ChatGPT davrida bolalar qanday ta’lim olishi kerak? AQSH maktablarining yangi tajribasi
AQSHda maktablar bolalarga sun’iy intellektdan foydalanishni taqiqlash o‘rniga, uning xatolarini aniqlash va ma’lumotlarni tekshirishni o‘rgatmoqda. O‘qituvchilar bolalarning chatbotlarga haddan tashqari bog‘lanib qolishidan xavotir bildirgan. Maktablar bu muammoni qanday hal qilmoqda? YUNESKO nimalarni tavsiya qiladi?

ChatGPT davrida bolalar qanday ta’lim olishi kerak? AQSH maktablarining yangi tajribasi
AQSH maktablari o‘quvchilarga sun’iy intellekt (SI)dan foydalanishni taqiqlash o‘rniga, uning xatolarini topish va ma’lumotlarni tekshirishni o‘rgatmoqda. Associated Press yozishicha, maqsad — bolalarni yangi texnologiyalarga tayyorlash bilan birga, ularning mustaqil fikrlash qobiliyatini ham saqlab qolish.
2026-yil iyul oyida AQSHning Janubiy Karolina shtatida o‘qituvchilar uchun o‘tkazilgan treningda SIga oddiy topshiriq berildi: dunyo xaritasini yaratish.
Biroq katta ekranda chiqqan xarita yig‘ilganlarni hayratda qoldirdi. Unda Mali davlati “Mail”, Misr esa “Sopth” deb yozilgandi. Liviya o‘rnida esa shunchaki “Afrika” degan yozuv turardi. Yana o‘nlab davlat nomlari ham xato yoki mutlaqo tushunarsiz edi. O‘qituvchilar bu manzarani ko‘rib, bir vaqtning o‘zida ham hayratga tushdi, ham kulib yubordi.
Aslida, tajribaning maqsadi ham shu edi — SI qanchalik ishonchli ko‘rinmasin, u qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkinligini ko‘rsatish.
“Agar bolalar SIga ko‘r-ko‘rona ishonmasligini istasangiz, ularga shu xarita tajribasini ko‘rsating”, — dedi treningni olib borgan Amanda Bikerstaf. U maktablarga SIdan xavfsiz va samarali foydalanishni o‘rgatadigan AI for Education tashkiloti asoschisi.
Dastlab AQSHdagi ko‘plab davlat maktablari sun’iy intellektdan foydalanishni taqiqlashga uringan. Ammo keyinchalik ularning ayrimlari boshqa yo‘lni tanlab, o‘quvchilarga chatbotlardan foydalanish bilan birga, ularning kamchiliklarini ham ko‘rsatishni ma’qul ko‘rdi.
Buning asosiy sababi shundaki, bolalar SIdan tobora ko‘proq foydalanmoqda. O‘qituvchilar esa ularning tayyor javoblarga o‘rganib qolib, mustaqil fikrlashdan uzoqlashib ketishidan xavotirda.
Shu bois AQSH ta’lim tizimida “sun’iy intellekt savodxonligi” tushunchasiga e’tibor kuchaydi. Bu faqat ChatGPT’dan foydalanish yoki unga to‘g‘ri savol berishni bilish emas: o‘quvchilar chatbot bergan ma’lumotni tekshirishni, uning xatolarini aniqlashni va qachon undan foydalanmaslik kerakligini ham tushunishi lozim.
“Sun’iy intellekt savodxonligi undan qachon foydalanmaslik kerakligini bilishni ham o‘z ichiga oladi”, — deydi Brookings institutining Umumjahon ta’lim markazi direktori Rebekka Vintrop.
Avgust oyida AP AQSHning 37 ta shtati maktablar uchun SIdan foydalanish bo‘yicha rasmiy tavsiyalar ishlab chiqqani haqida yozgan. Janubiy Karolinada bunday ko‘rsatmalar bo‘lmagani uchun Charleston okrugi maktablari o‘z qoidalarini ishlab chiqishga kirishgan.
50 ming nafar o‘quvchi tahsil oladigan ushbu okrugda avval o‘qituvchilar, bolalar va ota-onalarning fikri o‘rganilgan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchilar SIdan keng foydalansa-da, ularning aksariyati buni hech qanday ko‘rsatmasiz, mustaqil o‘rgangan.
AQSH bo‘ylab o‘tkazilgan tadqiqotlarda ham shunga o‘xshash holat kuzatilgan: o‘smirlar va o‘qituvchilarning aksariyati SIdan o‘qish va dars jarayonida foydalanadi. Ammo ularning juda kam qismi maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan yoki texnologiyaning qanday ishlashini yaxshi tushunadi.
Maktablar va ota-onalar ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq xatolar takrorlanishini istamayapti — bolalar ijtimoiy tarmoqlarning zararli tomonlarini yetarlicha anglamay turib, ulardan foydalanishni boshlagandi. Bu esa ruhiy salomatlik va diqqatni jamlashga oid xavotirlarni kuchaytirgan.
Shu sababli Charleston maktablariga yangi o‘quv yilidan boshlab o‘qituvchilar va o‘quvchilarga SI bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazish topshirildi. Ularda bolalarga chatbotlarning xatolari oddiy misollar orqali tushuntirilishi kerak. Masalan, o‘quvchi ilmiy ish tayyorlash uchun ChatGPT’dan yordam so‘rasa, chatbot aslida mavjud bo‘lmagan tadqiqotlarni ham ishonch bilan taqdim etishi mumkin. Shu bois kursda SI bergan har qanday faktni tekshirish zarurligi ta’kidlangan.
