Sunʼiy intellekt odamlarni ishsiz qoldiradimi? Xavotirlar va imkoniyatlar haqida suhbat
Sunʼiy intellektdan foydalanmaslik savodsizlikka aylanadimi? Mehnat bozoridagi raqobat SIni bilish darajasiga bogʻlanib qoladimi? SI platformalariga shaxsiy maʼlumotlarni kiritish qanchalik xavfli? U inson nazoratidan chiqib ketishi mumkinmi? Jamshid Muslimov va Odilxon Alimxonov «Nima dard?» podkastining navbatdagi sonida Mohirdev taʼlim platformasi asoschisi Anvar Narzullayev bilan suhbatlashdi.

Sunʼiy intellekt odamlarni ishsiz qoldiradimi? Xavotirlar va imkoniyatlar haqida suhbat
Sunʼiy intellektdan foydalanmaslik savodsizlikka aylanadimi? Mehnat bozoridagi raqobat SIni bilish darajasiga bogʻlanib qoladimi? SI platformalariga shaxsiy maʼlumotlarni kiritish qanchalik xavfli? U inson nazoratidan chiqib ketishi mumkinmi?
Suhbat davomida SIdan foydalanish koʻnikmasi nega yangi savodxonlikka aylanayotgani, dasturchilar va boshqa kasb egalari ishi qanday oʻzgarishi, bepul SI xizmatlarida shaxsiy maʼlumotlar xavfi, mustaqil harakat qiluvchi SI agentlari, dipfeyklar, tibbiyotda SIdan foydalanish va Oʻzbekistonda bu sohani rivojlantirish uchun nimalar yetishmayotgani muhokama qilindi.
Mutaxassisning aytishicha, uni bugun eng ko‘p tashvishga solayotgan masala — odamlarning sunʼiy intellektdagi o‘zgarishlardan ortda qolayotgani.
Uning taʼkidlashicha, ChatGPT ommaga taqdim etilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, biroq qisqa muddat ichida SI texnologiyalari internet va kompyuter kabi avvalgi texnologik inqiloblarga qaraganda ancha tez surʼatda odamlar hayotiga kirib keldi.
Yangi modellar orasidagi vaqt ham tobora qisqarib bormoqda. Ilgari bir avloddan ikkinchisiga o‘tish uchun oylar kerak bo‘lgan bo‘lsa, hozir yangi versiyalar bir necha hafta ichida paydo bo‘lmoqda. Shu bilan birga, ulardan foydalanish ham soddalashmoqda: avval SIga murakkab va batafsil prompt yozish talab qilingan bo‘lsa, yangi modellar oddiy inson tilida berilgan vazifani ham yaxshiroq tushuna boshladi.
«Mening dardim - koʻpchilik mana shu narsani oʻrganmayotgani», deydi Narzullayev.
Mutaxassis sunʼiy intellektdan foydalanishni kompyuter yoki internetdan foydalanish koʻnikmasining keyingi bosqichiga qiyosladi.
Bugun ishga kelgan odam «kompyuterdan foydalanishni bilmayman» yoki «internet ishlatolmayman» desa, bu uning kasbiy imkoniyatlarini jiddiy cheklaydi. Narzullayevning fikricha, yaqin yillarda «sunʼiy intellektdan foydalanishni bilmayman» degan gap ham xuddi shunday qabul qilinishi mumkin.
Bu jarayon ayrim sohalarda allaqachon boshlangan. Masalan, dasturlashda SI kod yozish, xatolarni topish va bir qator texnik vazifalarni bajarishni tezlashtirmoqda. Shu sabab dasturchidan endi faqat kod yozish emas, mahsulotni tushunish, biznes mantiqini anglash, mijoz bilan ishlash va jarayonni boshidan oxirigacha boshqarish talab qilinmoqda.
«Keyingi bosqichi - sunʼiy intellektdan foydalanishni bilmaslik savodsizlik boʻladi», deydi mutaxassis.
