Davlat xaridlarida 25 mlrd so‘mdan ortiq qonunbuzilish aniqlandi
Jizzax, Sirdaryo va Farg‘onada o‘rganilgan davlat xaridlarida raqobat qonunchiligi buzilgani aniqlanib, ayrim holatlar bo‘yicha ish

Davlat xaridlarida 25 mlrd so‘mdan ortiq qonunbuzilishlar aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlari yuzasidan o‘tkazgan monitoring hamda murojaatlarni o‘rganish jarayonida 25 mlrd so‘mdan ziyod xaridlarda qonunbuzilish holatlarini fosh etdi.
Jizzax viloyatida aniqlangan qonunbuzilishlar jami 1,5 mlrd so‘mdan oshadi. Sirdaryo viloyatida esa 22,5 mlrd so‘mlik tender savdosida qonunchilik talablari buzilgan.
Farg‘ona viloyatida ham qariyb 1,2 mlrd so‘mlik hamda 275 mln so‘mlik eng yaxshi takliflarni tanlash savdolarida qonunchilikka amal qilinmagani ma’lum bo‘ldi.
Jizzaxda Arnasoy tuman tibbiyot birlashmasining 588,3 mln so‘mlik autsorsing xizmati, viloyat ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatidagi 6 ta savdoning 333,1 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklari xaridi tekshirildi.
Shuningdek, silga qarshi kurash dispanserida 420 mln so‘mlik autsorsing xizmati, Do‘stlik tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida 183,1 mln so‘mlik qurilish mollari xaridi bo‘yicha qonunbuzilishlar qayd etildi.
Sirdaryoda «Issiqlik elektr tarmoqlari» AJ «Sirdaryo IES» filialidagi tenderlar, Farg‘onada esa Marg‘ilon shahar Obodonlashtirish boshqarmasi hamda Buvayda tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasining xaridlari o‘rganildi.
Jizzaxda ishtirokchilarga asossiz talablar qo‘yilgani va talabgorlar noto‘g‘ri baholangani sababli «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasi talablari buzilgan. Ishlar qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Sirdaryoda «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasi, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning 42, 46 va 61-moddalari buzilgani bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Farg‘onadagi ikki holat yuzasidan ham ishlar qo‘zg‘atilib, mansabdor shaxslarga nisbatan MJtKning 178-moddasi 5-qismi asosida ma’muriy ishlar sudga taqdim etilgan.

