Eron urushi AQSh oʻq-dorilari taqchilligiga olib keldi, deya tasdiqladi Pentagon inspektori
Inspektor, shuningdek, Prezident Donald Trampning AQSh zaxiralari «deyarli cheksiz» degan daʼvolariga qaramay, taʼminotda uzilishlar borligini aniqladi.

Eron urushi AQSh oʻq-dorilari taqchilligiga sabab boʻldi, deb tasdiqladi Pentagon inspektori
AQSh Mudofaa vazirligi bosh inspektorining maʼlum qilishicha, Eron bilan urush oʻq-dorilar «tanqisligi»ni va ularni yetkazib berishda tiqinlarni yuzaga keltirgan. Bu AQShda zaxiralar tugab borayotganini qayta-qayta inkor etib kelayotgan Prezident Donald Trampning soʻzlariga toʻgʻridan-toʻgʻri ziddir.
Tramp AQShning oʻq-dori zaxiralari «deyarli cheksiz» ekanini taʼkidlab, bunga teskari xabarlarni «soxta xabarlar» (fake news) deb rad etgan edi.
Biroq, mustaqil nazorat organining bildirishicha, AQSh fevraldan iyungacha oʻq-dorilar uchun 22 milliard dollardan ortiq mablagʻ sarflagan, bu esa «strategik zaxiralar tanqisligi»ga olib kelgan.
Yangi hisobot odatda maxfiy saqlanadigan maʼlumot — AQSh qurol-yarogʻ zaxiralariga doir ilk bor taqdim etilayotgan mustaqil bahodir.
Bundan oldingi taxminlar ham AQSh uchun jiddiy taqchillik manzarasini koʻrsatgan edi.
Urush davomida AQSh kuchlari ham uzoq masofali quruqlikdagi hujum tizimlaridan, ham Eronning hujumlarini qaytarish uchun safarbar etilgan havo va raketaga qarshi mudofaa tizimlaridan juda katta miqdorda foydalandi.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) tomonidan iyul oyi oxirida eʼlon qilingan baholashga koʻra, baʼzi tutib qoluvchi raketalar, jumladan, Patriot va THAAD (Terminal High Altitude Area Defense) tizimlari zaxiralari keskin kamaygan, ayrim hollarda esa yarmidan koʻproqqa qisqargan.
Bosh inspektor hisobotida aynan qancha qurol qolgani ochiqlanmagan.
Shunday boʻlsa-da, unda zaxiralar tanqisligiga ishora qilingan va oʻq-dorilarni qayta yetkazib berishga toʻsqinlik qilayotgan «sanoat bazasidagi tiqinlar» koʻrsatib oʻtilgan.
Hisobotda, shuningdek, Mudofaa vazirligi taqchillikni bartaraf etish va «favqulodda vaziyatlarga tezkorlik bilan javob qaytarish» uchun hozirda «xarid qilish jarayonlari va ishlab chiqarish muddatlarini soddalashtirishga» harakat qilayotgani aytiladi.
Tramp va maʼmuriyatning boshqa rasmiylari taqchillik haqidagi xabarlarni yolgʻon va «xiyonatkorona» deb koʻrsatishga urinishdi.
Masalan, Mudofaa vaziri Pit Xegset 4 avgust kuni X ijtimoiy tarmogʻidagi postida taqchillik haqidagi xabarlarni «haqiqatga toʻgʻri kelmaydi» deb atadi.
Tramp esa 3 sentyabr kuni Truth Social tarmogʻidagi uzun postida AQSh «deyarli cheksiz» miqdorda oʻq-doriga ega ekanini hamda «zaxira toʻplayotgani va yuz berishi mumkin boʻlgan har qanday favqulodda vaziyatga tayyorgarlik koʻrayotganini» aytdi.
Nazorat organi hisobotida, shuningdek, texnikaviy yoʻqotishlar 3,7 milliard dollarga yetgani, boshqa xarajatlar esa yana 7,4 milliard dollarni tashkil etgani aytiladi. Umumiy hisobda, AQSh 28 fevraldan 30 iyungacha urush uchun 33,4 milliard dollar (24,7 milliard funt sterling) sarflagan.
Yoʻqotishlar orasida «turli sharoitlarda» vayron qilingan toʻrtta F-15e qiruvchi samolyoti, yuqori texnologiyali bitta F-35 Joint Strike Fighter va 30 ta MQ-9 dronlari bor.
AQSh va Isroil zarbalari boshlanganda, Tramp mojaro bir necha hafta ichida tugashini qayta-qayta taʼkidlagan edi.
Yaqinda esa u mojaro AQShdagi noyabr oyidagi oraliq saylovlardan «keyingina» tugashi mumkinligini aytdi.
Soʻrovnomalar urush amerikaliklar oʻrtasida ommabop emasligini koʻrsatmoqda.
Sentyabr oyi boshida eʼlon qilingan Reuters/Ipsos soʻrovnomasiga koʻra, amerikaliklarning atigi 23 foizi — va respublikachilarning atigi yarmi — AQSh Eron bilan harbiy harakatlar boshlanishidan oldingiga qaraganda kuchliroq mavqega ega boʻldi, deb hisoblaydi.

