To‘ti Yusupova sabab teatrga kelgan, shaxsiy hayotini san’atdan ustun qo‘yadigan Lola Eltoyeva 54 yoshda

To‘ti Yusupova tufayli teatrga kirib kelgan, shaxsiy hayotini san’atdan ustun qo‘yadigan Lola Eltoyeva 54 yoshda
Teatr va kino aktrisasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Lola Eltoyeva 4-sentyabr kuni 54 yoshga to‘ldi. Aktrisa ijodiy faoliyati bilangina emas, balki shaxsiy hayoti bilan ham ko‘plab ijodkorlardan ajralib turadi. Bundan tashqari, Lola Eltoyeva hind filmlarida aktrisa Kajolga ovoz bergani uchun tomoshabinlar orasida “o‘zbek kinosining Kajoli” nomi bilan ham tanilgan.
Lola Eltoyeva 1972-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U oiladagi to‘ng‘ich farzand bo‘lgan.
— Sanʼatdan butunlay yiroq oilada tug‘ilganman. Dadam to‘qimachilik sanoatida ishlardi, onam esa oddiy uy bekasi bo‘lgan. Oilada uch qiz va bir o‘g‘il bo‘lganmiz. Hamma ota-onalar singari menga ham “Sen qanday bo‘lsang, singillaring va ukang sendan o‘rganadi”, deyishgani uchun doim namunali farzand bo‘lishga intilganman. Maktabda va institutda faqat aʼlo baholarga o‘qiganman.
Sanʼatga bolalikdan qiziqqanman, ammo onam yaxshi o‘qishimni talab qilardi. “Yaxshi o‘qimagan aktrisani rejissyorlar kinoga olishmaydi”, degan gap meni faqat aʼlo bahoga o‘qishga undardi.
O‘sha paytlarda ham kitobxonlar tanlovlari o‘tkazilardi. Eng ko‘p kitob o‘qigan o‘quvchilar taxtasida albatta mening ham suratim bo‘lardi. Kitob o‘qishni, monologlar yodlashni yaxshi ko‘rardim, deydi Lola Eltoyeva.
Lola Eltoyeva ilk roli va ustozi To‘ti Yusupova bilan tanishgan kunlarini shunday eslaydi.
— 1993-yili hozirgi O‘zbekiston sanʼat va madaniyat institutiga o‘qishga kirganman. Ilk rolimni ham talabalik paytimda ijro etganman. “Quyoshi botmaydigan yurt” filmidagi rolim ko‘pchilikka maʼqul kelganidan keyin takliflar yanada ko‘paygan. “Jaholat alangasi” videofilmidagi Gulshod roliga taklif etishgan. Roldagi onamni o‘sha davrning eng mashhur aktrisalaridan biri bo‘lgan To‘ti Yusupova ijro etishi kerak edi. Men oddiy talaba bo‘lsam, bu aktrisa juda mashhur, deb To‘ti opaning yoniga borishga xijolat bo‘lib turganimda, u meni yoniga chaqirib gapga solgan. Mana shu videofilm sabab ijoddagi va hayotdagi ustozimni topganman. Institutni bitirgan yilim “Sen teatrda ishlashing kerak”, deb otaxon teatrga olib kelgan ham o‘sha inson bo‘ladi, deydi Lola Eltoyeva.
Aktrisa intervyularining birida ijodni qanchalik sevmasin, shaxsiy hayotidan voz kecha olmasligi haqida aytib o‘tgan.
