Dunyo

Berlinning Moskvadan xavotiri: tahdid qanchalik real?

Germaniya Ukrainani qoʻllab-quvvatlayotgan va moliyalashtirayotgan davlatlar orasida yetakchi oʻrinda turadi. Berlinning pozitsiyasiga koʻra, Rossiya Ukrainadagi urush bilan cheklanib qolmay, kelajakda NATO davlatlariga qarshi ham harbiy kuch ishlatishi mumkin. Biroq tahlilchilarning bu masalaga qarashlari bir xil emas.

Berlinning Moskvadan xavotiri: tahdid qay darajada real?

- Germaniyaning Rossiya NATOga hujum qilishi mumkinligi haqidagi xavotirlari qanchalik asosli?

Anvar Yoʻldoshev, tarix fanlari doktori, siyosiy fanlar nomzodi:

- Rossiyaga ishonch yoʻq, u hujum qilishi mumkin, degan fikrlar bor. Men esa bu masalaga biroz boshqacha yondashaman. Hozir Rossiyaning iqtisodiy holati ancha ogʻir. Iqtisodiy oʻsish avvalgidek emas. Toʻrt-besh yillik urushdan aholi ham, jamiyat ham charchagan. Iqtisodiyot, hatto harbiy soha ham katta bosim ostida. Bunday vaziyatda Rossiyaning NATO davlatlariga hujum qilish ehtimoli past.

Putinning Valday forumida aytgan soʻzlari koʻproq siyosiy ritorika, kuch namoyishi va qoʻrqitishga qaratilgan. Yaʼni Gʻarbga bosim oʻtkazish vositasi sifatida koʻrinadi. Shaxsan men Rossiya hozir NATO davlatlariga qarshi bevosita harbiy harakat boshlaydi, deb oʻylamayman. Biroq Yevropa davlatlarining xavotirini ham tushunish mumkin. Rossiya kelajakda hujum qilishi mumkin, degan ehtimolni butunlay rad etib boʻlmaydi. Balki besh yildan keyin, balki oʻn yildan keyin.

Ammo hozir Rossiyaning boshqa davlatga qarshi keng koʻlamli yangi urush boshlash uchun imkoniyatlari cheklangan. Agar Rossiya Donbassni toʻliq egallasa ham, bu uning harbiy maqsadlari shu bilan yakunlanadi, degani emas. Mening shaxsiy fikrimcha, vaqt oʻtishi bilan Odessa va Nikolayev masalasi ham kun tartibiga chiqishi mumkin. Rossiya uchun Qora dengiz strategik jihatdan juda muhim. Shu sababli Moskvaning mintaqadagi taʼsirini kengaytirishga intilishi ehtimoli bor. Ammo hozir Rossiyaning bunday keng koʻlamli maqsadlarga erishish uchun yetarli harbiy va iqtisodiy imkoniyatlari yoʻq, deb hisoblayman.

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

Hozir Rossiyada bunday urush uchun yetarli resurs yoʻq. Ammo Putinning strategik maqsadi faqat harbiy masalalar bilan cheklanmaydi. Menimcha, uning asosiy maqsadi dunyodagi kuchlar nisbatini oʻzgartirish va bir qutbli xalqaro tizimning zaiflashuvidan foydalanishdir. Putin Donald Tramp AQSH prezidentligiga qaytgach, koʻp qutbli dunyo shakllanayotganini rasman tan oladi, deb umid qilgan boʻlishi mumkin.

Ammo Trampning siyosati, aksincha, AQShning global taʼsirini saqlab qolish va ayrim yoʻnalishlarda uni yanada kuchaytirishga qaratilganini koʻrish mumkin. Venesuela bilan bogʻliq voqealar, Eronga qarshi harbiy harakatlar va Grenlandiya masalasi ham shu nuqtayi nazardan qaralishi mumkin. Grenlandiya boʻyicha 1951-yildagi kelishuvning qayta talqin qilinishi va AQShning oroldagi harbiy ishtirokining kuchayishi Vashingtonning Arktikadagi strategik mavqeyini mustahkamlashga intilayotganini koʻrsatadi. Amalda esa Grenlandiyaning AQShga juda kuchli strategik va harbiy bogʻliqligi yuzaga kelmoqda. Xuddi shunday jarayon Tinch okeanida ham kuzatilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.