Foto: Amerika bazalarida Eron hujumidan keyingi vayronagarchiliklar

Foto: Amerika bazalarida Eron hujumidan keyingi vayronagarchiliklar
CBS News Eronning Yaqin Sharqdagi AQSH bazalariga raketa va dronlar bilan uyushtirgan hujumi oqibatlarini aks ettiruvchi suratlarni eʼlon qildi. Vayronagarchilik tasvirlari nashrga amaldagi harbiy xizmatchilar tomonidan anonimlik sharti bilan yuborilgan.
Suratlardan birida Saudiya Arabistonidagi Shahzoda Sulton aviabazasida hujumga uchragan Boeing E-3 Centry samolyoti ko‘rinadi — uchoqning dum qismi uzilib ketgan. Shuningdek, bazadagi boshqa vayronagarchiliklar ham ko‘rinadi.
AQSH qo‘shinlarining Kuvaytdagi Byuring lageridan olingan suratlarda esa portlatilgan avtomobil, vayron bo‘lgan kazarmalar va treylerlar aks etgan.
Kuvaytdagi Arifjon lagerida Eron zarbasi oqibatida binolardan birining yuqori qavatlari yonib ketgan.
Eronning Kuvaytdagi Amerika bazalariga hujumi haqida 3-sentyabr kuni Press TV fors telekanali xabar bergan edi.
9-sentyabr kuni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) Iordaniyadagi Amerika tomonidan boshqariladigan Al-Azraq aviabazasiga raketa zarbasi yo‘llaganini eʼlon qildi. IIQK ushbu hujumlar F-35, F-16 va F-15 qiruvchi samolyotlari saqlanadigan binolarga qaratilganini va dushmanga jiddiy zarar yetkazilganini daʼvo qildi.
Ertasi kuni AQSH prezidenti Donald Tramp News Nation nashriga bergan intervyusida Iordaniya bazasiga uyushtirilgan hujumda AQSHning birorta harbiy samolyotiga zarar yetmaganini aytdi.
Shu hafta Pentagon Erondagi urush bo‘yicha yangi hisobot eʼlon qildi, unda jangovar harakatlar davomida 3,7 milliard dollarlik zarar ko‘rilgani, jumladan, 60 ga yaqin samolyot ishdan chiqqani qayd etilgan. Hisobotda AQSH Markaziy qo‘mondonligi Eron tomonidan Kuvayt, Bahrayn, Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni, Iroq, Ummon va Iordaniyadagi AQSH bazalariga zarbalar berilganini xabar qilgan.

