Iqtisodiyot

Davlat xaridlarida qariyb 10 mlrd so‘mlik qonunbuzilish aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi 7 ta hududdagi davlat xaridlarini o‘rganib, raqobatni cheklash alomatlari bo‘yicha buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan

Davlat xaridlarida qariyb 10 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlandi

Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari davlat xaridlari sohasida olib borilgan monitoring hamda murojaatlarni o‘rganish jarayonida qonunbuzilish holatlarini fosh etdi.

«Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilgani, ya’ni eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangani ma’lum qilindi.

Andijon viloyati Oltinko‘l tumani hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasining 300 mln so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari qayd etildi.

Farg‘ona viloyatida «Farg‘ona tuman yo‘llardan foydalanish» davlat muassasasining 7 ta xaridi 2,5 mlrd so‘mdan ziyodni tashkil etgan. Jizzax viloyatidagi Zarbdor tumani 2-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 2 ta xaridi qiymati esa 1,4 mlrd so‘mdan oshgan.

Namangan viloyatida Chust tuman tibbiyot birlashmasining qariyb 1,8 mlrd so‘mlik xaridlari o‘rganilgan. Navoiy viloyatida Xatirchi davlat o‘rmon xo‘jaligining 7 ta xaridi qariyb 1,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Samarqand viloyatida «O‘zyo‘lko‘prik klasteri» filialining 1,7 mlrd so‘mlik va «Ozodlik» davlat muassasasining 410 mln so‘mlik xaridlarida ham qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari maxsus komissiyalari tomonidan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan qonun talablari buzilishi alomatlari bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atildi. Ularni ko‘rib chiqish natijasida belgilangan tartibda tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi.

Qonunbuzilishlarni bartaraf etish, ayrim holatlarda moliyaviy jarima qo‘llash va huquqiy baho berish uchun materiallarni tegishli organlarga yuborish choralari ko‘rildi. Shuningdek, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.