“Drujba”da yongan Zeekr: iş nima bilan tugadi?
2025-yil aprelda Toşkent şahrida Zeekr 001 elektromobili quvvatlantiriş stansiyasida yonib ketgandi. Ekspertiza xulosasiga köra, qimmatbaho avtomobilning yaroqsiz holga kelib qolişiga sifatsiz taʼmirlaş sabab bölgan. Sud avtoservisdan maşina egasi foydasiga 450 mln söm undiriş haqida qaror çiqardi.

“Drujba”da yongan Zeekr: ish qanday yakunlandi?
2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida Zeekr 001 avtomobili zaryadlanish vaqtida yonib ketgandi.
Ish FIB Yakkasaroy tuman sudida ko‘rib chiqilib, 2026-yil 8-mayda hal qiluv qarori e’lon qilingan. Qarorga ko‘ra, 10-aprel kuni tunda Hotambek Mirzayev o‘ziga tegishli Zeekr 001 avtomobilini quvvatlash uchun “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi yonidagi avtoturargohda joylashgan Tok Bor brendiga tegishli stansiyaga kelgan. Soat 1:46 da zaryadlash uchun start tugmasi bosilgan. Bu paytda elektromobilning quvvati 7 foiz bo‘lgan. Mirzayev mashinasini qoldirib, uyiga ketgan.
Soat 3:51 da stansiya elektromobilga quvvat berishni to‘xtatgan va sessiya yakunlangan. O‘sha paytda mashinadan tutun chiqishi yoki nosozlik alomatlari kuzatilmagan. Oradan 3 soatga yaqin vaqt o‘tgach, soat 7:30 lar atrofida elektromobilning old qismidan tutun chiqishi kuzatilgan hamda mashina yona boshlagan. Baxtsiz hodisani ko‘rgan atrofdagi odamlar FVBga xabar bergan.
2025-yil 25-yanvar kuni Zeekr’ning egasi mashinani “E-GO MOTORS” MChJga tegishli avtoservisga olib borgan. Bunga mashinaning quvvati 50 foizdan pasayganda birdaniga 0 foizga tushib ketayotgani sabab bo‘lgan.
Sud hujjatida keltirilishicha, yong‘in sababini aniqlash uchun bir necha bor tekshiruv va ekspertizalar o‘tkazilgan. Dastlabki tekshiruvlarda yong‘in elektromobilning litiy-ion akkumulyator batareyasida yuzaga kelgan “issiqlik tezlanişi” oqibatida sodir bo‘lgani qayd etilgan.
Keyinchalik sud noaniqliklarni to‘liq bartaraf etish va umumiy xulosaga kelish uchun yakuniy ekspertiza tayinlangan. Bunda mutaxassislar quyidagi xulosaga kelgan: “Transport vositasida sodir bo‘lgan yong‘inga avtomobilni ishlab chiqargan korxonaning aloqasi bo‘lmagan. Yong‘in akkumulyator batareyasida ta’mirlashdan keyin yacheykalarning ichki qarshilik va sig‘im bo‘yicha nomutanosibligi saqlanib qolgani sababli yuzaga kelgan qizish hamda ichki qisqa tutashuv natijasida rivojlangan termik tarqalish jarayoni oqibatida kelib chiqqan”.
Sodda qilib aytganda, batareya ichidagi yacheykalar bir maromda ishlamagan. Oqibatda uning ayrim qismlari haddan tashqari qizib, ichki qisqa tutashuv yuz bergan va batareya ichkaridan yona boshlagan.