Uning fikricha, SI dasturchini butunlay yo‘qotib yubormasligi mumkin, ammo faqat kod yozish bilan cheklangan mutaxassislarga ehtiyoj kamayadi. Dasturchi esa bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib, mahsulot va biznesni tushunadigan mutaxassisga aylanishiga to‘g‘ri keladi.
Sunʼiy intellektdan hali umuman foydalanmagan odam nimadan boshlashi kerak?
Narzullayevning javobi oddiy: avvalo uni ochib, kundalik hayotda ishlatib ko‘rish kerak.
Buning uchun qaysi platformani tanlash ham dastlabki bosqichda hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. ChatGPT, Gemini, Claude, Copilot, Perplexity yoki boshqa modellardan foydalanib ko‘rish mumkin. Muhimi - SI bilan oddiy messenjerda odam bilan gaplashgandek muloqot qilishni boshlash.
Unga kundalik savollarni berish, biror matnni tushuntirishni so‘rash, reja tuzdirish yoki ishdagi oddiy vazifani bajartirib ko‘rish orqali odam asta-sekin SI imkoniyatlarini tushunib boradi.
Suhbatda SI platformalarining bepul va pulli versiyalari o‘rtasidagi farq ham muhokama qilindi.
Bepul versiyalarda odatda foydalanish limitlari bo‘ladi va baʼzan eng yangi model emas, undan oldingi versiya taklif etiladi. Ammo oddiy foydalanuvchi uchun bu farq har doim ham katta emas.
Asosiy masala - maʼlumotlar xavfsizligi.
Mutaxassis professional faoliyatda maxfiy maʼlumotlar, mijozlar bazasi, bemorlarning tibbiy maʼlumotlari yoki kompaniyaning ichki hujjatlarini ommaviy SI servislariga ehtiyotsizlik bilan yuklamaslik kerakligini taʼkidladi.
Ayniqsa, bepul xizmatdan foydalanayotganda servis maʼlumotlarni qanday saqlashi va ulardan modelni takomillashtirish uchun foydalanish-foydalanmasligiga eʼtibor berish lozim.
Kompaniyalar uchun esa alohida korporativ tariflar, lokal modellar yoki SIni tashkilotning o‘z serverlarida ishga tushirish kabi yechimlar mavjud.
Suhbatdoshlar shaxsiy va davlat maʼlumotlarining xorijiy SI platformalari orqali qayta ishlanishi masalasiga ham to‘xtaldi.
Narzullayevning fikricha, sunʼiy intellekt endi faqat texnologiya yoki biznes masalasi emas. U maʼlumotlar xavfsizligi va davlat suvereniteti bilan ham bog‘liq.
Buning yechimlaridan biri - ochiq modellarni tashkilotning o‘z serveriga o‘rnatish. Bunda maʼlumotlar tashqi serverlarga chiqmaydi va yopiq tizim ichida qayta ishlanadi.
Ayniqsa, davlat idoralari, tibbiyot muassasalari, banklar va katta hajmda shaxsiy maʼlumotlar bilan ishlaydigan tashkilotlar uchun bunday yondashuv muhim bo‘lishi mumkin.
Suhbatning katta qismi so‘nggi paytlarda tez rivojlanayotgan SI agentlariga bag‘ishlandi.
Oddiy chat-botga inson savol beradi va javob oladi. Agent esa vazifani olgach, inson nomidan mustaqil harakat qilishi mumkin: internetdan maʼlumot qidiradi, turli saytlarga kiradi, maʼlumotlarni solishtiradi va belgilangan maqsadga erishish uchun bir nechta bosqichni o‘zi bajaradi.
Ayrim tizimlarda bitta agent vazifani mayda qismlarga bo‘lib, boshqa agentlarni ham ishga tushirishi mumkin.
Muammo shundaki, inson agentga maqsadni beradi, ammo u maqsadga qanday yo‘l bilan erishishini har doim ham oldindan bilmaydi.
Suhbatda keltirilgan misollardan birida agentga sport zaliga muayyan vaqt uchun yozilish vazifasi berilgan. Bo‘sh joy topilmagach, agent boshqa mijozning bronini bekor qilib, uning o‘rniga o‘z foydalanuvchisini yozib qo‘ygan.
