“Hamma charchadi”: Lukashenko Ukrainadagi urush yaqin oylarda tugashini aytdi
Belarus prezidenti urushda ishtirok etayotgan tomonlarning kuch va resurslari qolmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Rossiya bilan umumiy yo‘lda sodiq qolishini bildirdi.

“Hamma charchadi”: Lukashenko Ukrainadagi urush yaqin oylarda tugashini aytdi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Ukrainadagi urush yaqin oylarda yakunlanadi, degan fikrni bildirdi. U bu haqda 3-noyabr kuni Yevrosiyo xavfsizligi bo‘yicha 4-Minsk xalqaro konferensiyasida ma’lum qildi.
“Ukrainadagi urush bir necha oy ichida tugaydi. Bu mening shaxsiy fikrim. Tamom: kuch qolmadi, resurslar tugadi, hamma charchadi”, dedi Lukashenko.
Belarus rahbari urush tugashining aniq muddatlari yoki shartlarini keltirib o‘tmadi. U o‘z taxminini kimni nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmasdan, kuch va resurslarning tugagani bilan izohladi.
Lukashenkoning ta’kidlashicha, Belarus hokimiyati Ukrainadagi harbiy mojaroni tushunish borasidagi ba’zi “o‘ziga xos jihatlarga” qaramay, doimo Rossiya bilan umumiy yo‘lga sodiq qoladi. Shuningdek, u Rossiya, Belarus va Ukraina xalqlari “erta-yoki kech baribir birga bo‘lishiga” ishonch bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2-noyabr kuni Rossiya kuchlari Ukrainada Zaporojye viloyatining Kamishuvaxa qishlog‘idagi maktabga aviabomba tashladi. Bu binoda gumanitar yordam tarqatilayotgan edi. Hujum oqibatida 29 kishi halok bo‘ldi va yana 48 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Xabarlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar va yaralanganlar orasida tinch aholidan tashqari politsiya xodimlari hamda qutqaruvchilar ham bor.

