Hali oʻq uzilmasidan: NATO «Gʻalaba nazariyasi»ni taqdim etdi
NATOning Yevropadagi birlashgan qurolli kuchlari oliy bosh qoʻmondoni Aleksus Grinkevich ehtimoliy hujumga qarshi uch bosqichli mudofaa konsepsiyasini taqdim etdi. «Gʻalaba nazariyasi» deb nomlangan yondashuvga koʻra, alyans mudofaasi raqib birinchi oʻqni uzishidan oldin - hujumga tayyorgarlik belgilarini aniqlashdan boshlanishi kerak.

Hali oʻq uzilmasidan: NATO «Gʻalaba nazariyasi»ni taqdim etdi
DW xabariga koʻra, Grinkevich bu konsepsiyani 12-oktabr kuni Varshavadagi xavfsizlik konferensiyasida taqdim etgan.
Unda ehtimoliy tajovuzkorga qarshi harakatlar uch bosqichga boʻlingan: hujumni toʻxtatish — Block, hujum surʼatini sindirib, olgʻa siljishga yoʻl qoʻymaslik — Blunt va zarurat tugʻilsa, hujum qilayotgan qoʻshinlar hamda ularni taʼminlovchi va boshqaruvchi harbiy tizimni tor-mor etish — Break.
Grinkevichning tushuntirishicha, razvedka maʼlumotlari, kuzatuv tizimlari va tahlil orqali hujumga tayyorgarlik belgilari oldindan aniqlanishi kerak. Bu ehtimoliy raqib niyatini baholash va NATO kuchlarini oʻz vaqtida joylashtirish imkonini beradi. Maqsad — alyansning kutilmagan hujum qarshisida qolishiga yoʻl qoʻymaslik.
Hujum yuz bersa, dastlabki bosqichda asosiy vazifa oldingi mudofaa chiziqlaridagi quruqlik qoʻshinlariga yuklatiladi. Ular hujumni toʻxtatishi, raqib boʻlinmalarining harakatini cheklashi va ularni yoʻq qilishi kerak.
Ayni paytda aviatsiya va harbiy-dengiz kuchlari kosmik hamda kiber vositalar koʻmagida havo va dengizda ustunlikni imkon qadar tez taʼminlashi koʻzda tutilgan.
Hujumlar davom etsa, turli yoʻnalishlardagi muvofiqlashtirilgan harakatlar, yuqori texnologiyali sensorlar va avtonom qurol tizimlari orqali raqibning keyingi siljishi toʻxtatilishi, tashabbus esa NATO qoʻliga oʻtishi rejalashtirilgan.
Agar raqib shundan keyin ham hujumni davom ettirsa yoki qoʻshimcha kuchlarni jalb qilsa, uning harbiy tizimini ishdan chiqarish bosqichiga oʻtiladi. Bunda taʼminot yoʻllarini izdan chiqarish, boshqaruv tizimlarini yoʻq qilish va hujumchi boʻlinmalarni jang olib borish qobiliyatidan mahrum etish nazarda tutilgan.
Grinkevich NATOning maqsadi raqib davlatni strategik magʻlubiyatga uchratish emas, balki alyans mamlakatlariga hujum qilayotgan kuchlarni harbiy jihatdan magʻlub etish ekanini taʼkidlagan.
Bosh qoʻmondon taxminan 15 daqiqalik nutqida Rossiya nomini biror marta ochiq tilga olmagan. Biroq DW qayd etishicha, konsepsiya, avvalo, Moskva tomonidan ehtimoliy tahdidni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
«Men mojaroni muqarrar yoki eng yaqin vaqtda boshlanishi mumkin deb hisoblamayman. Bunday emas», — degan Grinkevich.