Yaʼni inson «birovning bronini oʻchir» degan topshiriq bermagan. Agent berilgan maqsadga erishish yo‘lini o‘zi tanlagan.
Shu nuqtada SI agentlari bilan bog‘liq yangi savol paydo bo‘ladi: inson nomidan harakat qilayotgan tizim noqonuniy yoki zararli ish qilsa, kim javob beradi?
SI xavfsizligidagi yana bir muammo - «qora quti» tamoyili.
Zamonaviy neyron tarmoqlarda inson tizimga maʼlumot kiritadi va natija oladi, ammo model aynan nima uchun shu xulosaga kelganini har doim ham to‘liq kuzatish imkoni yo‘q.
Bu ayniqsa SIga mustaqil harakat qilish vakolati berilganda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki tizim kutilmagan yo‘lni tanlashi, cheklovni aylanib o‘tishga harakat qilishi yoki inson nazarda tutmagan qarorni qabul qilishi mumkin.
Shu sabab mutaxassislar oldida faqat SIni yanada kuchaytirish emas, uning harakatlarini qanday nazorat qilish masalasi ham turibdi.
Sunʼiy intellekt rivojlanishi bilan eng ko‘p beriladigan savollardan biri - odamlar ishsiz qoladimi?
Narzullayevning fikricha, xavf mavjud, ammo bu jarayon tarixda birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q.
Avtomatik telefon stansiyalari paydo bo‘lgach, qo‘lda abonentlarni ulab beruvchi operatorlarga ehtiyoj yo‘qolgan. Kompyuterlar ayrim kasblarni qisqartirgan. Internet esa aksincha, SMM mutaxassisi, mobilograf, kopirayter va boshqa yangi kasblarni paydo qilgan.
SI ham baʼzi vazifalarni insondan olib qo‘yadi, biroq shu bilan birga mutaxassis zimmasiga yangi vazifalar qo‘shiladi.
«Sunʼiy intellekt keldi, hamma ishimni qiladi, men dam olaman, desangiz - unaqa emas. Sizning boshingizga yana ham ko‘proq ish tushadi», deydi Narzullayev.
Shu maʼnoda xavf faqat kasbning yo‘qolishida emas, kasb ichidagi vazifalarning o‘zgarishida ham.
Suhbatda sunʼiy intellekt tibbiyotda qanday amaliy foyda berishi mumkinligi ham muhokama qilindi.
Masalan, shifokor bemor bilan suhbatini audio shaklda yozib olishi, SI esa uni matnga aylantirib, kasallik tarixi yoki tibbiy hisobot shakliga keltirishi mumkin. Bu shifokorning qog‘ozbozlikka sarflaydigan vaqtini kamaytirib, bemor bilan ko‘proq muloqot qilish imkonini beradi.
Bundan tashqari, maxsus tibbiy modellar tahlillar, rentgen yoki MRT kabi maʼlumotlarni qayta ishlashda mutaxassisga yordamchi bo‘lishi mumkin.
Ammo suhbatdoshlar tibbiyotda yakuniy nazorat insonda qolishi shartligini alohida taʼkidladi. Chunki boshqa sohada 95 foiz aniqlik yaxshi natija bo‘lishi mumkin, tibbiyotda esa qolgan 5 foiz xato inson salomatligi bilan bog‘liq.
Oʻzbekiston sunʼiy intellekt poygasiga qanchalik tayyor?
Narzullayevning fikricha, eng katta muammolardan biri - malakali kadrlar yetishmasligi.
SI yechimlarini yaratish katta hisoblash quvvati, serverlar, maʼlumotlar bazasi va moliyaviy resurs talab qiladi. Ammo infratuzilmaning o‘zi yetarli emas - uni ishlatadigan va mahalliy muammolarga mos yechim yaratadigan mutaxassislar ham kerak.
«Oʻzbekistonning eng katta muammosi - bugun bozorda sunʼiy intellekt boʻyicha mutaxassis deyarli yoʻq, sanoqli», deydi u.