— Sanʼat uchun shaxsiy hayotini qurmagan ayollarni ham bilaman. Ular turmush qurib ishlaydigan ayollarga nisbatan ko‘proq mehnat qiladi, yuqoriroq cho‘qqilarni zabt etadi. Bu aniq. Men ularni tushunaman, ular bekorga umrini sanʼatga bag‘ishlamagan. Men bunday yo‘l tuta olarmidim?! Yo‘q. “Farzand lazzati”ni his qilgan har qanday odam xuddi shunday javob bersa kerak. Bir yili o‘zaro hamkorlikdagi shartnoma asosida AQSH, Isroil va Germaniyada gastrol safarida bo‘ldik. O‘zbekistondan men va yana bir rus aktrisa borganmiz. Konferensiyalar orasidagi tanaffus, banketlardan mehmonxonaga qochaverganimizdan mehmonlar hayron bo‘lishibdi. Ularga “Bu ayollar oilasi bilan gaplashadi, farzandlariga qo‘ng‘iroq qiladi”, deb tushuntirishsa, hayron bo‘lishibdi, havaslari kelibdi. O‘sha yerda bir sanʼatkor juftlikni kuzatdim. Yoshi qirqdan oshsa ham farzandli bo‘lish xayolining bir burchagiga ham kelmagan. Yana “Necha yoshga o‘xshayman?” deb so‘raydi. To‘g‘ri, nisbatan yosh ko‘rinar, chiroylidir, ilg‘ordir, ammo bularning hammasi o‘tkinchi-ku!, deydi aktrisa.
Lola Eltoyeva dublyaj sohasiga kirib kelgan ilk kunlarni ham shunday xotirlaydi.
— Dublyaj alohida bir sanʼat, uning o‘z jozibasi bor. Bu sohani egallashimda dublyaj ustalari Rimma Ahmedova va Hojiakbar Nurmatovlar sababchi bo‘lgan. Ular teatrimizda ishlashardi va spektakldan keyin shoshib ketishardi. Dublyaj sohasiga qiziqishimni eshitib “Ovozingizda sehr bor, siz, albatta, dublyaj rejissyoriga uchrashingiz kerak”, deyishgan. Albatta, birdan dublyaj aktyori bo‘lib shakllanib qolmaganman. Bu ham katta mehnat va sabrni talab etadigan soha. Uning uchun ham izlanish kerak, deydi Lola Eltoyeva.
Aktrisa eng sevimli roli va uning ijrosi bilan bog‘liq quyidagi voqealarni esladi.
— Aktyorning ham o‘zi mehr bergan roli bo‘ladi. Men “Adibning umri” spektaklidagi domlaning ayoli Zarifa Saidnosirova rolini o‘zgacha yaxshi ko‘raman. Chunki domla kasallikka chalinib, to‘shakka mixlanganida ham shu ayol uni ijod qilishga undagan ekan. U kishining jussasi mendek bo‘lgani va tashqi qiyofamizda o‘xshashliklar bo‘lgani uchun rol menga nasib etdi. Domlaning kuyovlari spektakl premyerasiga kelganda “Zarifa Saidnosirovani ko‘rdim”, degandi. Oila aʼzolarining eʼtirofi katta yutuq. Ammo eʼtirozlar ham bo‘lgan, buni to‘g‘ri qabul qilib tuzatishga harakat qilganman. Naim Karimov “Zarifa opa sekin-sekin gapirardilar”, degan. Men rol taʼsirli chiqishi uchun tez va baland ovozda gapirgan ekanman, deydi aktrisa.
Aktrisa shaxsiy hayoti haqidagi maʼlumotlarni oshkor etishni istamaydi, uning intervyularini topish ham juda qiyin. “Bu sirli ko‘rinishga intilish emas, shunchaki aktyor dilidagilarni roli orqali tomoshabinga ko‘rsatadi”, deydi aktrisa.
— Turmush o‘rtog‘im rassom, feʼl-atvori ham shunga yarasha og‘ir vazmin. Men unga nisbatan ancha tezman. Ammo shu kungacha voz kechmaydigan oilaviy anʼanamiz bor. Menga taklif etilgan har bir rolga rozilik berishdan oldin turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashaman. Baʼzi rejissyorlarga, hatto hamkasblarimga ham bu g‘ayritabiiy tuyuladi. Ammo men oilamizning aynan shunday o‘zbekona qadriyatlar asosiga qurilganidan mamnunman va shunday bo‘lishi kerak deb hisoblayman. O‘zbek oilalarida hamma o‘z o‘rni va o‘z mavqeyida. Bu o‘zaro hurmat va izzatni tarbiyalaydi, mehr-muhabbatni oshiradi, deydi aktrisa.
Lola Eltoyeva 2026-yil fevral oyida Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan Turksoy xalqaro teatr mukofotini topshirish marosimida “Eng yaxshi teatr aktrisasi” sifatida e’tirof etildi.

