Devori yoʻq qamoqxona: u yerda hamma kar va soqov edi | 5 daqiqa
Baʼzi qamoqxonalarning devorlari gʻishtdan quriladi. Baʼzilariniki esa kimningdir xohishi, buyrugʻi va qoʻrquvi asosida tiklanadi. Turgenevning «Mumu» asarida shunday qamoqxona haqida hikoya qilinadi. Unda jismonan baquvvat, mehnatkash inson yashardi. U kar va soqov, ammo eng katta muammosi bu emasdi. Uning oʻrniga kimni sevishni ham, qanday yashashni ham boshqalar hal qilardi.

Devori yoʻq qamoqxona: u yerda hamma kar va soqov edi | 5 daqiqa
Asarning markaziy qahramoni Gerasim jismonan shu darajada baquvvat ediki, uning ishini odatda bir necha kishi bajarardi. Ammo u kar va soqov edi. U na gapira olardi, na eshita olardi. Bundan tashqari, oʻz hayoti haqida mustaqil qaror qabul qilish imkoniyati ham cheklangan edi.
Gerasim qishloqda yashab, yer haydab, mehnati bilan kun kechirardi. Biroq uni Moskvaga olib kelishadi va boy xonimning hovlisida xizmatkor qilib qoʻyishadi. U yangi hayotiga moslashishga urinadi. Atrofdagilar bilan muloqot qilish qiyin boʻlsa ham, oʻz vazifasini sidqidildan bajaradi. Uning jimligi zaiflikdan emas, albatta, tabiati va imkoniyatlaridan kelib chiqqan edi. Ammo oʻsha badbaxt jamiyat jimlikni, sukunatni istagancha bosib tashlash mumkin, deb oʻylardi.
Xonimning qoʻl ostidagi boshqa odamlar ham oʻz taqdirini oʻzi hal qila olmasdi. Masalan, Gerasim Tatyana ismli kir yuvuvchi ayolni yoqtirib qoladi. Ammo xonim Tatyana boshqa odamga turmushga chiqishi kerak, deb hisoblaydi va uni boshqa bir paytavaquloqqa uzatishni buyuradi. Tatyana ham, Gerasim ham bu qarorni oʻzgartira olmaydi.
Shu epizodning oʻziyoq asarning asosiy muammosini ochib beradi. Xonim atrofidagilarning hayotiga aralashishni oʻzining tabiiy huquqidek qabul qilardi. Uning nazarida, boshqalarning xohishi va hissiyotlari ikkinchi darajali edi.
Gerasimning hayotida yana bir voqea yuz beradi. U suvga tushib ketgan kuchukchani qutqarib oladi. Uni uyiga olib kelib, parvarish qiladi. Kuchukcha ulgʻayib, Mumu deb ataladi. Gerasim unga mehr qoʻyadi, Mumu ham egasiga qattiq bogʻlanib qoladi.
Mana shu yerdan boshlab Gerasimning hayotida oʻziga xos bir dunyo paydo boʻladi. U odamlar bilan soʻzlashib, dardini ayta olmaydi, ammo Mumu bilan gaplashish uchun soʻzning oʻzi shart emas edi. Mumu uni kutadi, ovozini tanimasa-da, qadamlaridan biladi, yonidan jilmaydi. Gerasim ham kimgadir kerakligini, kimdir uning mehriga muhtoj ekanini his qiladi.
Baʼzan baxt uchun juda katta narsalar talab qilib yuboramiz. Aslida seni kutadigan bir jon, mehringni qabul qiladigan bir qalbning borligi hamma narsani hal qiladi. Gerasim uchun Mumu ana shunday hamroh edi.
Biroq xonim Mumuni yoqtirmay qoladi. Itning hurishi uning gʻashiga tegadi. Avvaliga Mumuni hovlidan yoʻqotishga harakat qiladi. Gerasim uni yashirib qoʻygach, izlab topadi. Ammo xonimning xohishi oʻzgarmaydi: Mumu bu yerda qolmasligi kerak.

