Choy va qahva inson suyaklariga qanday ta’sir qiladi?
Avstraliyalik olimlar 10 yil davomida 10 ming nafar keksa ayolning salomatligini kuzatdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, choy ichishni yoqtiradigan ayollarda suyak sinishi qahva ichuvchilarga qaraganda kamroq uchrashi mumkin.

**Choy va qahva suyaklarga qanday ta’sir ko‘rsatadi?**
Avstraliyaning Flinders universiteti olimlari 65 yoshdan oshgan qariyb 10 ming nafar ayolning sog‘lig‘ini o‘n yil davomida kuzatdi. Tadqiqotchilar muntazam choy va qahva ichish suyaklarning mineral zichligiga qanday ta’sir qilishini o‘rgandi.
Osteoporoz — suyaklar mustahkamligini yo‘qotib, hatto kichik zo‘riqish natijasida ham sinib ketishi mumkin bo‘lgan kasallik. U 50 yoshdan oshgan har uch ayoldan biri va har besh erkakdan birida uchraydi. Son va umurtqa pog‘onasi suyaklarining sinishi esa nogironlikka olib kelishi va hayot sifatini pasaytirishi mumkin. Shifokorlar bu kasallikning oldini olish uchun odatda kalsiy va D vitaminini tavsiya qiladi.
Tadqiqot ishtirokchilaridan har kuni qancha qahva ichishi, qora yoki ko‘k choy iste’mol qilishi so‘ralgan. Shu bilan birga, shifokorlar ularning son bo‘g‘imi va son suyagi bo‘yni sohasidagi suyak zichligini muntazam o‘lchab borgan.
Natijalarga ko‘ra, choy ichadigan ayollarning son sohasi suyaklari zichligi choy ichmaydiganlarnikiga qaraganda yuqoriroq bo‘lgan. Kun davomida ichilgan choy finjonlari soni ko‘paygani sari suyaklar mustahkamligi ko‘rsatkichlari ham oshgan. Qahvaning kuniga ikki-uch finjon iste’mol qilinishi esa suyak to‘qimalariga deyarli ta’sir ko‘rsatmagan.
Qo‘shimcha tahlillar shuni ko‘rsatdiki, hayoti davomida muntazam spirtli ichimlik iste’mol qilgan ayollarda qahva miqdorini kamaytirish ko‘proq foyda bergan. Ortiqcha vaznga ega ishtirokchilarda esa choyning ijobiy ta’siri kuchliroq kuzatilgan.
Olimlar bu natijalarni ichimliklar tarkibi bilan izohlaydi. Choy tarkibidagi katexinlar suyak to‘qimasini hosil qiluvchi hujayralar faoliyatini rag‘batlantiradi va suyaklarni yemiruvchi hujayralar ishini sekinlashtiradi. Qahva tarkibidagi kofein esa organizmning kalsiyni o‘zlashtirishiga xalaqit berishi mumkin. Biroq qahvaga sut qo‘shish bu salbiy ta’sirni kamaytiradi.
Tadqiqot natijalari Yevropada avval o‘tkazilgan izlanishlarga ham mos keladi. Ularda ham choy suyaklar zichligini oshirishi va osteoporoz xavfini kamaytirishi mumkinligi aniqlangan.
Tadqiqot mualliflari qahvadan butunlay voz kechish yoki ko‘p miqdorda choy ichish shart emasligini ta’kidlaydi. Me’yorida choy ichish esa kalsiy va D vitamini qabul qilish, jismoniy faollik kabi osteoporozning oldini olish choralariga qo‘shimcha bo‘lishi mumkin.

