Dunyo

Iroq Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruhlar qachon qurolsizlantirilishini ma’lum qildi

Iroq Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruhlar qachon qurolsizlantirilishini ma’lum qildi

Iroq bosh vaziri Ali az-Zaidiy Bag‘dod Eron bilan aloqador qurolli guruhlarni qurolsizlantirish jarayonini 2027-yil iyunigacha yakunlashini aytdi. Shu bilan mamlakatdagi kuchli qurolli tuzilmalarni hukumat nazoratiga olish uchun muddat belgilandi.

Az-Zaidiy The New York Times nashriga bergan intervyusida taklif etilgan rejaning tafsilotlarini ochib berdi. Uning aytishicha, qurolli guruhlar avval 90 kun davomida hech qanday hujum uyushtirmasligi kerak. Buning evaziga ularga AQSH kuchlari tomonidan nishonga olinmaslik kafolati beriladi.

Keyin guruhlar qurollarini topshirishni boshlaydi. Hukumat bu jarayonni 2027-yil 30-iyungacha to‘liq tugatishni rejalashtirmoqda. Biroq NYT xabariga ko‘ra, qurolli guruhlarning o‘zi bu muddatni 2027-yil oxirigacha cho‘zishni so‘ramoqda.

Avvalroq yoz oylarida az-Zaidiy qurolli guruhlar 30-sentyabrga qadar — AQSHning so‘nggi harbiylari Iroqni tark etishi kerak bo‘lgan kungacha qurolsizlantirilishini aytgan edi. Qurolli guruhlar bu muddatni darhol rad etgan. Shundan so‘ng Iroq rasmiylari o‘z bayonotini qaytarib olib, 30-sentyabr kuni qurolsizlantirish jarayoni yakunlanishini emas, balki boshlanishini bildirgan.

Shundan beri az-Zaidiy hukumati qurolli guruhlar bilan shartlarni muhokama qilish uchun alohida qo‘mita tuzdi. Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, kelishilgan jadval 30-sentyabr kuni rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.

“Bu ixtiyoriy masala emas. Bu zaruratdir. Ilgari bu haqda gapirganlar keyinchalik o‘z so‘zidan qaytgan edi. Ular bosimga yoki boshqa xavotirlarga taslim bo‘lgan. Men uchun esa bu masala korrupsiya kabi or-nomus masalasidir”, dedi bosh vazir.

“Mustahkam iqtisodiyotni barpo etish uchun avvalo qurol nazorat ostiga olinishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.

Ushbu reja Tramp ma’muriyati Bag‘dodga katta harbiy va siyosiy ta’sirga ega bo‘lgan Eron bilan aloqador guruhlarni jilovlash bo‘yicha bosim o‘tkazayotgan bir paytda paydo bo‘ldi.

Tehron AQSH bilan qarama-qarshilikda o‘ziga ittifoqchi bo‘lgan ushbu qurolli guruhlarga tayanadi. Ular qo‘shni Kuvayt va Iordaniyaga, shuningdek, Iroqdagi energetika obyektlariga hamda AQSHning Bag‘doddagi elchixonasiga bir necha bor zarba bergan.

Sentyabr oyida Saudiya Arabistoni Iroq hududidan amalga oshirilgan bir qator dron hujumlari qirollikning “Sharq—G‘arb” neft quvuriga shikast yetkazganini ma’lum qildi. Global neft yetkazib berishning 4 foizini ta’minlaydigan bu quvurga qilingan hujum qirollikni strategik obyektni vaqtincha to‘xtatishga majbur qilgandi.

Az-Zaidiy lavozimga tayinlanganidan beri birinchi marta Nyu Yorkda BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etmoqda. 21-sentyabr kuni u sammit doirasida AQSH davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuv o‘tkazdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.