Dunyo

Rossiya mamlakatdagi Germaniyaning so‘nggi mintaqaviy Bosh konsulligini yopdi

Rossiya mamlakatdagi Germaniyaning so‘nggi mintaqaviy Bosh konsulligini yopdi

Rossiya rasmiylari 7-sentyabr kuni Germaniyaning Sankt Peterburgdagi so‘nggi mintaqaviy Bosh konsulligi yopilishini ma’lum qildi. Bu qaror Berlinning Bonndagi Rossiya Bosh konsulligini yopish haqidagi xabariga javoban qabul qilingan. Bu haqda Deutsche Welle va “Kommersant” nashrlari xabar berdi.

Qaror “Germaniya tomonining dushmanona harakatlari sababli” qabul qilingani aytilmoqda. Germaniya Bosh konsulligi 2026-yil 18-sentyabrdan kechiktirmasdan faoliyatini to‘xtatishi kerak. Shu muddatgacha barcha xodimlar Rossiya Federatsiyasini tark etishi shart.

Bundan tashqari, Rossiyadagi Gyote instituti filiallari ham ishini to‘xtatishi lozim. Xabarda aytilishicha, ularning xodimlariga 2026-yil 13-sentyabrdan kechiktirmasdan Rossiyani tark etish buyurilgan.

Ta’kidlanishicha, Germaniya diplomatik missiyasi rahbari Rossiya Tashqi ishlar vazirligidan tegishli notalarni olgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Germaniya rasmiylarini ikki tomonlama munosabatlarni “yangi bosqichda keskinlashtirishda” aybladi. Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Gyote instituti filiallari yopilishini e’lon qilgan edi.

Germaniya rasmiylari 1-sentyabr kuni Bonndagi Rossiya Bosh konsulligi hamda Berlindagi Rossiya uyi yopilishini bildirgan. Bu qaror avgust oyi boshida Leypsig/Halle aeroportida rejalashtirilgan teraktga javoban qabul qilingan.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Iogann Vadeful va ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt hodisa yuzasidan tergov natijalarini rasman e’lon qilgan. Tergov Rossiya rasmiylarining bu ishga aloqadorligini ko‘rsatgan.

Germaniya Bonndagi Rossiya Bosh konsulligini yopish va Berlindagi Rossiya uyi bo‘yicha kelishuvni bekor qilish bilan birga, Rossiya fuqarolari uchun kirish nazoratini ham kuchaytiradi. Shuningdek, Rossiyaning “soyalar floti”ga qarshi choralarni qat’iylashtiradi. Ayni paytda, Yevropa Ittifoqi va NATO, shuningdek, bir qator Yevropa hukumatlari Germaniyani qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

4-avgust kuni Leypsig aeroportida Ukrainaning An-124 yuk samolyotiga qarshi qo‘poruvchilik harakati sodir bo‘lgan edi. OAVning Germaniya tergov idoralariga tayanib xabar berishicha, bu hujumda bir nechta dron qatnashgan.

Portlovchi modda ortilgan uchuvchisiz apparatlardan biri bir nechta Ukraina yuk samolyotlari yaqinida topilgan. Ikkinchi dron esa birinchi dron topilganidan bir necha daqiqa o‘tib, DHL yuk samolyotiga kelib urilgan.

Avvalroq Vengriya 10 nafar rossiyalik diplomatni haydab yuborgani haqida xabar berilgandi. Ular Vena konvensiyasiga zid ravishda faoliyat yuritgani aytilgan. Bu sobiq bosh vazir Viktor Orbanning Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi siyosati tugaganini ko‘rsatmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.