“Eron rejimi yaqinda qulaydi” — Netanyaxu

“Eron rejimi yaqinda qulaydi” — Netanyaxu
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 3-sentyabr kuni Eron hukumatining yaqin orada ag‘darilishiga ishonch bildirdi. AQSH hujumlarni qayta boshlagan bir vaqtda u Eron tuzumi har qachongidan ham zaiflashganini aytdi.
“Bu rejim hozirda har qachongidan ham zaif. Hukumat o‘zining omon qolishi uchun kurashmoqda”, dedi Netanyaxu Isroil harbiy yetakchilari bilan o‘tgan tadbirda.
U so‘zida davom etib, Eron tahdidi yo‘q qilinishini qo‘shimcha qildi:
“Men bu tahdidni uzil-kesil yo‘q qila olishimizga, ya’ni bu rejimni ag‘darishimizga ishonaman. Bu hali oldimizda turgan asosiy vazifadir, lekin bu juda yaqin. Buni amalga oshirish imkonsiz emas va qo‘limizdan keladi”.
Netanyaxu bir necha o‘n yilliklar davomida Eronning din ulamolari boshqarayotgan davlatini mavjudlikka tahdid deb ta’riflab kelgan. U fevral oyi oxirida AQSH bilan birgalikda Eronga qarshi hujum boshlagan edi. Biroq prezident Donald Tramp aprel oyida otashkesim e’lon qilgan.
So‘nggi kunlarda AQSH iqtisodiy bosimni kuchaytirdi va shu haftada zarbalarni qayta boshladi. Bunga javoban Eron Fors ko‘rfazidagi Amerika ittifoqchilariga, Iordaniyaga hamda Iroqning muxtor Kurdiston hududiga qarata o‘t ochdi. Lekin Isroilga hujum qilmadi.
“Agar ular bizga hujum qilmayotgan bo‘lsa, bu tasodif emas. Ular hammaga hujum qilmoqda, lekin bizga emas. Ular bizning qudratimizni, qurolimiz va azmu shijoatimizning kuchini bildi”, dedi Netanyxu.
Bosh vazirning bu bayonotlari 27-oktyabrda Isroilda bo‘lib o‘tadigan umumiy saylovlar oldidan berildi. Ayrim so‘rovnomalar uning ortda qolayotganini ko‘rsatmoqda. Muxolifat yetakchilari esa uni Eron masalasida muvaffaqiyatsizlikka uchraganlikda ayblamoqda.
Kuni kecha Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats Eron hujum qilgan taqdirda, u o‘z mamlakati katta kuch bilan javob berishga tayyorligini aytgan edi. U Isroil kuchlari sentyabr o‘rtalarida boshlanadigan yahudiylarning muhim bayramlari paytida Eron tomonidan ehtimoliy hujum kutilayotganini va mamlakat bunga tayyor ekanini bildirgan.

