«Gʻazo – insoniyat vijdonidagi sharmandalik dogʻi». BMT minbaridan Isroilga tanqidlar yogʻildi
Oʻnlab yetakchilar chiqish qilgan birinchi kun nutqlarida Gʻazo va bosib olingan Gʻarbiy Sohil eng koʻp tilga olingan mavzulardan biri boʻldi.

«Gʻazo – insoniyat vijdonidagi sharmandalik dogʻi». BMT minbaridan Isroilga tanqidlar yogʻildi
22-sentabr kuni AQShning Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasidagi yuqori darajadagi umumiy munozaralar boshlandi. Bu har yili dunyo yetakchilari BMT minbaridan oʻz davlatlarining ustuvor yoʻnalishlarini bayon qiladigan asosiy tadbirdir.
Birinchi kun nutqlarida, oʻnlab yetakchilar soʻzga chiqqan paytda, Gʻazo va bosib olingan Gʻarbiy Sohil eng koʻp tilga olingan mavzulardan biri boʻldi. Iordaniya, Turkiya, Braziliya va Qatar rahbarlari bu hududlardagi Isroil harakatlarini tanqid qildi. Fransiya yetakchisi Gʻazodagi vaziyatni "barcha uchun sharmandali holat", deb taʼrifladi. BMT bosh kotibi va boshqa rasmiylar ham Isroilning harakatlarini qoraladi. Tramp esa taxminan 38 daqiqalik nutqida Isroilni faqat bir marta tilga oldi.
BMT bosh kotibi sifatida Bosh assambleyada soʻnggi bor nutq soʻzlayotgan Antonio Guterrish Yaqin Sharqdagi mojarolar zanjirsimon tarzda kuchayib borayotganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, «oʻt ochishni toʻxtatish» deb atalgan kelishuvlar uchun narxni tinch aholi toʻlashda davom etmoqda. U yetakchilarni janglarni toʻxtatishga va humanitar yordamni oʻtkazishga chaqirdi.
BMT rasmiysi 2023-yildagi Hamas hujumini «jirkanch terror» deb atadi va shundan keyin Gʻazodagi falastinliklarga qarshi keng koʻlamli hujum boshlanganini bildirdi.
«Gʻazodagi [holat] – Bosh kotiblik yillarimda koʻrmagan darajadagi qirgʻin va vayronagarchilik. …Gʻarbiy Sohilda Isroil tomonidan zoʻravonlik, koʻchirish va manzilgohlar kengayishi esa «tinchlik yoʻlini buldozerdek ezib, etnik tozalash xavfini yuzaga chiqarmoqda», dedi Guterrish.
Shuningdek, Guterrish Xalqaro sudning genotsid konvensiyasi boʻyicha ishdagi majburiy vaqtinchalik choralarini eslatib, barcha tomonlarni sud qarorlariga boʻysunishga chaqirdi. Bu qarorlarda Isroilga Gʻazoda genotsid harakatlarining oldini olish, genotsidga ochiq daʼvatlarni jazolash, humanitar yordamni toʻsiqsiz oʻtkazish va dalillarni saqlash buyurilgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp Gʻazodagi urushni tugatganini taʼkidlab, Isroil haqida faqat bir marta — 7-oktabrdagi hujumining uch yilligini eslaganida gapirdi.

