Laboratoriyada o‘stirilgan inson miya to‘qimasi sichqonga ko‘chirib o‘tkazildi

Laboratoriyada yetishtirilgan inson miya to‘qimasi sichqonga ko‘chirildi
Olimlar laboratoriyada o‘stirilgan inson miyasi to‘qimasini genetik muhandislik orqali yetishtirilgan sichqonlarga ko‘chirib o‘tkazdi. Tadqiqotchilar buni inson miyasi rivojlanishini o‘rganishda muhim bosqich deb baholamoqda. Ularning fikricha, bu usul autizm, tutqanoq (epilepsiya), bosh miya falaji (DCP) va shizofreniya kabi og‘ir kasalliklar sabablarini o‘rganishni tezlashtirishi mumkin.
Ma’lum bo‘lishicha, miya to‘qimasi sichqonlarga ko‘chirib o‘tkazilgach, u miya rivojlanishining asosiy xususiyatlarini namoyon qilgan va neyron tarmoqlarini hosil qilgan. Tajriba uchun miya po‘stlog‘ining katta qismi bo‘lmagan sichqonlar tanlab olingan. Olimlarning aytishicha, etik sabablarga ko‘ra tirik inson miyasi to‘qimasini o‘rganishning imkoni yo‘q, shu bois bu usul juda ahamiyatlidir.
Stenford universiteti neyrobiologi va Nature jurnalida e’lon qilingan tadqiqot muallifi Serjiu Pashka bu usul yordamida inson asab to‘qimasini genlardan tortib alohida hujayralargacha o‘rganish mumkinligini aytdi.
Olimlar laboratoriyada inson miya po‘stlog‘ining asosiy hujayralarini hosil qiluvchi kichik 3D “organoidlar” yaratdi. Miya po‘stlog‘i fikrlash, til, diqqat va qaror qabul qilish kabi jarayonlarni boshqaradi. Organoidlar teri yoki qon hujayralarini o‘zak hujayralarga aylantirish orqali o‘stirildi.
Olimlar sichqonlarning miyasi va xotira qismi o‘smaydigan qilib genini o‘zgartirdi. Natijada sichqon miyasida bo‘sh joy paydo bo‘ldi. Shu bo‘sh joyga inson miyasi bo‘lagini o‘tkazishdi va u shu yerda rivojlanib, sichqonning asab tizimiga ulanib ketdi. Bu to‘qima ichida hatto xotira susayishi (aqli zaiflik) kasalligida birinchi bo‘lib zararlanadigan juda kamyob inson hujayralari (fon Ekonomo neyronlari) ham o‘sib chiqdi.
Shundan so‘ng olimlar sichqonlarni kislorod kam muhitga solib ko‘rdi. Oddiy sichqonlarga bu ta’sir qilmadi. Ammo inson miyasi to‘qimasi bor sichqonlarning harakati va yurishi buzildi.
Olimlarning ta’kidlashicha, bu tadqiqot kasalliklar qanday paydo bo‘lishini tirik organizmda kuzatish imkonini beradi. Xususan, bu tug‘uruq vaqtida kislorod yetishmay qolgan chaqaloqlarda miya qanday zararlanishini tushunishga yordam beradi.

