Mahalliy

Davlat xaridlarida 9,3 mlrd so‘mlik qonunbuzilish aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xaridlarida raqobatni cheklagan va qonun talablariga zid holatlarni aniqladi

Davlat xaridlarida 9,3 milliard so‘mdan ziyod qonunbuzilishlar aniqlandi. Bu holatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan shaffoflik va adolatli raqobatni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida ma’lum bo‘ldi.

Xususan, "Binolardan foydalanish va qurilish-ta’mirlash ishlari direksiyasi" buyurtmasi bo‘yicha 1,74 milliard so‘mlik, "Bekobod ovqatlanish kombinati" MChJda esa 1,6 milliard so‘mlik xaridlarda qonunbuzilishlar qayd etilgan.

Shuningdek, Urganch, Uchqo‘rg‘on, Piskent va Yangi bozor tumanlari, Navoiy shahri hamda Surxondaryo viloyatidagi bir qator tibbiyot, ta’lim va obodonlashtirish tashkilotlarining xaridlarida ham qonunbuzilishlar aniqlangan.

Tekshiruvlar davomida davlat xaridlari qonunchiligi talablariga zid ravishda baholash jarayonlarida qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Ba’zi holatlarda xarid ishtirokchilari o‘rtasida raqobatni cheklash holatlari kuzatilgan. Bu qonunbuzilishlar turli tashkilotlar buyurtmasi bo‘yicha amalga oshirilgan davlat xaridlarida qayd etilgan.

Eng yirik qonunbuzilish 1,74 milliard so‘mlik xaridda, keyingi o‘rinlarda esa 1,6 milliard, 1,55 milliard va 1,43 milliard so‘mlik xaridlar turadi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan Agentlik tomonidan tegishli taqdimnomalar kiritilgan. Natijada xarid komissiyasining g‘olibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilinishi ta’minlangan. Tekshiruvlar davomida to‘plangan hujjatlar esa qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.