Texnologiya

Fastfudlar xotira yomonlashishiga sabab boʻlishi mumkin – tadqiqot

Fastfudlar xotiraning yomonlashishiga olib kelishi mumkin — tadqiqot

Odatda xotiraning oʻtkirligi faqat miya faoliyati bilan bogʻlanadi. Ammo kalamushlarda oʻtkazilgan yangi tadqiqot bu jarayonda ovqat hazm qilish tizimi ham ishtirok etishini koʻrsatdi. Tadqiqot natijalari Nature Communications jurnalida eʼlon qilindi.

Tadqiqotchilar ovqat xotirani qanday faollashtirishini aniqladi. Maʼlum boʻlishicha, fastfud ichak va miya oʻrtasidagi ushbu muhim aloqani buzishi mumkin.

Tajriba davomida kalamushlarga ovqat hazm boʻlganda ichakda tabiiy ravishda ishlab chiqariladigan toʻqlik gormoni yuborildi. Shundan keyin ularning miyasida xotira bilan bogʻliq modda miqdori keskin oshdi. Olimlar ichakdan miyaga boradigan bu signal yoʻlida yana bir muhim boʻgʻin borligini aniqladi. U miyaning chuqur qismida joylashgan kichik nerv hujayralari guruhidan iborat. Tadqiqotchilar shu nerv hujayralarini vaqtincha ishdan chiqarganda, ichakdan kelayotgan signal miyaning xotira uchun javob beradigan qismiga yetib bormadi. Natijada xotira ham mustahkamlanmadi.

Kalamushlarga turli xil suyuqliklar ham berildi: kaloriyali shirin suv, suyuq yogʻ va shakar oʻrnini bosuvchi moddalar qoʻshilgan ichimliklar. Natijada miyada xotira bilan bogʻliq modda faqat haqiqiy kaloriya qabul qilinganda koʻpaygani aniqlandi. Yaʼni bunga shirin taʼmning oʻzi emas, aynan ovqatdagi kaloriya sabab boʻlgan. Ichak va miyani bogʻlaydigan nerv jarrohlik yoʻli bilan uzilganda esa bu reaksiya butunlay yoʻqolgan.

Eng xavotirli natija zararli ovqatlar bilan bogʻliq tajribada kuzatildi. Yosh kalamushlarga bir oy davomida chips va shokolad kabi yogʻli hamda shirin mahsulotlar berildi. Keyin ular yana odatiy ovqatlanish tartibiga qaytarildi. Ammo shunga qaramay, ovqat hazm qilish bilan bogʻliq xotira mexanizmi tiklanmadi. Kalamushlar toʻqlik gormoniga avvalgidek javob bermay qoʻydi va keragidan koʻproq ovqatlana boshladi.

Bu natija yoshlikda zararli ovqatlarni koʻp isteʼmol qilish ichak va miya oʻrtasidagi aloqani uzoq vaqtga buzishi mumkinligini koʻrsatadi.

Yakuniy tajribada kalamushlar maxsus labirintga qoʻyildi — u yerda kemiruvchilar ovqat qayerga yashirilganini eslab qolishi kerak edi. Sogʻlom kalamushlar ovqatni oson topdi. Ichak va miyani bogʻlaydigan nervi shikastlangan yoki bu signalni uzatadigan miya qismi faoliyati buzilgan kalamushlar esa koʻp holda notoʻgʻri yoʻlni tanladi.

Zararli ovqat bilan oziqlangan kalamushlar ham ovqatning joyini yomon eslab qolgan.

Biroq tajribalar faqat erkak kalamushlarda oʻtkazilgan. Shu sababli olimlar bu jarayon odamlarda boshqacha ishlashi mumkinligini va aniq xulosa chiqarish uchun qoʻshimcha tadqiqotlar zarurligini taʼkidlamoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.