Germaniyaning sobiq kansleri Rossiyadagi gipermarketlar tarmogʻiga ishga oʻtdi
Germaniyaning sobiq kansleri Gerhard Shryoder Rossiyada «Globus» gipermarketlarini boshqaruvchi «Giperglobus» kompaniyasi kuzatuv kengashiga aʼzo boʻldi. RBK maʼlumotiga koʻra, u kompaniyaning Rossiya bozoridagi faoliyatini uzoq muddatga rejalashtirishga koʻmaklashadi.

Germaniyaning sobiq kansleri Rossiyadagi gipermarketlar tarmogʻiga ishga kirdi
RBK 2-oktabr kuni Germaniya kompaniyasi matbuot xizmatiga tayanib, Shryoderning yangi lavozimi haqida maʼlum qildi. DW ham Globus xoldingiga soʻrov yuborgan, biroq xabar eʼlon qilingan paytga qadar javob olmagan.
Riteyler vakilining RBKga aytishicha, Shryoder kompaniyaning umumiy boshqaruvida qatnashadi va Rossiya bozoridagi uzoq muddatli rejalarni ishlab chiqishga hissa qoʻshadi.
«Giperglobus» egasi va Globus Holding aksiyadori Tomas Brux sobiq kanslerni kuzatuv kengashiga jalb etishni ekspert koʻmagini kuchaytirish zarurati bilan izohlagan.
Uning fikricha, Shryoderning tajribasi muloqotga yoʻnaltirilgan yondashuvni saqlash va konstruktiv yechimlar topishga yordam beradi.
Kompaniya matbuot xizmati Shryoderning bayonotini ham keltirgan. Unda sobiq kansler Rossiya bilan iqtisodiy aloqalar va investitsiyalarni saqlab qolish muhimligini taʼkidlagan.
«Aynan inqirozli davrlarda bu aloqalar ayniqsa muhim: ular bir-birini eshitish va kelajakka yoʻl topish imkonini beradi», - degan Shryoder, RBK xabariga koʻra.
RBK «Giperglobus»ni Germaniyaning Globus Holding GmbH & Co xoldingiga qarashli Rossiya kompaniyasi sifatida taʼriflagan.
Biroq Germaniya kompaniyasi avvalroq DWga «Giperglobus» 2025-yil boshida Globus Holdingʻdan rasman ajratilganini tushuntirgan. Shunga qaramay, ularning aksiyadorlari bir xil boʻlib qolgan.
Tomas Brux 2026-yil iyunida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida qatnashgan. Oʻshanda Germaniya kompaniyasi matbuot xizmati u forumda faqat «Giperglobus» nomidan ishtirok etganini bildirgan. Tashrif maqsadlari orasida davlat idoralari vakillari bilan fikr almashish ham qayd etilgan.
RBK maʼlumotiga koʻra, 2025-yil oxirida Rossiyaning sakkizta hududida 22 ta «Globus» gipermarketi ishlagan.
Shryoder avval Rossiya energetika kompaniyalarida ishlagan.