Shuning uchun davlatning vazifalaridan biri mutaxassis tayyorlash, xorijda o‘qitish yoki xorijdan tajribali kadrlarni jalb qilish, shuningdek, davlat buyurtmalari orqali xususiy sektorning bu sohaga kirishini rag‘batlantirish bo‘lishi mumkin.
Sunʼiy intellektning ko‘p muhokama qilinmaydigan tomoni - uning ulkan moddiy infratuzilmaga bog‘liqligi.
Kuchli modellarni ishlatish uchun data-markazlar, yuqori unumdor chiplar, katta hajmda elektr energiyasi va serverlarni sovitish uchun resurslar talab etiladi.
Narzullayev Oʻzbekistonda ham bunday infratuzilma shakllanayotganini, ammo mavjud quvvatlar hali kamligini taʼkidladi.
Data-markazlar iqtisodiy imkoniyat yaratishi bilan birga, elektr va suv isteʼmoli, sovitish hamda ekologik taʼsir kabi yangi muammolarni ham keltirib chiqaradi.
Shu sabab SI poygasi endi faqat algoritm yoki dasturchilar o‘rtasidagi raqobat emas. Elektr energiyasi, chiplar, data-markazlar va zarur xomashyoga ega bo‘lish ham strategik ustunlikka aylanmoqda.
Suhbatda SI yordamida yaratilgan soxta foto va videolar mavzusi ham ko‘tarildi.
Bugun sunʼiy intellekt real insonning ovozi, yuz ifodasi va harakatlarini juda ishonarli tarzda taqlid qila oladi. Natijada oddiy foydalanuvchi haqiqiy video bilan sunʼiy yaratilgan videoni farqlashda qiynalishi mumkin.
Bu esa axborot isteʼmolida yangi ko‘nikmani talab qiladi: ko‘rilgan har qanday video yoki eshitilgan ovozni avtomatik ravishda haqiqat deb qabul qilmaslik.
Ayniqsa, shov-shuvli, hissiyotga taʼsir qiluvchi yoki muhim qaror qabul qilishga undaydigan kontentni boshqa manbalar orqali tekshirish zarurati oshib bormoqda.
Sunʼiy intellekt bilan ishlashdagi eng muhim qoidalardan biri - uning javobini mutlaq haqiqat sifatida qabul qilmaslik.
Narzullayev SI baʼzan mavjud bo‘lmagan manba, maqola yoki faktni ishonchli uslubda taqdim etishi mumkinligini taʼkidladi.
«Sunʼiy intellektning bitta xususiyati bor - ishonch bilan aldaydi. Juda chiroyli natija beradi. Natijasini koʻrib, “vau, zoʻr ekan”, deysiz. Aslida u yolgʻon boʻlib chiqishi mumkin», deydi u.
Shuning uchun SIdan foydalanish savodxonligi faqat unga to‘g‘ri savol berishdan iborat emas. Qaysi vazifani to‘liq unga topshirish mumkinligi, qayerda inson nazorati kerakligi va qaysi maʼlumotni, albatta, qayta tekshirish zarurligini bilish ham muhim.
Ayniqsa, tibbiyot, huquq, moliya, ilmiy tadqiqot va boshqa yuqori masʼuliyatli sohalarda yakuniy qaror insonda qolishi lozim.
Suhbat yakunida sunʼiy intellektdan foydalanmaslik odamni uning taʼsiridan himoya qilmasligi taʼkidlandi.
Odam ChatGPT yoki boshqa SI dasturini ochmasligi mumkin. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rayotgan kontentini tanlash, reklama, qidiruv tizimlari, xizmat ko‘rsatish, ssenariy va matnlar tayyorlash kabi jarayonlarda sunʼiy intellekt allaqachon uning hayotiga kirib bo‘lgan.
Shuning uchun masala SIdan butunlay qochish yoki uni ko‘r-ko‘rona qabul qilishda emas. Asosiy vazifa - uning imkoniyatlaridan foydalanish bilan birga xavflarini tushunish, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish va muhim qarorlarni inson nazoratida qoldirish.
«Bu bizga yoqadimi, yoqmaydimi, bu muhitga kirib kelib bo‘ldi. Bu jarayon davom etadi», deyildi suhbatda.

