Eron AQSHning Iordaniyadagi bazasiga hujum qilishda Xitoy sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan foydalangan

Eron AQSHning Iordaniyadagi bazasiga zarba berishda Xitoy sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan foydalangan
Eron iyul oyida Iordaniyadagi Amerika harbiy bazasiga hujum qilish chog‘ida Xitoy tashkilotlari taqdim etgan yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh suratlaridan foydalangan. Ushbu hujumda uch nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan.
AQSH rasmiylarining bildirishicha, Tehron 17-iyuldagi zarbada og‘ir zarar ko‘rgan Muvaffaq Salti aviabazasining yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini qo‘lga kiritgan. Rasmiylar Xitoy tashkilotlarining nomlarini oshkor etmadi va Xitoy hukumati bu hujumga bevosita aloqador degan fikrni ham ilgari surmadi.
Mazkur xabar AQSH prezidenti Donald Tramp va Xitoy raisi Si Szinpin o‘rtasida 24-sentyabrga belgilangan uchrashuv arafasida Vashington bilan Pekin o‘rtasidagi taranglik kuchaygan pallada paydo bo‘ldi.
Amerika rasmiylari bir necha oydan beri Xitoy kompaniyalari Eronning Amerika kuchlariga qarshi ishlatishi mumkin bo‘lgan sun’iy yo‘ldosh suratlarini sotayotgani haqida ogohlantirib kelgan edi.
Iyul oyida Eronning ballistik raketalari Iordaniyaning shimoli-sharqidagi Muvaffaq Salti aviabazasining turar joy hududiga kelib tushib, uch nafar AQSH askarini o‘ldirgan va to‘rt nafarini yaralagan. Rasmiylarning aytishicha, Eron bazadagi uchuvchili va uchuvchisiz samolyotlarni ham nishonga olgan.
Bu hujum aprel oyidagi otashkesimdan beri AQSH harbiylari ilk bor halok bo‘lgan voqea bo‘ldi. Shundan so‘ng Vashingtonda Eronning Amerika harbiy obyektlarini topish va ularga zarba berish imkoniyati ortib borayotgani borasida xavotir kuchaydi.
Hujumdan keyingi uch kun ichida Eron bazaning ayrim qismlariga yetkazilgan zararni ko‘rsatuvchi yuqori aniqlikdagi suratlarni e’lon qildi. Ommaga ochiq past aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, 20 dan ortiq inshoot shikastlangan.
AQSH rasmiylarining aytishicha, bu urush davrida Xitoyning Eronni qo‘llab-quvvatlashi Amerika kuchlari uchun halokatli oqibatlarga olib kelganini ko‘rsatuvchi eng ishonchli dalildir.
Xitoy rasmiylari bu ayblovlarni rad etib, dalillar taqdim etishni talab qildi. Ta’kidlanishicha, Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Chan tanqidchilarni nizodan foydalanib boshqa davlatlarga ataylab tuhmat qilishda ayblagan. U Xitoyning Eron bilan hamkorligi xalqaro huquqqa mos kelishini ham qo‘shimcha qilgan.
AQSH rasmiylarining ta’kidlashicha, Eron Rossiyadan olinadigan razvedka ma’lumotlari va tasvirlarga, shuningdek, o‘zining sun’iy yo‘ldoshlari hamda manbalariga tayanadi. Eron so‘nggi bor 9-sentyabrga o‘tar kechasi Amerikaning Iordaniyadagi harbiy bazasiga hujum qilgan edi. Biroq Iordaniyaning havo hujumidan mudofaa tizimlari Tehronning 20 ta raketasidan 18 tasini urib tushirgan.

