Germaniya elchixonasi Ukraina bo‘ylab safarlardan ogohlantirdi
Germaniyaning Kiyevdagi elchixonasi Ukrainada bo‘lib turgan nemis fuqarolari uchun safarlarga oid tavsiyalarni kuchaytirdi. Diplomatlar 24-avgust - Ukraina Mustaqillik kuni arafasida Rossiya energetika va transport infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Germaniyaning Kiyevdagi elchixonasi Ukraina bo‘ylab sayohat qilishdan ogohlantirdi.
Germaniyaning Kiyevdagi elchixonasi 14-avgust kuni Ukraina Mustaqillik kuni arafasida mamlakatda bo‘lgan Germaniya fuqarolari uchun xavfsizlik va sayohat bo‘yicha tavsiyalarini yangiladi.
Elchixona ogohlantirishicha, 24-avgust kuni va shu sana atrofida Rossiya tomonidan Ukraina energetika infratuzilmasi va yirik transport tugunlariga havo hujumlari kuchayishi ehtimoli mavjud.
Diplomatik vakolatxona, ayniqsa, temir yo‘l transportidan foydalanish bilan bog‘liq xavflarga e’tibor qaratdi. Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina temir yo‘l infratuzilmasi havo hujumlarining asosiy nishonlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Rossiya kuchlari avval ham nafaqat temir yo‘l stansiyalari va infratuzilma ob’yektlariga, balki harakatlanayotgan poyezdlarga ham havodan zarba bergan. Xususan, 13-avgust kuni Odessa yaqinida yo‘lovchi poyezdiga qilingan hujum oqibatida mashinist va uning yordamchisi halok bo‘lgan. Iyun oyida esa Rossiya Ukrainaning turli hududlaridagi uchta temir yo‘l lokomotiviga zarba bergan. Shuningdek, Sumi viloyatida temir yo‘l stansiyalari, signalizatsiya ob’yektlari va elektr nimstansiyalari ham hujumga uchragan.
Ayni paytda Germaniyaning Ukrainadagi diplomatik vakolatxonasiga yangi rahbar tayinlangan. Boris Ruge Germaniyaning Ukrainadagi yangi elchisi sifatida o‘z vazifasini bajarishga kirishdi. Ruge 2023-yil sentyabridan NATO bosh kotibining siyosiy masalalar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha yordamchisi lavozimida ishlab kelgan. U bundan avval Myunxen xavfsizlik konferensiyasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan. Shuningdek, 2014–2016-yillarda Germaniyaning Saudiya Arabistonidagi elchisi lavozimida faoliyat yuritgan. Boris Ruge Ukrainada Germaniya elchisi sifatida 2025-yil sentyabridan buyon ishlab kelgan Xayko Toms o‘rnini egalladi.

