“Xitoy Eronni yakkalatib qo‘yishda yordamga tayyor” — AQSH vitse-prezidenti

“Xitoy Eronni yakkalashda yordam berishga tayyor” — AQSH vitse-prezidenti
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Xitoy Eronni yakkalab qo‘yish borasida yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish hajmi deyarli urushdan oldingi darajaga qaytgan va Eron strategik suv yo‘li ustidan nazoratini yo‘qotgan.
“Uch oy oldingi holatni eslasak, Eron tahdidlari sababli bo‘g‘ozdan deyarli neft va gaz chiqmayotgan edi. Hozir esa ko‘rsatkichlar urush boshlanishidan oldingi darajaga yetdi”, dedi Vens Oq uydagi brifingda.
Vensning aytishicha, Eronning Hormuz bo‘g‘ozidagi nazorati amalda yakunlangan. AQSH esa Tehron kemalarga qarata o‘t ochishni to‘xtatmaguncha u bilan muzokara olib bormaydi.
Vitse-prezident, shuningdek, Xitoy Eronni iqtisodiy jihatdan yakkalashga qaratilgan sa’y-harakatlarda hamkorlik qilishga tayyorligini aytdi. Xitoy dunyodagi eng yirik xom neft importchisi bo‘lib, uzoq vaqtdan beri Eron neftining asosiy xaridorlaridan biri hisoblanadi. Shu bois Pekin Vashingtonning Tehronga iqtisodiy bosim o‘tkazish rejalarida muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, Vens AQSH Eron janubidagi to‘yda yuz bergani aytilayotgan zarbani tekshirayotganini bildirdi. Eron rasmiylariga ko‘ra, bu hujum oqibatida 4 kishi, jumladan, bir bola halok bo‘lgan va 68 kishi yaralangan.
Xabarlarga ko‘ra, zarba 2-sentyabrga o‘tar kechasi Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yidagi Kuhestak sohil bo‘yi shaharchasida bo‘lib o‘tayotgan to‘y marosimiga berilgan. Eron rasmiylari buning uchun AQSHni ayblab, hujumni urush jinoyati deb atadi.
“Bu holatni tekshiryapmiz”, dedi Vens va shu bilan birga Tehron bergan ma’lumotga shubha bilan qarashini qo‘shimcha qildi.
“Eron davlat OAV shu paytgacha mojaroda nima sodir bo‘lgani haqida to‘g‘ri axborot bermadi. Shuning uchun men bunga shubha bilan qarayman”, dedi u.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi bu zarba yuzasidan aniq munosabat bildirmadi. Biroq AQSH harbiylari hech qachon tinch aholini nishonga olmasligini ta’kidladi.
So‘nggi voqealar AQSH va Isroilning 28-fevral kuni Eronga qarshi boshlagan bombardimonlaridan keyin Vashington va Tehron o‘rtasida davom etayotgan keskinlik fonida yuz bermoqda. Aprel oyidagi otashkesim shiddatli janglarning birinchi bosqichiga chek qo‘ygan edi. Shunga qaramay, Hurmuz bo‘g‘ozi va uning atrofida vaqti-vaqti bilan to‘qnashuvlar davom etmoqda.

