Dunyo

Eronning yangi mudofaa vaziri Mehrdod Axloqiy kim?

Axloqiyning tajribasi asosan ballistik raketalar, aerokosmik texnologiyalar va mudofaa-sanoat ishlab chiqarishi sohalarida toʻplangan.

Eronning yangi mudofaa vaziri Mehrdod Axloqiy kim?

Mehrdod Axloqiy Kitobchi Eron mudofaa va qurolli kuchlarni taʼminlash vaziri lavozimiga tayinlandi. 18-oktabr kuni Eron parlamenti onlayn yigʻilishda 68 yoshli Axloqiyning nomzodini tasdiqladi.

Bu qaror AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi yanada kuchayishi kutilayotgan bir vaqtda qabul qilindi.

Eronning sobiq mudofaa vaziri Aziz Nasirzoda urushning birinchi kuni — 28-fevralda Isroil zarbalari natijasida halok boʻlgandi. Oʻsha kuni Oliy rahbar Ali Xominaiy va boshqa koʻplab yuqori martabali eronlik shaxslar ham halok boʻlgandi.

Shundan beri bu lavozimni vaqtincha Majid Ibn Rizo egallab kelayotgandi. Endilikda u Axloqiyning oʻrinbosari boʻladi.

Yarim yildan oshgan urush davomida AQSH va Isroil Eronning harbiy-sanoat infratuzilmasiga jiddiy zarbalar bergan.

Yangi vazirning mudofaa rejalari bundan oldin yuqori harbiy rahbariyat, Eron prezidenti Masʼud Pezeshkiyon va parlamentning Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat komissiyasi tomonidan maʼqullangan.

«Eron Islom Respublikasi hech bir davlatga qarshi tajovuzni boshlab beruvchi tomon boʻlmaydi. Biroq har qanday tajovuzga qarshi mamlakatning hududiy yaxlitligini qatʼiyat bilan va oʻlimgacha himoya qiladi»

Prezidentning soʻzlariga koʻra, Axloqiy mudofaa vazirligi va unga aloqador tashkilotlarda 42 yildan ortiq tajribaga ega.

Uning asosiy ixtisosligi ballistik raketalar, qattiq yoqilgʻili dvigatel tizimlari, aerokosmik texnologiyalar va harbiy-sanoat ishlab chiqarishidir. U avval Erondagi qurol ishlab chiqaruvchi uchta tashkilotga rahbarlik qilgan. Axloqiy va bu tuzilmalar AQSH sanksiyalari ostida.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.