Texnologiya

“Selfi va suratlar miyaga xotiralarni saqlab qolishga xalaqit beradi” — olimlar

Olimlarning ta’kidlashicha, selfi va suratga olish miyada xotiralarning saqlanishiga to‘sqinlik qiladi. Binghemton universiteti tadqiqotchilari shuni aniqladilarki, odamlar o‘zlari suratga olgan tasvirlarni shunchaki tomosha qilganlariga nisbatan yomonroq eslab qolishadi. Ushbu tajribalar natijalari Memory & Cognition jurnalida chop etildi.

Tadqiqotda 892 kishi ishtirok etdi. Tajribalardan birida ko‘ngillilarga san’at asarlari tasvirlari ko‘rsatilib, ularni shunchaki tomosha qilish yoki skrinshotga olish taklif qilindi. O‘n daqiqadan so‘ng ishtirokchilardan o‘xshash rasmlar orasidan avvalroq ko‘rganlarini topish so‘raldi.

Ishtirokchilar suratga olgan tasvirlarni xotira yomonroq qayta ishladi. Qizig‘i shundaki, odamlar bo‘lajak sinov haqida oldindan ogohlantirilganda va olingan skrinshotlardan foydalanish imkoniyati berilganda ham bu ta’sir saqlanib qoldi.

Bu holat “kognitiv yengillashish” deb ataladigan jarayon bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Inson voqeani kamera orqali muhrlaganda, miya go‘yo shunday signal oladi: barcha tafsilotlarni saqlash shart emas, chunki ular allaqachon telefonga saqlab olingan. Natijada, diqqat qisman voqeaning o‘zidan suratga olish jarayoniga o‘tadi. Hatto surat keyinroq kerak bo‘lishiga ishonch ham odamlarni voqealarni yaxshiroq eslab qolishga majbur qila olmadi, deya izoh berishdi olimlar.

Tadqiqotchilar yana bir ehtimolni tekshirib ko‘rishdi: suratga olish xotiraning yomonlashuvini boshqa biror afzallik bilan qoplay oladimi? Biroq, suratga olgan ishtirokchilar boshqa topshiriqlarda, jumladan, matematik masalalar va xotira testlarida ham sezilarli darajada yaxshi natija ko‘rsatmadi.

Mualliflarning qayd etishicha, bu natijalar suratga olish odati xotira uchun zararli degani emas. Boshqa tadqiqotlar ba’zi vaziyatlarda suratga olish aksincha, voqealarni eslab qolishga yordam berishi mumkinligini ko‘rsatgan. Biroq, yangi tadqiqot voqealarni doimiy ravishda qayd etib borish miyaning xotiralarni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan resurslarining bir qismini olib qo‘yishi mumkinligi haqidagi dalillarni tasdiqladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.