Mahalliy

Surxondaryoda jarrohlar e’tiborsizligi tufayli homilador ayol vafot etdi

Surxondaryoda jarrohlarning loqaydligi oqibatida homilador ayol hayotdan ko‘z yumdi

Surxondaryoda homilador ayolning vafoti bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan ikki nafar jarrohga hukm chiqarildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2025-yil 13-iyul kuni kechqurun homilador S.T.da qorin sohasida og‘riq, ko‘ngil aynishi va qayt qilish kabi belgilar paydo bo‘lgan. Ertasi kuni soat 05:00 lar atrofida u onasi va opalari bilan tuman tibbiyot birlashmasiga kelib, navbatchi jarroh Ch.X. ko‘rigidan o‘tgan.

S.T.ning qorin qismida 2019-yilda o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan qolgan chandiq mavjud bo‘lgan. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, bemor ichak tutilishini aniqlash uchun zarur laborator va instrumental tekshiruvlardan o‘tkazilmagan hamda unga aniq tashxis qo‘yilmagan.

Jarroh Ch.X. sudda S.T.ning eski operatsiya chandig‘ini ko‘rganini, bemor 2019-yilda turmush o‘rtog‘i urishi oqibatida qorin sohasidan operatsiya qilinganini aytganini bildirgan. Biroq u ko‘rik chog‘ida o‘tkir jarrohlik kasalligi alomatlarini aniqlamagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bemorning bir necha soat avval ichi kelib, yel chiqargani sabab ichak tutilishi ehtimolini istisno qilgan. Ch.X. ayolga oshqozon faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi tashxisini qo‘yib, muolaja belgilagan. Keyingi ko‘rikda og‘riq va qayt qilish to‘xtagach, bezovtalik qaytalansa shifoxonaga murojaat qilishni tavsiya etib, uni uyiga jo‘natgan.

15-iyul kuni S.T. boshqa navbatchi jarroh — X.Sh. ko‘rigidan o‘tgan. Ish hujjatlariga ko‘ra, bu safar ham qayta laborator va instrumental tekshiruvlar tayinlanmagan.

X.Sh. ham bemorning qornidagi eski operatsiya chandig‘ini ko‘rgan. U S.T.ga surunkali pankreatit tashxisini qo‘yib, muolaja va klizma buyurgan. Klizmadan so‘ng ayolning ichi kelib, yel chiqqani va og‘riq kamaygani sabab uni tug‘uruq bo‘limiga yuborgan.

X.Sh. sudda S.T.ning qo‘lida ikki kun avvalgi UZI xulosasi bo‘lgani uchun takroriy tekshiruv tayinlamaganini aytgan. Shuningdek, 31 haftalik homiladorlikni inobatga olib, rentgen tekshiruvining homilaga ta’sirini hisobga olganini bildirgan. Jarroh ayolni viloyat shifoxonasiga olib borishni tavsiya qilgan, biroq uning onasi kun kech bo‘lgani sabab ertasi kuni borishini aytgan. 16-iyul kuni S.T.ning ahvoli og‘irlashgan. Tekshiruvlardan so‘ng unda ichak tutilishi aniqlanib, Denov tumanidagi tibbiyot muassasasiga olib borilgan va operatsiya qilingan.

Jarrohlik jarayonida ingichka ichakning bir qismi nekrozga uchragani va teshilgani, ichak massalari esa qorin bo‘shlig‘iga tarqalgani aniqlangan. Nekrozga uchragan ichakning qariyb 50 santimetr qismi olib tashlangan. Operatsiyadan keyin ayol o‘ziga kelgan, bu paytda uning homilasi ham tirik bo‘lgan.

Shunga qaramay, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, S.T. ichak tutilishi oqibatida yuzaga kelgan og‘ir asoratlar sabab 17-iyul kuni vafot etgan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ayol ichak tutilishi oqibatida yuzaga kelgan ichak nekrozi, peritonit, sepsis va ko‘p a’zolar yetishmovchiligidan vafot etgan. Komissiya kasallik dastlabki murojaat kunidayoq aniqlanib, o‘z vaqtida operatsiya qilinganida ayol va uning homilasini saqlab qolish imkoniyati yuqori bo‘lganini bildirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudi Ch.X. va X.Sh.ni Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan, ya’ni kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lish jinoyatini sodir etganlikda aybdor deb topdi. Ularning har biriga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shuningdek, ikki jarroh 1 yil 6 oy davomida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida jarroh lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilindi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.