BMTda chiqish qilgan yetakchilar va Turkiyada bolalar ishtirokidagi otishma – kun dayjesti
Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

BMTda soʻzga chiqqan yetakchilar va Turkiyada bolalar qatnashgan otishma – kun dayjesti
22 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasidagi yuqori darajadagi umumiy munozaralar boshlandi. 6 ish kuni davom etadigan munozaralar kelasi dushanba kuni yakunlanadi.
Birinchi kun ikki xil dunyoqarashning toʻqnashuvi bilan yodda qoldi. Antoniu Guterrish BMT Bosh kotibi sifatida Assambleyadagi soʻnggi nutqini soʻzladi. U soʻnggi yillarda dunyodagi yoriqlar jarlarga aylanganini aytdi. Uning taʼkidlashicha, super davlatlar xavfsizlikni kafolatlash yoki dunyo muammolarini hal qilish uchun yakka oʻzi yetarli qudratga ega emas.
Isroil nomini tilga olmagan holda, u Gʻazodagi vaziyatni oʻz faoliyatida koʻrmagan miqyosdagi qirgʻin va vayronagarchilik deb atadi. Shuningdek, Gʻarbiy sohildagi zoʻravonlik va koʻchmanchilar ekspansiyasi ikki davlat yechimini yoʻqqa chiqarayotganidan ogohlantirdi.
Braziliya prezidenti Lula da Silva BMTning obroʻsi Xavfsizlik Kengashidagi veto huquqidan foydalanish va geosiyosiy keskinlik sabab zaiflashganini aytdi.
Mezbon davlat vakili sifatida soʻzlagan AQSH prezidenti Donald Tramp esa ancha uzoq nutq qildi. U Eron bilan kelishuv tuzish yoki uni butunlay yoʻq qilish orasida qaror qilayotganini bildirdi. U sunʼiy intellektni global tartibga solish gʻoyasini rad etdi. Tramp Kuba hukumati yaqin orada qulashini bashorat qildi va Xalqaro jinoyat sudiga aʼzo davlatlarni undan chiqishga chaqirdi. Shuningdek, u sunʼiy intellektni «superintellekt» deb qayta nomladi va narkokartellarni ISHID bilan qiyosladi.
Tramp Kubaga bosim kampaniyasi haqida gapirayotgan paytda Kuba delegatsiyasi zalni tark etdi. Nutqdan keyin u AQSH rasmiylari Assambleya chetida Eron vakillari bilan uch soatlik «juda yaxshi» uchrashuv oʻtkazganini maʼlum qildi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan nutqida asosiy eʼtiborni Falastin masalasiga qaratdi. U xalqaro hamjamiyatni Gʻazo boʻyicha qatʼiyroq choralar koʻrishga, Falastin davlatini tan olishga chaqirdi. Uning nutqi vaqtida Isroil delegatsiyasi zalni tark etdi.
Fransiya prezidenti sifatida BMTdagi soʻnggi nutqini soʻzlagan Emmanuel Makron dunyo tanlov oldida turganini aytdi: yo «oʻrmon qonuni»ga qaytish, yo sivilizatsiyalashgan xalqaro jamiyatda yashash. U Rossiya va Ukraina energetika hamda fuqarolik infratuzilmasiga zarba berishdan oʻzaro voz kechishini qoʻllab-quvvatladi. Tramp global sunʼiy intellekt regulyatsiyasini rad etgan bir paytda, Makron davlatlarni Xitoy va AQShdan mustaqil, ochiq kodli ilgʻor sunʼiy intellekt modelini birgalikda yaratishga chaqirdi.

