AQSHning ayrim hududlarida 100 tadan kam Patriot raketasi qoldi — NYT

AQSHning ayrim hududlarida 100 tadan kam Patriot raketasi qoldi — NYT
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Eron bilan urush davomida Amerikaning muhim o‘q-dorilar zaxirasi tarixiy minimumga tushgani haqida harbiy qo‘mondonlardan ogohlantirish olgan.
Bahor va yoz oylarida Vens Yaqin Sharq, Yevropa va Osiyodagi amerikalik qo‘mondonlar bilan bevosita bog‘lanib, Eron bilan urush yuzasidan ularning baholarini so‘ragan. Vitse-prezident, shuningdek, qurol-yarog‘ning Yaqin Sharqqa yuborilishi AQSHning Xitoy, Rossiya va Shimoliy Koreyani tiyib turish imkoniyatiga qanday ta’sir qilayotganiga ham qiziqqan.
Ayniqsa, qo‘mondonlarni Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun mo‘ljallangan tutib oluvchi raketalar zaxirasining qisqarishi tashvishga solgan. Bahor oxiriga borib AQSHning harbiy hududlaridan birida bunday raketalardan 100 tadan kam qolgan.
Shuningdek, Eron bilan urush qariyb 300 kilometr masofadagi nishonlarga zarba bera oladigan ATACMS raketalari va ularning o‘rnini bosishi kerak bo‘lgan yangi Precision Strike Missile (PrSM) zaxiralariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.
Harbiylar Vensga ushbu turdagi muhim o‘q-dorilar zaxirasi ular kuzatuv olib borgan davrdagi eng past darajaga tushganini bildirgan. Bu esa Eronning javob zarbalarini qaytarish bilan bir paytda boshqa mintaqalardagi ehtimoliy tahdidlarga qarshi turish imkoniyatlari borasida savollarni keltirib chiqargan.
NYT manbalariga ko‘ra, Vens olgan ma’lumotlar Eron hukumati AQSH kutganidan ko‘ra ko‘proq bosimga bardosh bera olayotganini ham ko‘rsatgan. Vitse-prezident ushbu baholarni Donald Tramp va uning eng yaqin maslahatchilari bilan yopiq suhbatlarda muhokama qilgan.
Ayni paytda Tramp Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Den Keyndan Amerika o‘q-dori zaxiralariga tushayotgan bosim va Eron kuchlarining holati haqida ma’lumot ola boshlagan. Prezident dastlab ayrim baholarga ishonishda qiynalgan.
Bu ma’lumotlar Tramp ma’muriyatining ommaviy bayonotlaridan farq qilgan. AQSH prezidenti mamlakat Eron bilan urushda g‘alaba qozonganini va Amerika qurol-yarog‘i zaxiralarida muammo yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan.
Qurol zaxiralarining kamayishi haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lgach, Pentagonda keng ko‘lamli tekshiruv boshlangan. Avgust oyida Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasining qariyb 50 nafar harbiy va fuqarolik xodimi poligrafdan o‘tkazilgan. Tekshiruvning asosiy maqsadlaridan biri o‘q-dori zaxiralari haqidagi maxfiy ma’lumotlarni OAVga kim yetkazganini aniqlash bo‘lgan.
Vens urush boshlanganidan bir necha kun o‘tib vaziyat haqida batafsil ma’lumot to‘play boshlagan. U 28-fevraldagi hujumdan oldin ham Eronga qarshi urush boshlashga qarshi chiqqan, biroq Tramp qaror qabul qilgach, uni omma oldida himoya qilgan.
Pentagon dastlab harbiy kampaniya taxminan olti hafta davom etishini hisobga olgan. Janglar bu muddatdan ancha cho‘zilgach, boshqa hududlardagi Amerika qo‘mondonliklariga o‘z zaxiralaridan Yaqin Sharqqa qo‘shimcha o‘q-dorilar yuborish buyurilgan.
Aprelga kelib Tramp urush dastlab rejalashtirilganidek ketmayotganini anglab, Vens, Jared Kushner va maxsus vakil Stiv Uitkoffga Eron bilan kelishuv yo‘llarini izlashga ruxsat bergan. Muzokaralar iyun oyida 60 kunlik kelishuvga olib kelgan, biroq avgustda ushbu muddat yakunlanganda tomonlar yakuniy bitimga erisha olmagan.
AQSH qurol zaxiralari kamayib borayotgani haqida avval ham ma’lumotlar tarqalgan. Avgust boshida Amerika armiyasi Eron bilan urush davomida ATACMS va PrSM uzoq masofali raketalarining katta qismini sarflab bo‘lgani ma’lum qilingan edi. O‘shanda harbiy rahbarlar Patriot raketalari zaxirasi ham kamayib borayotganidan ogohlantirgandi.
Mart oyidayoq Pentagon zaxiralarni to‘ldirish, jumladan Patriot va THAAD raketalarini xarid qilish uchun Kongressdan 200 mlrd dollar qo‘shimcha mablag‘ so‘ragan. Urushning dastlabki besh kunida AQSH Patriot tutib oluvchi raketalarining o‘ziga taxminan 2,4 mlrd dollar sarflagani haqida ham ma’lumot berilgan.

