbekiston milliy akademik drama) teatrida turli lavozimlarda ishlagan.

— Hamza teatrida sahna ishchisi bo‘lib ishlab yurgan paytlarimda dekoratsiyani qurib bo‘lganimdan so‘ng bolg‘ani yonimga qo‘yib, bir burchakda aktyorlarning qanday sahnaga chiqib, qanday ishlashini tomosha qilardim. Men uchun teatrdagi asosiy maktabim shu bo‘lgan. U paytda teatr sahnasida Olim Xo‘jayev, Shukur Burxonov, Nabi Rahimov, Sora Eshonto‘rayeva singari atoqli aktyorlar mehnat qilishardi. Ularning qanday mehnat qilishini ko‘rganman.

Keyinchalik sahna ishchisidan rejissyor yordamchisi lavozimiga ko‘tarishdi. Rejissyor yordamchisi bo‘lib, spektakllarni olib borardim. Keyin truppa boshlig‘i qilib qo‘yishdi. Uzoq muddat shu lavozimda ishladim va shu bilan bir vaqtda sahnada ham turli rollarni ijro etardim. Hammasini uddalashga harakat qilardim. Bilmadim, shuning uchun bo‘lsa kerak, har bir qilgan ishim diqqatga sazovor bo‘lardi.

**“Meni keyinchalik ovozim orqali eslasalar kerak”**

— Meni keyinchalik ovozim orqali eslasalar kerak. Ovozim eshitilsa, “ovozi zo‘r aktyor, Qur’onni o‘qigan kishi”, deyishlari mumkin. Xuddi Obid Yunusovni O‘tkuriy obrazi “ezib qo‘ygan”idek, meni ovozim “ezib qo‘ydi”. Ammo ijro etgan rollarim ham talaygina va ular mutaxassislar, tomoshabinlar tomonidan yaxshi qabul qilingan. Rollarim ortidan faxriy unvonlarga sazovor bo‘ldim. Lekin baribir nomimni eshitganlarida odamlar ovozimni eslaydi. Bu ham bir Xudoning marhamati, deydi u.

**“Spektakl sabab o‘g‘limning to‘yiga borolmaganman”**

— Katta o‘g‘limning nikoh to‘yi belgilandi. O‘sha kuni kutilmaganda to‘yga bormay, spektaklda rol ijro etdim. Aslida spektakl ham avvaldan rejada bo‘lgan ekan, faqat men bilmay qolibman. Teatr rahbariyatiga shu kuni to‘y qilayotganimni aytib, spektaklni boshqa kunga ko‘chirtirmagan ekanman. Buning ustiga uzoq davom etadigan sahna asari edi. Baribir uni bekor qilmadim. Buning uchun o‘g‘lim mendan xafa bo‘lgan. Sahnada rolimni o‘ynab bo‘lgandan keyin grimni ham yechmasdan, bo‘yalgan sochlarim bilan to‘yga yugurganman. Shu ko‘rinishda bo‘lganim uchun ishdan to‘g‘ri kelganimni aytib, hammadan uzr so‘raganman.

**“Rafiqam maslahatgo‘yim”**

Uch nafar o‘g‘ilning otasi hamda o‘ndan ortiq nabiralarning bobosi bo‘lgan Afzal Rafiqov turmush o‘rtog‘ini eng yaqin maslakdoshi ekanini yashirmaydi.

— Ayolim oila boshlig‘i sifatida meni hurmat qilib, ijod va ishim uchun hamma imkoniyatlarni yaratib bergan. Hatto shu vaqtgacha bozorga tushib, ro‘zg‘or qilmaganman, uyga biror narsa ko‘tarib kelmasdim. Faqat ijod — repetitsiya, dublyaj va spektakl bilan band bo‘lganman. Uydagi ishlarga ham qarashmasdim, hammasini o‘zi eplardi.

Qolaversa, teatrdagi eng birinchi maslahatgo‘yim ham rafiqam. Uni spektakl premyeralariga olib kelib ko‘rsataman. So‘ng uning taassurotini diqqat bilan tinglab, barcha e’tirozlari to‘g‘ri bo‘lganini anglayman va shunga qarab sahna ko‘rinishining ayrim joylariga o‘zgartirish kiritaman. Erishgan barcha yutuqlarimning yarmi rafiqamniki, deydi Afzal Rafiqov.

**“Xastalik sabab ovozimni yo‘qotdim”**

Teatr va dublyaj aktyori Afzal Rafiqov 2024-yilda bergan intervyusida boshidan kechirgan og‘ir kasallik tufayli mashhur ovozidan ayrilgani haqida aytib bergan edi. Unda ijodkor shunday degan edi:

— Hayotimning so‘ngida Xudoyim yana bir sinov berdi: ovozim xasta bo‘lib qoldi. Lekin shunga qaramay taslim bo‘lganim yo‘q: harakat qilyapman. Spektaklni ham o‘ynayapman, sahnada, mana shu ovoz bilan. Teatr rahbariyatiga rahmat, kichkina mikrofon topib berishgan, o‘sha mikrofonni taqib o‘ynayapman rolimni. Buni qarangki, dublyajda ham menga hech kim “Afzal aka, rahmat, shuncha yil xizmat qildingiz, endi bo‘ldi”, demayapti. Haligacha dublyajda ham ishlayapman.

Ovozim yo‘qolishiga ovoz pardamdagi muammo sabab bo‘ldi. Chap ovoz pardamda kasallik aniqlandi. Jarrohlik amaliyotiga ko‘nishga majbur bo‘ldim. Faqat shu usul bilan kasallik bartaraf etildi. Chunki muolaja bilan hech kim nafaqat ovozimga, balki jonimga ham kafolat bermadi. U faqat ovozimga emas, balki jonimga ham tahdid qilgan kasallik edi, degan edi o‘shanda u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.