Jizzaxda 4,1 mlrd so‘mlik paxta mahsulotlari belgilangan muddatda birja savdolariga chiqarilmagani aniqlandi

Jizzaxda 4,1 mlrd so‘mlik paxta mahsulotlari belgilangan muddatda birja savdolariga chiqarilmagani ma’lum bo‘ldi
Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax va Qashqadaryoda mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Jizzax viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlarda “Grouptextil” MCHJ tomonidan 2025-yil dekabr oyida 2 ta holatda 1 186 tonna, qariyb 4,1 mlrd so‘mlik paxta chigiti va tola mahsulotlarining bir qismi tasdiqlangan muddat va hajmlarda birja savdolariga chiqarilmagani aniqlangan.
Qoraqalpog‘istonda esa “Eco Teks Cluster” MCHJ 2023-yil 1-oktyabrdan 2026-yil 31-maygacha paxta tolasi, lint va paxta yog‘i mahsulotlari birja savdolariga qo‘yish grafiklari tasdiqlanmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilgan.
Jami 38 ta holatda qonunchilik talablari buzilgan. Shundan 11 ta holatda paxta tolasi ning to‘g‘ridan to‘g‘ri sotilishi natijasida birja kotirovkasi va shartnoma narxi o‘rtasidagi farq hisobiga 183,8 mln so‘m asossiz olingan mablag‘ aniqlangan.
Andijon viloyatida “Sadaf Sof Unlari” MCHJning 2025-yil iyul—dekabr va 2026-yil yanvar—aprel oylaridagi faoliyati o‘rganilgan. Jamiyat birja savdolari orqali 3 918 tonna bug‘doy xarid qilib, undan 2 646 tonna 75 foizli bug‘doy uni ishlab chiqargan.
Biroq 2025-yil iyulda rejaga nisbatan 258 tonna, dekabrda 570 tonna mahsulot birja savdolariga kam qo‘yilgan. Sentyabrda 840 tonna, oktyabrda 910 tonna va noyabrda 810 tonna mahsulot esa birja savdolariga umuman chiqarilmagan.
Qashqadaryo viloyatidagi “Kasbi tegirmoni” MCHJ ham birjaga qo‘yish rejalashtirilgan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar hajmining bir qismini savdoga chiqarmagani aniqlangan.
Mazkur holatlar bo‘yicha subyektlarga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi va hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari buzilishi yuzasidan ishlar qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, ularga asossiz olingan mablag‘ni qaytarish, qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.
Avvalroq Jizzax, Sirdaryo va Farg‘onada 25 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlangani haqida xabar berilgandi.

