Mahalliy

Farg‘onada IIB xodimi yolg‘iz ayolning uyiga bostirib kirishga urindi

7-avgust, tungi soat 2 lar chamasi. Farg‘ona shahri Ekoshahar mavzesida izg‘ib yurgan mast holdagi ichki ishlar xodimi begona ayolning uyiga bostirib kirishga urindi. Ko‘p qavatli uyning 1-qavatida yashovchi, 7 oylik homilasi bo‘lgan Shahnoza Olimova o‘sha kuni ikki yashar qizi bilan uyda yolg‘iz edi – turmush o‘rtog‘i xizmat safari bilan poytaxtga ketgandi. Oyog‘ida tura olmaydigan darajada mast bo‘lgan notanish erkak ayolning derazasini taqillatadi, bir muddatdan keyin derazani tashqaridan buzib ochishni uddalaydi.

Farg‘onada IIB xodimi yolg‘iz ayolning uyiga bostirib kirishga urindi

7-avgustga o‘tar kechasi, taxminan soat 02:00 da Farg‘ona shahri Ekoshahar mavzesida mast holatdagi ichki ishlar xodimi begona ayolning uyiga bostirib kirishga harakat qildi. Ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida yashovchi, 7 oylik homilador Shahnoza Olimova o‘sha kuni ikki yashar qizi bilan uyda yolg‘iz edi, chunki turmush o‘rtog‘i xizmat safari bilan poytaxtga ketgan edi. Oyoqda tura olmaydigan darajada mast bo‘lgan noma’lum erkak ayolning derazasini taqillatib, bir ozdan keyin derazani tashqaridan buzib ochishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘z vaqtida yordamga kelgan qo‘shnilar erkakni uchastka nozirlariga topshirdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu shaxs Farg‘ona shahar IIB xodimi Asadullo Abdurashidov bo‘lib, avval ham mast holatda birovning uyiga bostirib kirgani aytilmoqda.

**“Hamkasblari uni qo‘yib yuborishgan”**

Shahnoza Olimova voqeani quyidagicha hikoya qildi: “Farg‘ona shahri Ekoshaharda yashayman. 6-avgustdan 7-avgustga o‘tar kechasi soat taxminan 02:00 larda derazam to‘satdan taqilladi. Turmush o‘rtog‘im xizmat safari bilan Toshkentga ketgandi. Avvaliga uxlab qolgan bo‘lsam, turmush o‘rtog‘im kelganini bilmadimmikan, deya deraza yoniga bordim. Qarasam, begona erkak derazam yonida turibdi. U to‘xtovsiz ravishda deraza oynasini taqillatishga o‘tdi. Ko‘cha tomonda 3 ta deraza bor, uchchalasini ham birin-ketin taqillatib chiqdi. 20 daqiqa kutdim, ketib qolar, adashgan bo‘lsa kerak, desam ketmadi. O‘sha kuni 2 yoshli qizim bilan uyda yolg‘iz edik. 7 oylik homiladorman. 102 ga qo‘ng‘iroq qildim. Oradan yana 20 daqiqa o‘tgandan keyin, 112 raqamiga ham chiqdim. Soat 02:40 lar chamasi. IIB xodimlari hali ham kelmagan edi. Bu paytda notanish erkak derazani ochishga urinayotgandi. Shundan so‘ng yordam so‘rab qo‘shni ayolga qo‘ng‘iroq qildim. Qo‘shnim pastki qavatga tushgunicha begona erkak derazalarimdan birini tashqaridan ochib, ichkariga kirishga urinayotgan edi. Qo‘shnilar ko‘pchilik bo‘lib erkakni ushlashdi. Soat 03:20 larda uchastka noziri kelib, erkakni olib ketdi. Uchastka nozirlari uyimga bostirib kirgan erkakning Farg‘ona shahar IIB xodimi ekanini bilib, qo‘yib yuborishgan ekan. O‘sha erkak qaytib kelib, “dom”imiz yoniga qo‘yib ketgan mashinasini oyoqda tura olmaydigan darajada mast holatda haydab ketdi. Holat bo‘yicha IIBga ariza topshirdim. Shundan keyin mazam qochib qoldi. Shifoxonaga olib ketishdi. Qo‘rqqanimdan qornimdagi homila teskari bo‘lib kelib qolgan ekan. “Roddom”ga yo‘llanma berishdi. Orada uyimga bostirib kirgan erkakning turmush o‘rtog‘i qo‘ng‘iroq qilib, xodim avvallari ham shunday hunar ko‘rsatgani haqida aytdi. Aytishlaricha, o‘sha erkak bundan avval turmushga uzatilayotgan, yaqinda to‘yi bo‘lishi kutilayotgan qiz yashaydigan xonadon hovlisiga mast holatda bostirib kirgan. Oila sha’nini o‘ylab, xodim ustidan ariza topshirishmagan ekan. Mast holatda uyimga bostirib kirgan xodim ichki ishlar tizimida ishlashga noloyiq. U bugun mening uyimga bostirib kirdi, ertaga yana boshqasinikiga kirmasligiga kim kafolat beradi? Xodimga qat’iy chora ko‘rilishini talab qilaman.”

**“Mashinani mast holatda boshqarib ketdi” - yordamga chiqqan qo‘shni ayol**

Yordamga chiqqan qo‘shni ayolning so‘zlariga ko‘ra: “Qo‘shni ayol tunda yordam so‘rab qo‘ng‘iroq qildi. O‘g‘lim bilan chiqdik. Oyoqda tura olmaydigan darajada ichib olgan mast erkak derazani ochib qo‘shnimning uyiga kirishga urinayotgan ekan. Erkakni ko‘pchilik bo‘lib ushladik. Keyin uchastka nozirlari kelib olib ketishdi. Keyin bilsak, erkak IIB xodimi bo‘lgani uchun qo‘yib yuborishgan ekan. Hech qancha vaqt o‘tmasdan qaytib kelib, mast holatda yana mashinasini boshqarib ketdi.”

Farg‘ona viloyati IIB matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Farg‘ona shahar Nurafshon mahallasida yashovchi ayol haqiqatan ham 7-avgust kuni Farg‘ona shahar IIB xodimining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib 102 raqamiga murojaat qilgan. Holat yuzasidan viloyat IIB tomonidan o‘rganish ishlari ketayotgani, voqeaga huquqiy baho berilib, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanishi ma’lum qilindi. Rasmiy izohda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma’lumot uchramaydi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Farg‘ona viloyatida ichki ishlar tizimida kuzatilgan ko‘plab noxush va sharmandali holatlardan keyin, joriy yil boshida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i almashtirilgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.