“Neftchi” va “Paxtakor” futbolchilari Elit OCHL 1-turi ramziy terma jamoasiga kiritildi (foto)

“Neftchi” va “Paxtakor” futbolchilari Elit OCHL 1-turi ramziy terma jamoasidan joy oldi (foto)
Elit Osiyo Chempionlar Ligasining dastlabki turi yakunlariga ko‘ra, Toshkentning “Paxtakor” klubi posboni Vladimir Nazarov hamda Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi himoyachisi Koffi Kuao musobaqaning 1-tur ramziy terma jamoasiga kiritildi.
1-tur doirasida “Paxtakor” safarda Saudiya Arabistonining “Al-Ahli” jamoasi bilan mehmon bo‘lib, 1:1 hisobida durang qayd etgan edi. Ushbu uchrashuvda 4 bor ishonchli seyv amalga oshirgan Nazarov toshkentliklarning safardan qimmatli 1 ochko bilan qaytishiga katta hissa qo‘shdi.
O‘z maydonida Iroqning “Eyr Fors” klubini qabul qilgan “Neftchi” esa 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Farg‘onaliklarning o‘yindagi yagona goliga Zoran Marushich mualliflik qilgan bo‘lsa, u urgan to‘pga jamoaning kot-d’ivuarlik himoyachisi Koffi Kuao assist berdi va aynan shu faol harakatlari sabab haftaning ramziy jamoasidan o‘rin oldi.
Elit Osiyo Chempionlar Ligasi 1-turining ramziy jamoasi:
Darvozabon: Vladimir Nazarov (“Paxtakor”).
Himoyachilar: Li Myon Chje (“Daejon”), Jang Hyon Su (“Al-Garafa”), Rami Rabia (“Al-Ayn”), Koffi Kuao (“Neftchi”).
Yarimhimoyachilar: Ruben Nevesh (“Al-Hilol”), Takashi Usami (“Gamba Osaka”), Prins Ampem (“Shanxay Port”), Huseyn Rahimi (“Al-Ayn”).
Hujumchilar: Nyuva (“Ratjaburi”), Aleksandar Kavrich (“Kashima Antlers”).
“Paxtakor” Elit Osiyo Chempionlar Ligasining 2-turida Saudiya Arabistonining “Al-Qodisiya” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. “Neftchi” esa 2-turda Saudiya Arabistonining yana bir vakili — “An-Nassr” klubiga qarshi o‘ynaydi. Mazkur uchrashuvlar 12-oktyabrga belgilangan.

