CNN: Ukrainada Patriot uchun raketalar deyarli tugagan
Ukrainada AQShning Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun mo‘ljallangan raketa-to‘suvchilar zaxirasi keskin kamaygan. CNN bilan suhbatlashgan ukrainalik rasmiylar mamlakatda bunday raketalar deyarli tugaganini bildirgan. Muammo Rossiyaning ballistik raketa hujumlari kuchayib borayotgan bir paytda yanada jiddiy tus olmoqda.

CNN telekanalining 17-avgustdagi xabariga ko‘ra, Ukrainada Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar deyarli tugagan. Bu ma’lumotni telekanal jurnalistlariga ukrainalik rasmiylar taqdim etgan.
CNN muxbirlariga Ukrainadagi Patriot tizimlarining 16 ta raketa uchirish qurilmasi ko‘rsatilgan bo‘lib, ularda muntazam foydalanilganini ko‘rsatuvchi izlar mavjud edi. Biroq, ushbu majmualarga xizmat ko‘rsatuvchi bosh muhandisning so‘zlariga ko‘ra, u so‘nggi olti hafta davomida Patriot tizimlarining biror marta ishlatilganini ko‘rmagan.
Bu holat Rossiya so‘nggi oylarda Ukrainaga havo va raketa zarbalarini kuchaytirgan bir paytda kuzatilmoqda. Xususan, Kiyev ham vaqti-vaqti bilan ballistik raketalar bilan nishonga olinmoqda.
5-avgust kuni Kiyev Rossiya tomonidan uchirilgan 28 ta ballistik raketaning birortasini ham urib tushirish imkoni bo‘lmaganini ma’lum qilgan. Ukraina tomoni buni zarur havo hujumidan mudofaa vositalari yetishmasligi bilan izohlagan.
Politico nashrining bahosiga ko‘ra, tanqislik, birinchi navbatda, Patriot tizimi uchun mo‘ljallangan PAC-3 va PAC-2 raketalariga taalluqli. Ular Rossiyaning yuqori tezlikdagi ballistik qurollariga qarshi Ukrainaning eng samarali vositalari qatoriga kiradi.
**Ukrainada qancha Patriot raketasi qolgan?**
Ukraina hukumati mamlakat ixtiyorida aniq qancha Patriot raketa-to‘suvchisi qolganini ochiqlamayapti.
Prezident Volodimir Zelenskiy 13-avgust kuni e’lon qilingan CNN bilan intervyusida AQSh zaxiralaridagi Patriot raketalarining 5 foizi Ukrainaga qishdan chiqib olish uchun yetarli bo‘lishini aytgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSh o‘z zaxiralaridagi raketalarning 10 foizini Ukrainaga sotsa, Kiyev Rossiyaning barcha ballistik raketalarini urib tushirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
"Menda 1 foiz bor", degan Zelenskiy.
Ukraina prezidenti zarur miqdordagi Patriot raketalarini olish uchun Kiyev ixtiyorida bor-yo‘g‘i bir necha oy vaqt qolganini ham ta’kidlagan.
Uning aytishicha, Ukraina 2026-yilda o‘tgan yilga nisbatan 2,5 baravar kam raketa-to‘suvchiga ega. Ayni paytda Rossiya har oy avvalgiga nisbatan ikki baravardan ham ko‘proq ballistik raketa ishlatmoqda.
**Erondagi urush tanqislikni kuchaytirgan**
CNN ma’lumotiga ko‘ra, Patriot raketalarini yetkazib berish bilan bog‘liq global muammolar mart–aprel oylarida, AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi davomida ulardan faol foydalanilishi ortidan kuchaygan.
CNN tayangan Foreign Policy Research Institute hisob-kitoblariga ko‘ra, Erondagi urushning dastlabki to‘rt kunida koalitsiya kuchlari juda katta miqdorda raketa-to‘suvchilarni sarflagan. Bu esa mavjud zaxiralar va yangi raketalar ishlab chiqarish imkoniyatlariga bosimni oshirgan.
Tahlilchilar hisob-kitobiga ko‘ra, Lockheed Martin 2025-yil davomida Patriot uchun 620 ta raketa-to‘suvchi ishlab chiqargan. Bu kuniga o‘rtacha 1,7 ta raketa degani.
Shu sababli janglarda raketalarning yuqori sur’atda sarflanishi bilan ularni ishlab chiqarish hajmi o‘rtasida katta tafovut yuzaga kelgan.
Pentagon yanvar oyida Lockheed Martin bilan yetti yillik shartnoma imzolagan. Unga muvofiq, Patriot raketalarini ishlab chiqarish quvvatini yiliga 2 mingtagacha oshirish rejalashtirilgan.
**Ukraina Patriot raketalarini o‘zi ishlab chiqara oladimi?**
CNN materialida Ukrainada Patriot raketalarini ishlab chiqarish masalasi ham tilga olingan.
AQSh prezidenti Donald Tramp NATOning Anqaradagi sammitida Vashington Kiyevga Patriot havo va raketa hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketa-to‘suvchilar ishlab chiqarish litsenziyasini berishini aytgan edi.
Biroq keyinchalik AQShning NATOdagi elchisi Mettyu Uitaker uzoq muddatli ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuv qishgacha imzolanmasligini, Ukrainada dastlabki raketalarni ishlab chiqarish esa bundan ham ko‘proq vaqt talab qilishini bildirgan.
Keyinroq Tramp Patriot raketalarini ishlab chiqarish litsenziyasini Ukrainaga berish hali hal qilingan masala emasligini va bu borada muzokaralar davom etayotganini aytgan.
6-avgust kuni Zelenskiyning Ukrainaga ko‘proq Patriot raketalari yetkazib berish haqidagi chaqiriqlariga munosabat bildirgan Tramp: "Bizga ham raketalar kerak", degan.
Avstriya Qurolli kuchlari Milliy mudofaa akademiyasi dotsenti, harbiy ekspert Gustav Gressel esa DW bilan suhbatda Ukraina yaqin vaqt ichida Patriot raketalarini ishlab chiqarish litsenziyasini olishiga shubha bildirgan.
Uning fikricha, Ukraina bu masalada dastlab haddan tashqari optimistik bo‘lgan. Ekspert eng yaxshi ssenariyda ham Ukraina PAC-2 turidagi raketalarni ishlab chiqarish litsenziyasini olishi uchun 4–5 yil vaqt ketishi mumkinligini aytgan.

