Tramp Eronni “rasman inqirozga uchragan davlat” deb atadi

Tramp Eronni "rasman inqirozga uchragan davlat" deb atadi
AQSH prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Eronni "rasman inqirozga uchragan davlat" deb ta'rifladi va mamlakat rahbarlari yolg'on da'volarga asoslanib ish ko'rayotganini ta'kidladi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
Ikki davlat o'rtasidagi keskinlik kuchaygan bir paytda, Tramp Truth Social platformasida shunday yozdi: "Eron rasman inqirozga uchragan davlat. U barbod bo'ldi!"
Tramp so'zida davom etib, Eronning harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlari qolmaganini, valyutasi esa og'ir ahvolga tushib qolganini aytdi. "Ular o'z harbiylari yoki politsiyasiga maosh to'lamayapti. Inflyatsiya 300 foizga yetgan. Rahbariyat to'liq tartibsizlik ichida va mamlakatni munosib idora etishga qodir emas. Ularning qo'lida bor narsa bu AQSHdan olinadigan soxta xabarlar, o'z namoyishchilarini o'ldirishga tayyorlik hamda yaxshigina aldamchilikdir", dedi AQSH prezidenti.
AQSH rasmiysining Al Arabiya nashriga ma'lum qilishicha, 30-avgust kuni Amerika kuchlari Larak orolidagi Eronning ikkita raketa qurilmasiga zarba bergan. Bunga Eron Islom Inqilobi qo'riqchilari korpusining Hormuz bo'g'oziga dengiz minalari tashlovchi raketalarni uchirishga tayyorlanayotgani sabab bo'lgan.
AQSHning Eronga uyushtirgan oxirgi ma'lum zarbalari iyul oyi oxirida sodir bo'lgan edi. Oxirgi haftalarda urush boshi berk ko'chaga kirib qolgan. Eron OAVning xabar berishicha, Eron Larak orolidagi hujumga javoban Amerikaning Iordaniyadagi bazalariga zarba bergan.
Tramp 31-avgust kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida AQSH Eronning Iordaniyadagi Amerika kuchlariga tunda uyushtirgan hujumiga javob qaytarishini aytdi. "Biz ularga qaqshatgich zarba beramiz. Javob albatta bo'ladi", deya Tramp so'zlaridan keltirmoqda Fox News muxbiri.
Shuningdek, Tramp nashrga Eron rejimiga qarshi joriy etilgan amaldagi AQSH sanksiyalari juda kuchli ta'sir ko'rsatayotganini bildirdi.

