Farg‘onada tergovchi pora olganlikda gumonlanib ushlandi
U jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdorini kamaytirish va ayblanuvchiga nisbatan e’lon qilingan qidiruvni bekor qilish evaziga pora olganlikda gumon qilinmoqda.

Farg‘onada tergovchi pora olganlikda gumon bilan qo‘lga olindi
Farg‘ona viloyatida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Farg‘ona shahar bo‘limi tergovchisi pora olganlikda gumon qilinib ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Bildirilishicha, DXX xodimlari Bosh prokuraturaning Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan.
Tadbir chog‘ida tergovchi Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasidagi tergov harakatlarini ayblanuvchi foydasiga hal qilish, yetkazilgan zarar miqdorini kamaytirish hamda unga nisbatan e’lon qilingan qidiruvni bekor qilib berish evaziga pora olganlikda gumon qilinib ushlangan.
Mazkur holat bo‘yicha tergovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

