Eron sakkizta davlatdagi AQSH harbiy bazalariga zarar yetkazgan yoki yoʻq qilgan - Pentagon hisoboti
Eronning Yaqin Sharqdagi AQSH diplomatik obyektlariga yetkazgan zarari taxminan 184 million dollarni tashkil etadi.

Eron sakkiz davlatdagi AQSH harbiy bazalariga zarar yetkazgan yoki ularni yoʻq qilgan — Pentagon hisoboti
Pentagon bosh inspektori AQSH Mudofaa vazirligining Eron bilan urush oqibatida Amerika infratuzilmasi va texnikasida yuz bergan yoʻqotishlar haqidagi ilk rasmiy hisobotini eʼlon qildi.
Hujjatga koʻra, urushning dastlabki oylarida Eron zarbalari Kuvayt, Bahrayn, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Iroq, Ummon va Iordaniyadagi AQSH harbiy bazalarida yuzlab bino va inshootlarga zarar yetkazgan yoki ularni vayron qilgan.
Shuningdek, urush boshlangan 28-fevraldan 30-iyungacha boʻlgan davrni qamrab olgan hisobot AQSHning asosiy oʻq-dori zaxiralarida taqchillik borligini ham tasdiqlagan.
Hisobotda Eron zarbalari Amerika armiyasining mintaqadagi odatiy harakat usullarida sezilarli oʻzgarishlarga sabab boʻlgani ham aytiladi. AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qoʻmondonligi Eron va uning ittifoqchi kuchlari hujumlari tufayli «xodimlar, resurslar va omborlarni qayta joylashtirgan».
Hisobotda qayd etilishicha, bu choralar orasida Iroq va Kuvaytdan armiyaning tibbiy evakuatsiya vertolyotlarini olib chiqish ham bor edi, bu esa «tibbiy evakuatsiyalarning aksariyati mahalliy tibbiyot muassasalariga quruqlik transporti orqali amalga oshirilganini» anglatadi.
Ayni paytda, Harbiy-dengiz kuchlari kotibi vazifasini bajaruvchi Xung Kao soʻzlariga koʻra, Eron yaqinda «parchalab tashlagan» Bahrayndagi harbiy-dengiz kuchlari mintaqaviy markazining yoʻq qilinishi «tegishli harbiy-dengiz bazalari va taʼminot portlarini» yaratishda «sezilarli qiyinchiliklar» tugʻdirgan.
«Bu Hind okeanidagi chekka Diyego-Garsiya orolining dengiz logistikasi markaziga aylanishiga olib keldi, bu esa zaxiralarni toʻldirish davrlarini 14-18 kungacha uzaytirdi», - deyiladi materialda.
Shu sababli, taʼminotning vaqti-vaqti bilan taqchilligi hamda mintaqaviy harbiy pochta tizimidagi uzilishlar amerikalik dengizchilarning Eronga havo hujumlarini qoʻllab-quvvatlash uchun Fors koʻrfazida rekord darajada uzoq muddat joylashishi va soʻnggi oylarda uning portlarini qamal qilishi chogʻida duch kelgan qiyinchiliklarini yanada kuchaytirdi.
«Yaqin Sharqdagi harbiy hozirlikdagi oʻzgarishlar doimiy boʻlib qolishi mumkin - harbiy va razvedka doiralari vakillari urush tugaganidan keyin mintaqadagi amerikalik xodimlar va obyektlar sonini uzoq muddatga qisqartirish istiqbolini eʼtiborni tortmasdan muhokama qilishdi», - dedi CNN manbalari.