Bolalarga shaxsiy ma’lumotlarini chatbotlarga kiritmaslik ham tavsiya etilgan. Chunki yozishmalar saqlanib qolishi, ulardan SIni takomillashtirishda foydalanilishi yoki ma’lumotlar shunchaki internetga sizdirib yuborilishi mumkin.
Yozgi treningda qatnashgan o‘qituvchi Rey Knauer ham o‘z darslarida SIning xatolarini o‘quvchilar bilan muhokama qilishni rejalashtirgan.
“Bir tomondan, bolalarni sun’iy intellektdan qo‘rqitib qo‘ymasligimiz, ikkinchi tomondan esa ularni har qanday vaziyatda chatga murojaat qilishga undamasligimiz kerak. O‘quvchilarga tayyor javobni olishning o‘zi yetarli emasligini tushuntirishimiz lozim. Ular ma’lumotni tahlil qilishni va masalani chuqurroq o‘rganishni bilishi kerak”, — deydi u.
AQSHning Yuta shtati maktablarda SIdan foydalanish bo‘yicha yagona qoidalarni ishlab chiqishga birinchilardan bo‘lib kirishgan. 2024-yilda shtatda maktablarda SI bilan bog‘liq masalalarga mas’ul maxsus lavozim tashkil etildi. Natijada bir yil davomida 7 mingdan ortiq o‘qituvchi, ya’ni shtatdagi davlat maktablari pedagoglarining qariyb uchdan biri SI bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tdi.
Treninglarda o‘qituvchilarga chatbotlarning qanday ishlashi, nima uchun xato ma’lumot berishi, ulardan xavfsiz foydalanish va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish tushuntirilgan. Biroq barcha shtatlarda ham bunday imkoniyat yo‘q. Maxsus treninglar katta mablag‘ talab qiladi. Bu esa moliyaviy imkoniyati cheklangan maktablardagi bolalar SI bo‘yicha yetarli bilim ololmasligi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirgan.
Yutada bu muammoni hal qilish uchun o‘qituvchilarning yashash joyiga borib, mashg‘ulotlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Sakkiz kishilik jamoa shtat bo‘ylab 150 dan ortiq trening tashkil etdi. Buning uchun mahalliy tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot 500 ming dollar grant ajratdi. Shuningdek, shtat maktablarga SI vositalarini chegirmali narxlarda taqdim etish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Bu qishloq hududlari va mablag‘i kam maktablar uchun ham yangi texnologiyalardan foydalanish imkonini yaratdi.
Yuta qonunchiligida maktab okruglari 2027-yil iyuligacha SIdan foydalanish qoidalarini ishlab chiqishi shart, deya belgilandi.
Mutaxassislarning fikricha, SI davrida nafaqat bolalar, balki o‘qituvchilarning ham texnologiyaga munosabati o‘zgarishi kerak. Yuta shtati Ta’lim kengashining raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassisi Kristina Yamada o‘qituvchilar SIni faqat ko‘chirish vositasi deb hisoblamasligi kerakligini aytadi.
Uning ta’kidlashicha, o‘quvchilar avval ham ko‘chirishgan. Endi esa ularga barcha savollarga javob topishda chatbotga tayanib bo‘lmasligini tushuntirish zarur.
Yamada kichik yoshdagi bolalarga SI ham xato yoki yolg‘on ma’lumot berishi mumkinligini oddiy misollar bilan tushuntirishni tavsiya qiladi. Katta yoshdagi o‘quvchilardan esa texnologiya yordamida bajargan ishini tushunish va zarur bo‘lsa, mustaqil tuzatish talab etilishi kerak.
“ChatGPT yordamida kompyuter dasturi kodini yozishingiz mumkin. Ammo dastur ishlamay qolsa, uni o‘zingiz tuzata olishingiz kerak”, — deydi Yamada.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) ham bolalarga sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish muhimligini ta’kidlaydi. Tashkilot 2024-yilda o‘quvchilar uchun sun’iy intellekt savodxonligi bo‘yicha 12 ta asosiy ko‘nikmani o‘z ichiga olgan maxsus tavsiyalar ishlab chiqqan. Ushbu ko‘nikmalar to‘rtta asosiy yo‘nalishga ajratilgan:
Mustaqil fikrlash. Bolalar sun’iy intellektga ko‘r-ko‘rona ishonmasligi, uning javoblarini tanqidiy baholashi va yakuniy qarorni o‘zi qabul qilishi kerak.
Xavfsiz va mas’uliyat bilan foydalanish. O‘quvchilar shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishni, sun’iy intellektning noto‘g‘ri yoki biryoqlama javoblarini aniqlashni o‘rganishi lozim.
Texnologiyaning qanday ishlashini tushunish. Bolalar AI imkoniyatlari va cheklovlarini bilishi, undan turli vazifalarni bajarishda to‘g‘ri foydalanishni o‘rganishi kerak.
Sun’iy intellekt yaratishni o‘rganish. Yuqoriroq bosqichlarda o‘quvchilar AI yordamida muammolarni hal qilish, oddiy vositalar yaratish va ularni takomillashtirish ko‘nikmalarini egallashi nazarda tutilgan.

