Isroillik vazir G‘azo aholisini vatanidan majburan chiqarib yuborish rejasini taqdim etdi

**Isroillik vazir G‘azo aholisini vatanidan majburan chiqarib yuborish rejasini taqdim etdi**
Isroilning milliy xavfsizlik vaziri, o‘ta o‘ngchi siyosatchi Itamar Ben-Gvir G‘azo sektoridagi barcha falastinliklarni majburan chiqarib yuborib, xorijga jo‘natish rejasini oshkor qildi.
Isroilda parlament saylovlari oldidan so‘zlagan Ben-Gvir ushbu rejaning maqsadini bayon etdi. Uning aytishicha, birinchi yil ichida G‘azodan 250 ming falastinlik chiqarib yuboriladi. Qolgan qariyb 2 million aholi esa keyingi olti yil davomida ko‘chiriladi.
“Bu real reja”, dedi Ben-Gvir.
U qaysi davlatlar ekanini aytmagan holda, G‘azodagi falastinliklarni qabul qilishga tayyor mamlakatlar borligini da’vo qildi.
Bosib olingan hududlarda tinch aholini majburan ko‘chirish Jeneva konvensiyalariga ko‘ra urush jinoyati hisoblanadi.
“Shunga qaramay, isroillik siyosatchilar G‘azo bo‘yicha o‘zlarining shafqatsiz qarashlarini ilgari surishda bir-biri bilan musobaqalashmoqda”, deyiladi xabarda.
Ular AQSH prezidenti Donald Trampning doimiy Isroil hujumlari sababli barbod bo‘layotgan otashkesim kelishuvini ilgari surish urinishlarini rad etmoqda.
Ben-Gvir o‘ta o‘ngchi “Yahudiy kuchi” partiyasi bo‘lajak hukumatni shakllantirish jarayonida emigratsiya bo‘yicha vazirlik tashkil etishni talab qilishini aytdi. U bu reja bir yarim yillik mehnat mahsuli va aniq taklif ekanini ham qo‘shimcha qildi.
Bu taklif 20 sahifali hujjatda keltirilgan. Hujjat “G‘azo sektoridan ko‘ngilli ravishda ko‘chib ketish bo‘yicha milliy ish rejasi” deb nomlangan.
Hujjatda “ko‘ngilli” so‘zi ishlatilgan bo‘lsa-da, xalqaro hamjamiyat bu rejani majburiy deb hisoblaydi. Chunki Isroil G‘azo aholisi uchun juda og‘ir sharoitlarni yuzaga keltirgan va Ben-Gvirning aniq maqsadi falastinliklarni hududdan to‘liq chiqarib yuborishdan iborat.
2026-yil boshida BMTning mustaqil surishtiruv komissiyasi Isroil G‘azodagi falastinlik bolalarni qasddan nishonga olib, genotsid sodir etishda davom etayotganini aniqlagan edi.
Ben-Gvirning bu bayonoti Isroil mudofaa vaziri Isroil Katsning chiqishidan keyin yangradi. Kats Isroil falastinliklarni G‘azodan ko‘chirish uchun Tramp ma’muriyatidan ruxsat so‘rayotganini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu masala Tramp tomonidan muzlatib qo‘yilganidan keyin hamon muhokama qilinmoqda.
Kats Yedioth Ahronoth gazetasi anjumanida Isroil ko‘chib ketishga har qanday vosita bilan ko‘maklashishini aytdi. Bu esa majburlash siyosatini anglatadi.
Trampning o‘zi ham ikkinchi prezidentlik muddatining boshida barcha 2 million falastinlik G‘azodan chiqib ketishi va AQSH bu hududni qayta qurishi kerakligini taklif qilib, xalqaro norozilikka sabab bo‘lgan edi. Keyinchalik u bu taklifidan qaytgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa 2-sentyabr kuni G‘azodagi harbiy istehkomga tashrif buyurdi. U Isroil o‘zi egallab olgan G‘azo hududlaridan chiqib ketmasligini aytdi.
“Biz ortga chekinmaymiz. Bu chiziqda qolamiz. Sektorning 60 foizini nazorat qilyapmiz. Hali bu davom etadi, chunki biz o‘zimizga tahdid solayotgan terrorchilarni har kuni yo‘q qilyapmiz”, dedi Netanyaxu.
G‘azo aholisini haydab chiqarishni talab qilish bilan birga, Ben-Gvir Isroilga sodiq bo‘lmagan ikki deputat va boshqa shaxslarni, shu jumladan yahudiylarni ham mamlakatdan deportatsiya qilishga chaqirdi. U keyingi hukumatga kirsa, shunday siyosatni ilgari surishini aytdi.
Avvalroq Ben-Gvir Isroilda falastinlik mahbuslarni osish uchun dor qurilayotgani haqida ma’lum qilgandi. U qatlni kuzatish uchun mahbuslar oilasiga joy ajratilishini aytgan. Isroil terrorchilikda ayblangan falastinliklar uchun o‘lim jazosini qo‘llaydi.

