Elit OCHL. “Neftchi” “Traktor”ga qarshi bahsda g‘alabani qo‘ldan chiqardi
Farg‘onaliklar mazkur natijadan so‘ng 4 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida 10-o‘rinni egallab turibdi.

Elit OCHL. “Neftchi” “Traktor”ga qarshi o‘yinda g‘alabani boy berdi
Elit Osiyo Chempionlar Ligasining 4-turi doirasida Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi safarda Eronning “Traktor” klubiga qarshi maydonga tushdi. Maskatdagi “Sulton Qobus” sport majmuasida bo‘lib o‘tgan bahs 2:2 hisobidagi keskin durang bilan yakunlandi.
Birinchi bo‘lim murosasiz kurashlar ostida kechdi va jamoalar tanaffusga golsiz durang bilan yo‘l olishdi. Ikkinchi bo‘limda esa voqealar keskinlashdi. Uchrashuvning 55-daqiqasida zaxiradan tushgan “Neftchi” legioneri Stipe Peritsa Abrorbek Ismoilovning uzatmasidan keyin hisobni ochdi — 0:1.
62-daqiqada “Traktor” himoyachisi Farshad Faraji qo‘polligi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Farg‘onaliklar son jihatdan ustunlikka ega bo‘lishiga qaramay, 82-daqiqada mezbonlarning qarshi hujumidan so‘ng Tomislav Shtrkal darvozabon Botirali Ergashev ustidan to‘pni oshirib, hisobni tenglashtirdi — 1:1.
Asosiy vaqtga 9 daqiqa qo‘shib berildi. Hakam tomonidan qo‘shilgan vaqtning 4-daqiqasida (90+4) zaxiradan maydonga tushgan Vladimir Yovovich raqib darvozasini ishg‘ol qilib, “Neftchi”ni yana oldinga olib chiqdi. Ammo farg‘onaliklar ustunlikni ushlab qola olishmadi. 90+9-daqiqada zaxiradan tushgan yana bir futbolchi Mas’ud Zaerkazemayn gol urib, uchrashuvning yakuniy natijasini belgiladi — 2:2.
Shu natijadan keyin “Neftchi” 4 ochko bilan turnir jadvalida 10-o‘rinda bormoqda. “Traktor” esa 2 ochko bilan 13-pog‘onani egallagan. Jadvalda 9 ochkodan jamg‘argan “Al-Ayn” va “Shabab Al-Ahli” jamoalari peshqadamlik qilmoqda.
Elit Osiyo Chempionlar Ligasi, 4-tur
“Traktor” — “Neftchi” 2:2
Gollar: 0:1 — Stipe Peritsa (55), 1:1 — Tomislav Shtrkal (82), 1:2 — Vladimir Yovovich (90+4), 2:2 — Mas’ud Zaerkazemayn (90+9)..
“Traktor”: Parsa Jafari, Shojae Xalilzade, Odiljon Hamrobekov, Tibor Xalilovich (Mas’ud Zaerkazemayn, 84), Danial Ismoilifar (Sayid Mehdi Husayni, 84), Sodiq Muharrami (Hadi Habibinejad, 61), Muhammad Naderi, Farshad Faraji, Muhammad Daneshgar (Mahdi Hoshemnejad, 46), Shahriyar Mug‘anlu (Tomislav Shtrkal, 37), Amirhusayn Huseynzade.
“Neftchi”: Botirali Ergashev, Mishel Augusto, Boyan Siger (Xurshid G‘iyosov, 85), Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, Asilbek Jumayev (Abrorbek Ismoilov, 46), Nurmuhammad Abdug‘aniyev (Stipe Peritsa, 54), Alisher Odilov, Medeyros Sasse Yan, Farrux Sayfiyev, Fransisko Yurani (Vladimir Yovovich, 76), Markus Forss (Jamshid Iskanderov, 46).
Ogohlantirishlar: Medeyros Sasse Yan (78).
Chetlatish: Farshad Faraji (62).

