Texnologiya

Nyu York maktablarida o‘quvchilar uchun SIdan foydalanish taqiqlandi

Nyu York maktablarida o‘quvchilar uchun SIdan foydalanish taqiqlandi

AQSHning Nyu York shahridagi davlat maktablarida boshlang‘ich va o‘rta sinf o‘quvchilarining sun’iy intellekt (SI) vositalaridan foydalanishi vaqtincha cheklanadi. Bu taqiq kelayotgan o‘quv yili davomida amal qiladi. Deutsche Welle bu haqda shahar meri Zohran Mamdanining bayonotiga tayanib xabar berdi.

Rasmiylarning aytishicha, bu AQSHdagi eng yirik va eng keng qamrovli taqiq hisoblanadi. Bir yillik cheklov 8-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarga tegishli bo‘ladi. Bu qaror qariyb 600 ming o‘quvchini qamrab oladi. Mutasaddilar shu davr ichida bolalarning texnologiyadan qanday foydalanishini o‘rganadi.

Yangi qoida tufayli darslarda qo‘llanayotgan 40 ga yaqin ta’limiy SI dasturi to‘xtatiladi. Muloqot uchun mo‘ljallangan barcha chat-botlar esa barcha sinflar uchun bir xil tarzda taqiqlanadi.

Yuqori sinf o‘quvchilariga bu taqiq to‘liq tatbiq etilmaydi. Ular uchun yiliga ikki marta sun’iy intellekt savodxonligi bo‘yicha darslar o‘tkaziladi. Bundan tashqari, ayrim o‘quvchilarning o‘qituvchi nazorati ostida ba’zi AI platformalaridan foydalanishi uchun tajriba loyihalari yo‘lga qo‘yiladi.

O‘qituvchilar esa dars rejasini tuzish va dars jadvalini shakllantirish kabi ishlarda SIdan foydalanishda davom etishi mumkin.

Shahar meri qarorni ta’lim jarayonida inson bilan muloqotning ahamiyati bilan izohladi.

“Bolalar bilim olishi va o‘sishi uchun o‘qituvchilarga hamda inson bilan muloqotga muhtoj. Ular tengdoshlari bilan birga ko‘nikmalarni rivojlantirishi, ustozlar bilan munosabat o‘rnatishi va qiyin masalalarni mustaqil hal qilishi kerak”, dedi u.

U, shuningdek, quyidagilarni qo‘shimcha qildi:

“Har kuni bolalarimiz maktabga kelganda, biz ularga savol berishni, taxminlarga shubha bilan qarashni va sababini so‘rashni o‘rgatamiz. Maktablardagi SI masalasida ham xuddi shunday yo‘l tutishimiz shart”.

Bundan tashqari, Nyu York SI taqiqi bilan birga texnologiyalardan foydalanishga qo‘shimcha cheklovlar ham joriy etmoqda. Yangi reja bo‘yicha ekran qarshisida o‘tirish vaqti cheklanadi: 3-5 sinflar uchun kuniga maksimum 30 daqiqa, 6-8 sinflar uchun esa 45 daqiqa etib belgilanadi. Shuningdek, ta’lim uchun muhim bo‘lmagan texnik vositalarni aniqlash va ulardan voz kechish maqsadida shahar bo‘ylab tekshiruv o‘tkaziladi.

Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, kamida AQSHning 37 ta shtatida maktablar uchun SIdan foydalanish bo‘yicha rasmiy ko‘rsatmalar mavjud. Biroq butun mamlakat bo‘yicha SI savodxonligini o‘rgatish uchun yagona standart hali ishlab chiqilmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.