Eron va arab davlatlarining Hormuz bo‘yicha uchrashuvi qoldirildi

**Eron va arab davlatlarining Hormuz bo‘yicha uchrashuvi qoldirildi**
Ummon 14-sentyabr kuni Eron va Fors ko‘rfazi mamlakatlari o‘rtasida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan uchrashuv keyinga surilganini ma’lum qildi. Ushbu muzokara Yaqin Sharqdagi urushning eng keskin nuqtasiga aylangan Hormuz bo‘g‘oziga bag‘ishlanishi kerak edi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi Ummon mezbonlik qiladigan uchrashuv haqida avvalroq xabar bergan edi. Unda jahon neft va gaz oqimi uchun nihoyatda muhim bo‘lgan bo‘g‘ozning kelajagi muhokama qilinishi rejalashtirilgandi.
Tehron muzokarada Iroq va Ko‘rfaz davlatlari qatnashishini bildirgan, biroq aynan qaysi mamlakatlar kelishini ochiqlamagan edi. Mintaqadagi hech bir davlat ishtirokini tasdiqlamadi, Bahrayn esa uchrashuvga bormasligini aytdi.
“Dushanba kuni Salala shahrida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan mintaqaviy uchrashuvni keyinroqqa qoldirishga qaror qilindi. Bu konstruktiv muloqot uchun mos sharoit yaratish maqsadida qilindi”, deyiladi Ummon axborot agentligi xabarida.
Ummon tashqi ishlar vaziri Badr al-Busaiydiy X sahifasida bayonot berdi. U mintaqada barqarorlik va uzoq muddatli hamkorlikni ta’minlaydigan muloqotni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytdi.
AQSH va Isroil 28-fevral kuni Eronga zarba berganidan so‘ng mintaqada keng ko‘lamli urush boshlandi. Eron Hormuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ydi, keyinroq AQSH Tehronga qarshi dengiz blokadasini joriy etdi. Iyun oyida Vashington va Tehron o‘rtasida tuzilgan muvaqqat kelishuv Hormuz bo‘yicha kelishmovchiliklar sabab barbod bo‘ldi.
Yaqin Sharqdagi urush boshlanganiga olti oydan oshdi. Hormuz yopiq bo‘lgani sabab neft narxi oshishda davom etmoqda va shu haftada bir barreli 100 dollardan oshib ketdi. Ummon va Eron bir necha haftadan beri ushbu muhim suv yo‘lini boshqarish masalasini muhokama qilmoqda.
Urushdan oldin bo‘g‘ozdan o‘tish erkin edi. Hozir esa Eron kemalardan ruxsat olishni talab qilmoqda va xizmat haqi undirish mexanizmini ko‘rib chiqmoqda. Talabga bo‘ysunmagan kemalarga Eron muntazam ravishda zarba bermoqda. AQSH esa Tehronning bo‘g‘oz ustidan nazoratiga qarshilik ko‘rsatish uchun Eron qirg‘oqlarini vaqti-vaqti bilan bombardimon qilmoqda.
**Ummon Hormuzni chetlab o‘tadigan muqobil gaz yo‘llarini taklif etmoqda**
Ummon energetika vaziri gaz ishlab chiqaruvchilar va savdogarlar yig‘ilishida bayonot berdi. U suyultirilgan tabiiy gaz (STG) eksporti uchun Hormuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tadigan muqobil yo‘llar kerakligini aytdi. Bunga Ko‘rfazdagi ko‘p oylik nizo sababli tashuvlarning buzilishi turtki bo‘ldi.
“Keling, muqobil eksport variantlarini topamiz. Shimol orqali, Ummon yoki Yaman orqali bo‘lsin. Resurslarni mintaqadan olib chiqish variantlarini ko‘paytiring”, dedi Ummon energetika va mineral resurslar vaziri Salim al-Aufiy 14-sentyabr kuni Bangkokdagi Gastech konferensiyasida.
Bu bayonot Adnoc Gas Plc kompaniyasi Hormuzdan tashqarida yangi STG eksport inshooti qurishni ko‘rib chiqayotgan bir paytda yangradi. Tinchlik davrida bu bo‘g‘oz orqali dunyo suyultirilgan gazining beshdan bir qismi tashilardi. Ummon hozirda mamlakat sharqida bitta STG eksport zavodini boshqarmoqda va u Hormuzga bog‘liq emas.

