Farg‘onada homilador ayolning o‘limiga sababchi bo‘lib, fojia izini yashirish uchun soxta COVID-19 hujjati tayyorlatgan shifokorning ozodligi cheklandi

Farg‘onada homilador ayolning o‘limiga sabab bo‘lib, fojia izini berkitish uchun soxta COVID-19 hujjati tayyorlatgan shifokorning ozodligi cheklab qo‘yildi
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida homilador ayol vafot etgani ortidan ikki shifokorga sud hukmi chiqarildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 62 yoshli akusher-ginekolog X.O‘. Buvayda tumani tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limida faoliyat yuritgan. 2025-yil 22-noyabr kuni soat 10:30 lar atrofida bo‘limga 40–41 haftalik homilador M.N. murojaat qilgan. Sud hujjatlariga ko‘ra, shifokor bemorning tibbiy kartasi, avvalgi kasalliklari va homilaning holatini yetarli darajada o‘rganmagan.
X.O‘. ayolga tug‘uruqni sun’iy chaqiruvchi “Glandin-E” preparatini qo‘llagan va buning evaziga uning turmush o‘rtog‘idan 150 ming so‘m olgan. Bir necha soat o‘tib, ayolning qog‘onoq suvi ketgan va ahvoli keskin yomonlashgan. Qon bosimi pasayib, nafas olishi qiyinlashgan, yuzi ko‘kara boshlagan. Bemor jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, o‘sha kuni ayol ham, uning homilasi ham vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi ayol qog‘onoq suvi emboliyasi oqibatida yuzaga kelgan DVS sindromi va ko‘p a’zolar yetishmovchiligidan hayotdan ko‘z yumganini aniqlagan. Ekspertiza xulosasida bemor yetarlicha tekshirilmagani, tug‘uruq jarayoni to‘liq kuzatilmagani va malakali yordam ko‘rsatish kechiktirilgani qayd etilgan. Shuningdek, yordam o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rsatilganida ona hamda homilaning hayotini saqlab qolish imkoniyati istisno etilmasligi bildirilgan.
Shundan keyin X.O‘. aybini yashirish maqsadida xususiy diagnostika markazi ta’sischisi va laborant-shifokor B.O. bilan til biriktirgan. U marhumada COVID-19 aniqlangani haqida qalbaki xulosa tayyorlatib, hujjatni bemorning kasallik tarixiga qo‘shgan.
“Marhuma COVID-19’dan vafot etgandek ko‘rsatish uchun qon namunasi bo‘lmasa-da, ijobiy xulosa oldim. Lekin “Glandin-E” shamchasini qo‘llamaganman, to‘g‘rirog‘i, qo‘llashga ulgurmaganman”, degan sudlanuvchi.
Biroq guvohlardan biri shifokorning preparatni qo‘llaganini bevosita ko‘rganini bildirgan. B.O. ham sudda aybiga iqror bo‘lib, marhumadan qon namunasi olinmagani sababli avval xulosa tayyorlashdan bosh tortganini aytgan.
“Qoni bo‘lmasa, tekshiruv xulosasini bera olmasligimni aytdim. X.O‘. COVID’ga ijobiy xulosa yasab beraver, qolgan masala bo‘lsa, o‘zim javob beraman’, dedi”, degan u.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudi X.O‘.ni Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (kasb vazifalarini lozim darajada bajarmaslik), 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 3-qismi (hujjatlarni qalbakilashtirish va qalbaki hujjatdan foydalanish) bilan aybli deb topgan. Unga 3 yil 1 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, bir yil akusher-ginekologiya bo‘limida ishlashi taqiqlangan. B.O. Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilgan. Unga ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda bir yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

