Eron Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha Fors ko‘rfazi davlatlari bilan muzokara o‘tkazadi

Eron Hormuz bo‘g‘ozi yuzasidan Fors ko‘rfazi davlatlari bilan muzokara o‘tkazadi
Eron 14-sentyabr kuni Ummonda Fors ko‘rfazi davlatlari bilan Hormuz bo‘g‘ozi masalasini muhokama qiladi.
“Uchrashuv mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro tushunishni yaxshilash va umumiy mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan”, deyiladi vazirlikning 11-sentyabr kuni e’lon qilingan bayonotida.
Muzokaralarda Iroq va Fors ko‘rfazi sohilidagi boshqa davlatlar ham qatnashishi bildirilgan.
Eron TIV vakili Ismoil Baqoiy Tehron Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlash tarafdori ekanini ma’lum qildi.
“Eron bo‘g‘ozda navigatsiya xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatiga sodiq qoladi”, dedi u.
Eron va Ummon so‘nggi haftalarda strategik suv yo‘lagini kelgusida boshqarish masalasini muhokama qilib kelmoqda. Avgust oyida tomonlar vaqtinchalik kema yo‘nalishi, minalarni tozalash va bo‘g‘ozni qisqa muddatli boshqarish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
28-fevralda AQSH va Isroil Eronga qarshi urush boshlagach, Hormuz orqali kema qatnovi keskin cheklangan. Urushgacha jahon neft yetkazib berish hajmining qariyb beshdan bir qismi shu bo‘g‘oz orqali o‘tgan.
Hozir Eron bo‘g‘ozdan o‘tadigan kemalardan oldindan ruxsat olishni talab qilmoqda. Tehron navigatsiya va xavfsizlik xizmatlari uchun to‘lov undirish mexanizmini ham ko‘rib chiqmoqda.
Eron iyun oyida Hormuz orqali o‘tadigan kemalar uchun elektron ruxsatnoma tizimini ishga tushirgandi.
24-iyunda esa Ummon Hormuzda kemalarning xavfsiz harakatlanishi uchun ikkita vaqtinchalik dengiz yo‘lagi ochgan. Yo‘laklardan foydalangan kemalardan haq olinmasligi ma’lum qilingandi.
Avgust boshida Eron Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq ochish uchun AQSHga oltita shart qo‘ygan. 26-avgustda esa Donald Tramp AQSH harbiylari Hormuzdagi barcha minalarni olib tashlagani yoki portlatganini aytgan, Eron tomoni bu bayonotga munosabat bildirmagan.

