Farg‘onada buvisini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan yigit 17 yilga qamaldi

Farg‘onada buvisini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan yigit 17 yilga qamaldi
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida 20 yoshli yigit o‘z buvisini o‘ldirib, jinoyat izlarini berkitish maqsadida uning jasadi bo‘lgan xonadonga o‘t qo‘ydi. Bu jinoyatni sodir etishda uning tengdoshi ham sherik bo‘lgan. Sud qaroriga ko‘ra, yigit 17 yilga, sherigi esa 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, marhuma Bag‘dod tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida yolg‘iz yashagan. U odamlarga foiz evaziga pul berib kelgani va xonadonida mablag‘i borligini nabirasi yaxshi bilgan. Avval ham o‘g‘rilik jinoyati uchun ikki marta sudlangan nabira navbatdagi jinoyatni aynan shu pulni qo‘lga kiritish uchun rejalashtirgan.
Jinoyatdan ikki kun oldin u Toshkentda ishlab yurgan tanishiga qo‘ng‘iroq qilib, Bag‘dodda pul ishlab olish mumkinligini aytgan. Sherigi tumanga qaytib kelgach, ular tungi soat 23:00 larda jinoiy rejani muhokama qilgan. Ertasi kuni soat 15:00 larda marhumaning yashash manziliga borib, vaziyatni o‘rganishgan, biroq ko‘chada odamlar ko‘pligi sabab rejani amalga oshirmay ortga qaytishgan.
Oradan bir kun o‘tib, ular yana xonadonga kelgan. Bu safar atrofda hech kim bo‘lmagan va buvining ham uyda yo‘qligidan foydalanib, xonadonga kirib, pul hamda qimmatbaho buyumlarni qidira boshlagan. Shu payt marhuma uyiga qaytib kelib, ularga qarshilik ko‘rsatgan.
Shundan so‘ng nabirasi o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan buvisining ko‘krak qismiga zarba bergan. Ayol og‘ir tan jarohati olib, hushidan ketgan. Shundan keyin jinoyatchilar xonadondan tilla zanjir va zirak, avtomobil monitori hamda 2 million so‘m pulni olib chiqib ketgan.
Keyin nabira jinoyat izlarini yashirish maqsadida yana xonadonga qaytgan. U soat 16:00 lar atrofida yoqilg‘i quyish shoxobchasidan 10 litr benzin olib, uni uy yaqiniga yashirgan. Soat 23:00 larda benzinni olib xonadonga kirib, uyning turli joylariga va buvisining jasadiga sepgan hamda o‘t qo‘ygan. Shundan so‘ng eshikni qulflab, voqea joyidan ketgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha birinchi sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikkinchi qismining “p” bandi, 169-moddasi ikkinchi qismining “g” bandi va 173-moddasi ikkinchi qismining “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 17 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Ikkinchi sudlanuvchi esa Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikkinchi qismining “p” bandi va 169-moddasi ikkinchi qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

